Islom mutaassiblikka mutlaqo aloqasi bo‘lmagan dindir. U o‘ziga e’tiqod qiluvchilarni torlikka chaqirmaydi. Islom manbalari – Qur’on va sunnatda mutaassiblikka undovchi biror narsa yo‘q. Aksincha, kishilarni islomga undash Qur’oni karim ko‘rsatib berganidek, hikmat, go‘zal mav’iza va chiroyli bahs ila amalga oshiriladi. Bu esa mutaassiblik, biror masalani tor olishga butkul teskari bo‘lgan uslubdir.
Payg‘ambar alayhissalomdan rivoyat qilingan hadislarning birida: "Osonlashtiring – qiyinlashtirmang, xushxabar bering nafratlantirmang", - deya marhamat qilinadi. Ushbu chaqiriq mutaassiblikni inkor etadi. Zero, mutaassiblikdan nafrat, bag‘rikenglikdan esa xushxabar yuzaga keladi. Demak, islom mutaassiblikni inkor etar ekan, u terrorni, tinch aholi orasida vahima keltirib chiqarishni va begunoh insonlarning qonini to‘kishni ham qoralaydi. Islomning nazdida bir odamning joniga qasd qilish butun insoniyatning joniga qasd qilish bilan barobardir.
Qur’oni karimda bu haqda: "Kimki biron jonni o‘ldirmagan va yerda buzg‘unchilik qilib yurmagan odamni o‘ldirsa, demak, go‘yo barcha odamlarni o‘ldiribdi", - deyiladi. (Moida surasi, 32-oyat) Shunday ekan, islomni mutaassiblik bilan bog‘lash yanglishishdir. Din nomidan qo‘poruvchiliklar qilishning muqaddas islom ta’limotiga mutlaqo aloqasi yo‘q.
Abduvahob Yaqubboyev,
Namangan tumani "Mirzaboy Xolto‘raboy" masjidi imom-xatibi
@SOFTALIMOTLAR
1. “Bismillah” ni aytish.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Qachonki kishi uyiga kirsa, kirishida ham, taomi ustida ham Allohni zikr qilsa, shayton (sheriklariga): «Sizlarga o‘rin ham yo‘q, ovqat ham yo‘q», deydi. Agar kirganida Allohni zikr qilmasa, shayton: «Joylaringizni topdingiz», deydi. Taomi ustida ham Allohni zikr qilmasa, shayton: «Joyingizni ham, taomingizni ham topdingiz», deydi» (Imom Buxoriy rivoyati).
2. Kirish duosini aytish:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Kishi uyiga kirganda:
“Allohumma, inniy asaluka xoyrol mavlaji va xoyrol maxroji. Bismillahi valajnaa va bismillahi xorojnaa va ’ala Allohi Robbinaa tavakkalnaa”
“Allohim, Sendan yaxshi kirish va yaxshi chiqishni so‘rayman. Allohning nomi bilan kirdik, Allohning nomi bilan chiqdik. Robbimiz Allohga tavakkal qildik”, desin va ahliga salom bersin» (Imom Abu Dovud rivoyati).
3. Uydagilarga salom berish.
Alloh taolo bunday buyuradi: “Bas, qachonki, uylarga kirsangiz, bir-birlaringizga Alloh huzuridan bo‘lgan muborak, pokiza salomni aytingiz (ya’ni “Assalomu alaykum” deng!)” (Nur surasi, 61-oyat).
4. Og‘izni misvok bilan tozalash.
Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam uyga kirganlarida birinchi bo‘lib misvok ishlatardilar” (Imom Muslim rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD