Shu yilning 24–28 noyabr kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi delegatsiya Iordaniya Hoshimiylar Podshohligida diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha xizmat safarida bo‘ladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Iordaniya bosh muftiysi va Fatvo markazi rahbari Ahmad Hasanot hazratlari, Vaqf, islom ishlari va muqaddas qadamjolar vaziri Muhammad Xaloyala janoblari, Podshoh Abdulloh II nomidagi Imomlar tayyorlash va malakasini oshirish instituti rahbari doktor Abdusattor Qudo, Iordaniya xalqaro islom ilmlari universiteti rahbariyati va bir qator sohaga daxldor mutasaddilar bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Safar davomida quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:
- memorandumlar va qo‘shma dasturlarda belgilangan vazifalarni amaliyotga joriy etish;
- Iordaniya Fatvo markazi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va shar’iy masalalarga javoblar tayyorlash yuzasidan muloqotlar qilish;
- Podshoh Abdulloh II nomidagi Imomlar tayyorlash va malakasini oshirish markazi va shu kabi kasb-mahoratni oshirish kurslarida diniy soha xodimlari sonini oshirish;
- iordaniyalik olimlar asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish;
- ilmiy markazlar, ta’lim muassasalari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ustoz va talabalar almashinuvini muhokama qilish;
- Iordaniyaning vaqf mulkchiligi, masjidlarni boshqarish, qadamjolarni saqlash tajribasini o‘rganish va o‘zaro ziyorat turizmini rivojlantirish;
- boshqa sohaga daxldor mutasaddi idoralar bilan hamkorlik masalalarini yo‘lga qo‘yish.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqillik shodiyonalariga sanoqli kunlar qoldi. Ayyom arafasida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj bemorlar, keksalar holidan xabar olinib, ularga bayram tuhfalari yetkazib berilyapti.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida imom-domlalar, homiylar poytaxtimizning Olmazor tumanidagi "Islomobod" masjidida yig‘ilib, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olishdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent shahar filiali hamda homiylar ko‘magida tayyorlangan oziq-ovqatlar jamlanmasi, shirinliklardan iborat ehsonlar bilan xonadonlarga kirib borildi.
Ko‘ngli o‘ksik insonlar bayram tuhfalarini olib, aziz yurtimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda emasligiga yana bir karra amin bo‘lishdi.
Alloh taolo ehsonlarni qabul qilsin. Savoblarini ko‘paytirib bersin!
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati