Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, ustoz Zayniddin domla Eshonqulov xizmat safari bilan Polsha Respublikasida bo‘lib turibdi.
Kecha, 24 noyabr kuni shom namozini ado etish maqsadida Polsha Respublikasi poytaxti Varshavadagi “Markaziy” masjidga tashrif buyurildi. Zayniddin domla Eshonqulov shom namoziga imomlikka o‘tib, namozdan so‘ng, namozxonlar va vatandoshlarimiz bilan samimiy suhbat o‘tkazildi.
Shuningdek, tashrif davomida Polsha muftiysi Tomash Mitskevich bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilinib, muftiy janoblari Imom Buxoriy majmuasi ochilishi va Islom sivilizatsiyasi markaziga taklif etildi. Tomash Mitskevich mazkur taklifdan katta mamnuniyat izhor qilib, albatta O‘zbekistonga borish niyati borligini bildirdi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlikda ish olib borishga tayyorligini ta’kidladi.
Xufton namozi Varshavadagi “Fotih” masjidida ado etildi. Namozdan keyin vatandoshlarimiz bilan uchrashuv o‘tkazilib, safar odoblari, yurtdan uzoqda bo‘lganda ham oila va yaqinlar bilan aloqani uzmaslik, silai rahimni unutmaslik kabi muhim masalalar haqida ma’ruza qilindi. Tashrif davomida yurtdoshlarimizning savollariga javob berildi va duoi-xayrlar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun O‘zbekiston–Ozarbayjon sammitining ikkinchi kuni tadbirlarida ishtirok etish uchun Buxoro shahriga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tashrif xayrli amaldan – Bahouddin Naqshband maqbarasi ziyoratidan boshlandi. Qur’on oyatlari tilovat qilinib, xalqimizga tinchlik-farovonlik tilab, duo o‘qildi.
Majmua islom olamining ulug‘ qadamjolaridan biri hisoblanadi. Mazkur ziyoratgoh Naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan joyda barpo etilgan bo‘lib, bugungi kunda maqbara, xonaqoh, masjidlar, daxma va so‘fiylik tarixi muzeyini o‘z ichiga oladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati