Bismillahir Rohmanir Rohiym
Duoda insonning Alloh nazdidagi qulligi butun mohiyati va haqiqati bilan namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham aynan duo paytida qul Parvardigorining cheksiz saxovatidan umid qilgan holda o‘zining ojizligini, zaifligini va Allohning marhamatiga muhtoj ekanini qalban izhor etadi. Axir haqiqiy bandalik – bu har qanday xayrli ishlarni bajarishga va gunohlarni tark etishga kuch-quvvat faqat Allohdan kelishiga va barcha yaxshilik va meribonliklarning manbai Uning o‘zi ekaniga iqror bo‘lish emasmi?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Duo – ibodatning mag‘zidir” (Anas ibn Molik roziyallohu anhudan imom Termiziy rivoyati).
Boshqa rivoyatga ko‘ra: “Duo – ibodatdir” (No‘mon ibn Bashirdan imom Abu Dovud va imom Termiziy rivoyati).
Ya’ni hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam duoni barcha narsaning asosi sifatida ko‘rsatdilar. Modomiki, ibodatning ruhi bandaning o‘zini xoru faqir bilib, kamtar tutishligi deydigan bo‘lsak, bu narsa esa aynan duo vaqtida ko‘proq namoyon bo‘lib, kamoliga yetadi.
"Axloqus solihiyn" (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
Afg‘onistonning nufuzli “ToloNews” axborot resursida Burhoniddin Marg‘inoniyning boy ilmiy merosiga bag‘ishlangan ikkinchi ilmiy konferensiya haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Kobul shahrida o‘tkazilgan “Imom Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy merosi va uning zamonaviy islomshunoslikdagi o‘rni” mavzusidagi anjumanda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona va ilmiy-ma’rifiy aloqalar muhokama markazida bo‘ldi.
Afg‘oniston Bosh vaziri mulla Muhammad Hasan Ohundning ishtirokchilarga yo‘llagan murojaatida Afg‘oniston va O‘zbekiston ulamolari o‘rtasidagi aloqalar chuqur tarixiy ildizlarga ega ekani qayd etilib, o‘zaro hurmat asosida bu munosabatlarni yanada rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.
Konferensiyada so‘zga chiqqan Afg‘oniston Fanlar akademiyasi rahbariyati hamda Din ishlari va haj vaziri Nur Muhammad Sokib Imom Marg‘inoniyning ilmiy asarlarini islom olami va O‘zbekistonda yanada chuqur o‘rganish muhimligini yuqori baholadilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov o‘z nutqida ikki xalqning diniy va madaniy an’analari mushtarakligiga to‘xtalib, so‘nggi yillarda oliy darajadagi siyosiy iroda tufayli aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.
“Prezidentimizning Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi tashabbuslari, Balx viloyatida Imom Buxoriy madrasasining qurilishi, ikki mamlakat chegarasida “Termez” xalqaro savdo markazining tashkil etilgani va ko‘rsatilayotgan doimiy gumanitar yordam chinakam qo‘shnichilik va birodarlik namunasidir”, — dedi Homidjon Ishmatbekov.
Imom Burhoniddin Marg‘inoniyning merosiga bag‘ishlangan ilk ilmiy-tadqiqot konferensiyasi joriy yilning 14 mart kuni Toshkent shahrida ham o‘tkazilgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati