Islom mutaassiblikka mutlaqo aloqasi bo‘lmagan dindir. U o‘ziga e’tiqod qiluvchilarni torlikka chaqirmaydi. Islom manbalari – Qur’on va sunnatda mutaassiblikka undovchi biror narsa yo‘q. Aksincha, kishilarni islomga undash Qur’oni karim ko‘rsatib berganidek, hikmat, go‘zal mav’iza va chiroyli bahs ila amalga oshiriladi. Bu esa mutaassiblik, biror masalani tor olishga butkul teskari bo‘lgan uslubdir.
Payg‘ambar alayhissalomdan rivoyat qilingan hadislarning birida: "Osonlashtiring – qiyinlashtirmang, xushxabar bering nafratlantirmang", - deya marhamat qilinadi. Ushbu chaqiriq mutaassiblikni inkor etadi. Zero, mutaassiblikdan nafrat, bag‘rikenglikdan esa xushxabar yuzaga keladi. Demak, islom mutaassiblikni inkor etar ekan, u terrorni, tinch aholi orasida vahima keltirib chiqarishni va begunoh insonlarning qonini to‘kishni ham qoralaydi. Islomning nazdida bir odamning joniga qasd qilish butun insoniyatning joniga qasd qilish bilan barobardir.
Qur’oni karimda bu haqda: "Kimki biron jonni o‘ldirmagan va yerda buzg‘unchilik qilib yurmagan odamni o‘ldirsa, demak, go‘yo barcha odamlarni o‘ldiribdi", - deyiladi. (Moida surasi, 32-oyat) Shunday ekan, islomni mutaassiblik bilan bog‘lash yanglishishdir. Din nomidan qo‘poruvchiliklar qilishning muqaddas islom ta’limotiga mutlaqo aloqasi yo‘q.
Abduvahob Yaqubboyev,
Namangan tumani "Mirzaboy Xolto‘raboy" masjidi imom-xatibi
@SOFTALIMOTLAR
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi o‘rinbosari Oybek domla Jo‘lovshiyevning padari buzrukvori Aristangali otaning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Oybek domlaga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz