Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Avgust, 2026   |   30 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:01
Quyosh
05:30
Peshin
12:28
Asr
17:22
Shom
19:29
Xufton
20:56
Bismillah
13 Avgust, 2026, 30 Safar, 1448
Maqolalar

Moturidiylik aqidasi soxta da’vatchilarga nima deydi?

24.11.2025   6036   12 min.
Moturidiylik aqidasi soxta da’vatchilarga nima deydi?

Islom dinida aqida eng muhim sohalardan sanaladi. U hamma narsaning asosi bo‘lib, bandaning ibodati ham, dunyoqarashi ham, turmush tarzi ham, shaxsiy va ijtimoiy munosabatlari ham shunga qarab shakl oladi.

Mo‘min-musulmon inson o‘z aqidasi, imon-e’tiqodi qanchalar mustahkam ekanini hech ham nazardan qochirmasligi kerak. Ayniqsa, fitnalar avj olgan hozirgi davrda har bir musulmon kishi o‘z aqidasining to‘g‘ri yo noto‘g‘ri ekanini aniq bilishi, kerak bo‘lganda, uni himoyalay olishi zarur. Bilimsizligi yo e’tiborsizligi oqibatida adashganlarning da’volariga ergashadigan bo‘lsa (Alloh saqlasin!), faqat oxiratda emas, bu dunyoda ham nadomat chekuvchilardan bo‘lib qoladi.

Hamma zamonlarda bo‘lganidek, bugun ham ayrim buzg‘unchi da’vatchilar mutashobih (ma’nosi yashirin, izohtalab) oyat va hadislardan misollar keltirib, ularga noto‘g‘ri yondashgan, o‘zining haqni aytuvchi ekanini da’vo qilgan holda ko‘pchilikning adashishiga sabab bo‘lmoqda. Afsuski, bilib-bilmay ularga ergashayotganlar talaygina. Bunga ko‘p sabablarni keltirish mumkin. Lekin asosiysi ilm-ma’rifatning pastligi, saviyasizlik, dalillarni chuqur anglamaslikdir. Soxta da’vatchilar ko‘pincha shundan foydalanadi. Sodda odamlar “oyat va hadisda kelgan ekan” deb, ularga ishonib ketaveradi.

Vaholanki, Alloh taolo: “Ey imon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab (tekshirib) ko‘ring!”[1] deb marhamat qilgan. Musulmon kishi o‘z aqidasida adashib qolmasligi uchun e’tiborli bo‘lishi, eng ishonchli dalillarga ularni teran anglagan holda ergashishi lozim. Ta’na qilingan, “soxta da’vatchi” yo “soxta shayx” degan nomlarga loyiq ko‘rilgan kishining gapiga ishonmasligi, boshqalarga ham ko‘r-ko‘rona ergashmay, avval tekshirib ko‘rishi va aytganlarining mohiyatiga yetib borishi kerak. Shundagina asl haqiqat nima ekanini bilish mumkin.

Hozir ayrim da’vatchilar musulmonlar birligiga rahna solish maqsadida islom ummati ming yillar davomida e’tiqod qilib kelgan moturidiylik va ash’ariylik ta’limotlari noto‘g‘ri ekanini da’vo qilib chiqmoqda. Go‘yo o‘zlarini Qur’on va sunnatga ergashgan-u, bu ikki maktab undan yiroqdek. Betamizlik shu qadar oshyaptiki, ba’zan ulardan “Moturidiylarning kitoblarida birorta oyat va hadis yo‘q” degan da’volarni eshitish mumkin. Bu – o‘ta og‘ir gap. Aslida aqidaviy kitoblarning har bir mavzusida, har bir varag‘ida aytilgan fikrlarni dalillovchi oyat va hadislar bor. Bunga iqror bo‘lish uchun o‘sha manbalarni ochib, o‘qib ko‘rish kerak, xolos. Imom Moturidiyning “Kitobut tavhid”, Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla”, Ibrohim Saffor Buxoriyning “Talxisul adilla”, Abu Barakot Nasafiyning “E’timod fil e’tiqod” – moturidiylik ta’limotiga oid har qanday asarga qaralsa, ichidagi har bir aqidaviy mavzuda ko‘plab oyat va hadislardan dalillar kelgani osongina ayon bo‘ladi.

Keling, avval moturidiylik haqida qisqacha ma’lumot keltiraylik. Ushbu ta’limot ahli sunna val jamoaning ikki yirik ustunlaridan biri hisoblanadi. Unga “Imomul huda” – “Hidoyat imomi” degan yuksak nomga sazovor bo‘lgan Abu Mansur Moturidiy asos solgan.

Imom Moturidiy yashagan davr islom olamida turli o‘zgarishlar avj olgan, ayniqsa, turli firqalar tomonidan aqidaviy buzilishlar kuchaygan paytga to‘g‘ri keladi. Shunday sharoitda u ahli sunna val jamoa e’tiqodini himoya qilib, bu yo‘lda xavorij, rofiza, karromiyya, jahmiyya, mushabbiha va boshqa botil firqalarning da’volariga raddiyalar bergan. Keyingi davrlarda esa, ushbu ta’limotni batafsil o‘rgangan va uning mohiyatini chuqur bilgan Abul Yusr Pazdaviy, Abu Muin Nasafiy, Saffor Buxoriy, Abu Hafs Nasafiy, Ali ibn Usmon O‘shiy, Nuriddin Sobuniy va Abu Barakot Nasafiy kabi olimlar uning yo‘lini davom ettirib, moturidiylik ta’limotini rivojlantirgan.

Moturidiylik ta’limotida naql (oyat va hadis) asosiy manba hisoblanadi. Har bir masalaning negizidagi dalilda oyat va hadislar yotadi. Aql esa yordamchi vosita hisoblanadi. Ma’rifat hosil qilishda naql, aql va sog‘lom sezgilar asosiy vosita ekani ta’kidlangan. Manbalarga qaraydigan bo‘lsak, adashgan toifalarga raddiya berishda ham naqldan, ham aqldan samarali foydalanilgani ko‘zga tashlanadi. Chunki noto‘g‘ri da’volar noqis aql bilan ana o‘sha asosiy naqlni to‘g‘ri tushunmaslikdan kelib chiqadi. Shu sababli moturidiy olimlar sog‘lom aql bilan, manbaga teran nazar solgan holda, eng nozik nuqtalarni e’tibordan chetda qoldirmay, xolis yondashib, masalalarga naqliy dalillar asosida aqliy dalillarni ham keltirgan. Maqsad – islomning haqiqiy mohiyatini ochib berish, sofligini saqlab qolish va odamlarning sog‘lom aqidaga ergashishini ta’minlash bo‘lgan. Shu tufayli ham ushbu ta’limot asrlar davomida barhayot turipti. Ahli sunna val jamoa musulmonlari hozirga qadar ushbu ta’limotga ergashib, sof aqidasini saqlab kelmoqda.

Bugun ba’zi toifalar moturidiylik aqidasini noto‘g‘ri deb da’vo qilmoqda. Lekin gap-so‘zlariga nazar solsangiz, ularning naqadar puch va asossiz ekanini ko‘rasiz. Quyida shunday da’volardan ayrimlarini keltirib, ularga moturidiylik ta’limotida qanday javob berilganini qisqacha bayon etamiz.

E’tibor qilish kerak bo‘lgan jihat shuki, adashgan toifalar iddao qilayotgan da’volar bugun chiqib qolgan emas. Ular aytayotgan har qaysi aqidaviy masalaning tarixiy ildizlari bor. Bu toifalar mo‘tazila, mushabbiha, mujassima, karromiyya va boshqalarni qattiq tanqid qilsa-da, o‘zlari da’vo qilayotgan narsalarining ildizlari bilan aynan o‘shalarga borib taqaladi. Masalan, hozir soxta da’vatchilar mushabbiha, mujassima va karromiyya toifalari kabi “Alloh taolo – Arshning ustida” deb da’vo qiladi. Bunga

 ﴿الرَّحْمَنُ عَلَى الْعَرْشِ اسْتَوَى

“Rahmon Arshga istivo qildi”[2] oyatini dalil qilib keltiradi. Ya’ni, oyatdagi “istivo” so‘ziga “joylashish”, “o‘rnashish” ma’nolarini berib, “Alloh Arshga o‘rnashdi” deb ta’vil qiladi va Allohga biror makonda ekanini go‘yo isbot qiladi.

Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, Alloh taolo makondan behojat Zot. Moturidiylikka oid manbalarda bu masalaga quyidagicha yondashiladi: “Oyatdagi “istivo” so‘zi muhtamal ya’ni, har xil ehtimol va ma’nolarga ega. Birinchidan, mukammallik ma’nosida ishlatiladi. Bunga Alloh taoloning Muso alayhissalom haqida

 ﴿وَلَمَّا بَلَغَ أَشُدَّهُ وَاسْتَوَى

“Qachonki u voyaga yetib, mukammal bo‘lganda”[3] degani misol bo‘ladi. Ya’ni bu o‘rinda “istivo” “kamolga yetish” ma’nosida kelgan.

Ikkinchidan, “istivo” so‘zi “qaror topish”, “joylashish” ma’nolarida keladi. Bunga Alloh taoloning Nuh alayhissalomning kemasi haqida:

 ﴿وَاسْتَوَتْ عَلَى الْجُودِيِّ﴾

“U (kema) Judiy (tog‘i)ga joylashdi”[4]degan so‘zlari dalil bo‘ladi.

Uchinchidan, “istivo” so‘zi “ega bo‘lish” ma’nosida qo‘llanadi.

Birinchi va ikkinchi ma’noni Alloh taologa nisbatan qo‘llash Uning Zotiga loyiq emas. Chunki, Alloh taolo bizning tushunchamizdagi jism emaski, Uni biror makonda desak. Ikkinchidan, O‘zi mukammal bo‘lgan Zotga “kamolga yetish”ni nisbat berish ham mutlaqo noo‘rindir.

Demak, “ega bo‘lish” ma’nosini qo‘llash to‘g‘ri bo‘ladi. Alloh taolo oyatda O‘zini madh etganiga ko‘ra, “Rahmon Arshga istivo qildi” jumlasini “Rahmon Arshning egasi bo‘ldi” deb tafsir qilish lozim. Oyatda Arsh xoslab keltirilganining sababi – u maxluqotlarning (yaratilgan narsalarning) eng kattasi bo‘lgani uchundir. Bundan Alloh taolo barcha maxluqotlarning Egasi ekani ma’lum bo‘ladi. Chunki maxluqotlardan eng kattasining egasi bo‘lish butun olamning egasi bo‘lishni taqozo etadi”.

Ko‘rinib turibdiki, moturidiylikda Alloh taoloni poklashga nihoyat darajada daqiqlik bilan yondashilgan. U Zotni maxluqot sifatlariga o‘xshash sifatlardan poklashga qattiq e’tibor berilgan. “Istivo”ning Alloh taologa eng loyiq bo‘lgan ma’nosi tanlangan. Soxta da’vatchilar da’vo qilgandek “istivo”ga “joylashish”, “qaror topish” ma’nolari berilganda edi, Alloh taologa makon nisbat berilib, U Zotni jismga o‘xshatish holati yuzaga kelib qolgan bo‘lardi. Bu esa olamlarning Rabbi bo‘lgan Zotga noloyiqdir.

Soxta da’vatchilarning da’volaridan yana biri “Alloh taolo – osmonda” deb e’tiqod qilishdir. Bunga “asos” sifatida Alloh taoloning

 ﴿مَنْ فِي السَّمَاءِ

“Osmondagi Zot”[5] degan so‘zlari va yana bir qancha mutashobih oyatlar dalil qilib keltiriladi. Qo‘shimcha tariqasida inson duo payti qo‘llarini osmonga ko‘tarishi aytiladi.

Moturidiylik manbalarida ularga quyidagicha javob beriladi: “Alloh taoloning “Osmondagi Zot” degan so‘zidan murod “Ilohligi osmonda bo‘lgan Zot” degan ma’nodadir. Uning

 ﴿وَهُوَ الَّذِي فِي السَّمَاءِ إِلَهٌ وَفِي الْأَرْضِ إِلَهٌ﴾

“U Zot osmonda ham ilohdir, yerda ham ilohdir”[6] degan so‘zlaridan murod esa osmonda ham, yerda ham ilohligining sobitligidir. Bu Alloh taoloning Zoti osmonda sobit ekanini anglatmaydi. Bu xuddi “Falonchi Buxoro va Samarqandda amirdir. Ya’ni, uning zoti emas, amirligi (o‘sha) ikkalasigadir” degandek gap. Chunki Uning Zoti osmonda ham, yerda ham bo‘lishi mumkinmas. Ammo ikkalasida ham Rabbligi va Ilohligi bo‘lishi mumkin.

Alloh taolo O‘zi yaratgan maxluqotlardan behojatdir, shu jumladan, makondan ham. U Zot Qur’oni karimda:

 ﴿إِنَّ اللَّهَ لَغَنِيٌّ عَنِ الْعَالَمِينَ

“Albatta, Alloh barcha olamlardan behojatdir”[7], degan. Arsh, yer va osmonlar – barchasi Alloh yaratgan maxluqotlar bo‘lib, olam jumlasiga kiradi. Alloh taolo esa olamlardan behojat, ya’ni ularga hojati tushmaydigan Zotdir.

Duo paytida qo‘llar va yuzlarni osmonga ko‘tarish sof ibodat bo‘ladi. Bu namozda Ka’baga yuzlanishga o‘xshaydi. Baytulloh namozning qiblasi bo‘lgani kabi osmon duoning qiblasidir”.

Demak, Alloh taolodan boshqa hamma narsa hodis (paydo bo‘lgan, yaratilgan) hisoblanadi. Zamonlar, makonlar, yaratilgan nimaiki narsa bo‘lsa, Alloh taolo ulardan behojatdir. Alloh taolo azaliy bo‘lib, U bilan birga biror narsa azalda mavjud bo‘lgan emas. Jumladan, yeru osmonlar ham, Arsh va Kursiy ham.

Yuqoridagi misollardan ko‘rinib turibdiki, moturidiylik aqidasida har bir masalaga chuqur, asosli, ilmiy nuqtayi nazardan yondashiladi, masalaning tub mohiyatini ochish uchun jiddu jahd qilinadi, asl haqiqat nimada ekaniga qattiq e’tibor beriladi, oyat va hadislarning ma’nolari har tomonlama o‘rganilib, to‘g‘ri ta’vil qilinadi. Adashgan buzg‘unchi toifalar esa oyat va hadislarning zohiriy ma’nosiga qarab hukm qilib ketaveradi. Ular matnning asl mazmun-mohiyati nima ekanini tushunmagani, chuqur tahlilga ilmiy salohiyati yetmagani tufayli o‘zining noqis aqli to‘g‘ri deb bilgan va nafsiga ma’qul kelgan narsaga mahkam yopishib oladi. Shunisi ma’lumki, asrlar davomida islom aqidasining sofligini saqlash uchun beqiyos xizmat qilgan zabardast mujtahid olimlarning etagini tutish oyat va hadislarning asl mohiyatini, shariat maqsadlarini anglab yetmagan, ilmsiz, soxta da’vatchilarga ergashishdan har tomonlama afzaldir. Shuning uchun mo‘min-musulmon inson o‘z dinini yaxshilab o‘rganishi va bunda kimdan nimalarni qay tarzda o‘rganayotganiga e’tiborli bo‘lishi lozim.

[1] Hujurot surasi, 6-oyat.

[2] Sho‘ro surasi, 11-oyat.

[3] Qasos surasi, 14-oyat.

[4] Hud surasi, 44-oyat.

[5] Mulk surasi, 16-oyat.

[6] Zuxruf surasi, 84-oyat.

[7] Ankabut surasi, 6-oyat.

Ravshan Elmurodov,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

11.08.2026   13963   10 min.
“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.

“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:

﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾

“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).

Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.

Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:

‏ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ:‏ الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.

«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).

Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.

Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.

“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:

﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾

“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).

Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.

«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).

Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.

Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.

Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.

Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.

Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.

Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).

Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.

Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:

وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.

“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.

Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.

Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:

قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ

فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.

Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).

Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.

Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar

﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾

“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.

Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.

Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.

Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.

Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA