Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Oktabr, 2026   |   19 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:32
Quyosh
06:52
Peshin
12:12
Asr
15:39
Shom
17:24
Xufton
18:38
Bismillah
30 Oktabr, 2026, 19 Jumadul avval, 1448

Duo ibodatdir

28.11.2025   7807   1 min.
Duo ibodatdir

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Duoda insonning Alloh nazdidagi qulligi butun mohiyati va haqiqati bilan namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham aynan duo paytida qul Parvardigorining cheksiz saxovatidan umid qilgan holda o‘zining ojizligini, zaifligini va Allohning marhamatiga muhtoj ekanini qalban izhor etadi. Axir haqiqiy bandalik – bu har qanday xayrli ishlarni bajarishga va gunohlarni tark etishga kuch-quvvat faqat Allohdan kelishiga va barcha yaxshilik va meribonliklarning manbai Uning o‘zi ekaniga iqror bo‘lish emasmi?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Duo – ibodatning mag‘zidir” (Anas ibn Molik roziyallohu anhudan imom Termiziy rivoyati).

Boshqa rivoyatga ko‘ra: “Duo – ibodatdir” (No‘mon ibn Bashirdan imom Abu Dovud va imom Termiziy rivoyati).

Ya’ni hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam duoni barcha narsaning asosi sifatida ko‘rsatdilar. Modomiki, ibodatning ruhi bandaning o‘zini xoru faqir bilib, kamtar tutishligi deydigan bo‘lsak,  bu narsa esa aynan duo vaqtida ko‘proq namoyon bo‘lib, kamoliga yetadi.

"Axloqus solihiyn" (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom-xatiblar Markazda ajdodlar merosi va tarixiy taraqqiyot bilan tanishdi

26.10.2026   44050   2 min.
Imom-xatiblar Markazda ajdodlar merosi va tarixiy taraqqiyot bilan tanishdi

Samarqand viloyatidan 40 dan ortiq imom-xatib O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, uning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, tarixiy ekspozitsiyalari va ajdodlarimizdan qolgan boy merosni o‘rganish imkoniyatlari bilan tanishdi, xabar bermoqda iccu.uz.

«Uchinchi Renessans chorrahasi» mavzusi doirasida tashkil etilgan tashrif davomida mehmonlarga islom sivilizatsiyasining shakllanishi va taraqqiyoti, turli davrlarda ilm-fan, ta’lim, ma’rifat va madaniyat sohalarida erishilgan yutuqlar haqida ma’lumot berildi. Ekspozitsiyalar orqali ular tarixiy jarayonlar, noyob manbalar va buyuk allomalarning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi bilan yaqindan tanishdi.

Bulung‘ur tumanidagi Isori O‘rokli jome masjidi noib imomi Ilhomjon Mardiyev Markazda ko‘rganlari unda katta taassurot qoldirganini ta’kidladi. Uning aytishicha, ekspozitsiyalar nafaqat ajdodlar merosini, balki mamlakatimizdagi bugungi o‘zgarishlarni ham chuqurroq anglash imkonini berdi.

«Bu yerga avvalroq kelmaganimga afsuslandim. Taassurotlarim juda katta. Ibtidoiy jamoa tuzumidan bugungi kungacha bo‘lgan tarixiy jarayonlar bilan tanishib, ko‘plab yangi ma’lumotlarga ega bo‘ldim, desam xato bo‘lmaydi. Bobolarimiz tarixi, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, ayniqsa, bugungi o‘zgarishlar haqidagi ekspozitsiyalar meni juda ta’sirlantirdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ishlarga alohida havas bilan qaradim.

Markazni ko‘rib, jamoatimizni ham bu yerga olib kelish niyati tug‘ildi. Xudo xohlasa, yaqin kunlarda masjidimiz jamoasi bilan kelib, ekspozitsiyalarni yana bir bor ko‘rishni rejalashtiryapman. Bu — qayta-qayta kelishga arziydigan majmua. Barchaga bu yerga tashrif buyurishni tavsiya qilaman.

Bugun mamlakatimizdagi taraqqiyot biz kutganimizdan ham jadal kechayotganini ko‘rish mumkin. Bu ishlarga hissa qo‘shayotgan barchaga, xususan, davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiraman», — dedi Ilhomjon Mardiyev.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tarixiy merosni keng jamoatchilikka yetkazish, ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy yutuqlarini o‘rganish va ularni bugungi avlod bilan bog‘lashga xizmat qilmoqda. Samarqandlik imom-xatibning o‘z jamoatini ham Markazga olib kelish niyati esa bunday tashriflarning ma’rifiy ahamiyatini yana bir bor ko‘rsatadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari