Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Sentabr, 2026   |   13 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:53
Quyosh
06:12
Peshin
12:15
Asr
16:30
Shom
18:21
Xufton
19:36
Bismillah
24 Sentabr, 2026, 13 Rabi`us soni, 1448

Ayollar ilm olmasligi kerakmi?

28.11.2025   9096   7 min.
Ayollar ilm olmasligi kerakmi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bugungi kunda ba’zi davralarda “ayollar o‘qimasin”, “o‘qisa erkakka ko‘rinadi” yoki “o‘qish faqat erkaklarga kerak” degan fikrlar tarqalmoqda. Bu gaplar avvalo din nomi bilan aytilgani uchun odamlar orasida shubha uyg‘otadi. Ammo haqiqiy islom ta’limotiga qaraydigan bo‘lsak, bunday da’volarning na Qur’on, na Sunnat, na ilmda asosi bor.

Ayollar ta’limi jamiyat taraqqiyotining muhim poydevorlaridandir. Ayol o‘qimishli bo‘lsa, nafaqat o‘z hayotini yaxshilaydi, balki oilasi va farzandlarining kelajagini ham yuksaltiradi.

Bilimli ayol – ongli avlodning onasi, mehribon ustoz va jamiyatning faol a’zosidir. Bugun yurtimizdagi ta’lim olgan ayollar tibbiyot, ilm-fan, iqtisod, san’at va boshqa sohalarda yuksak natijalarga erishib, mamlakat ravnaqiga hissa qo‘shib kelayotgani bu fikrga yorqin dalil bo‘ladi.

Ayollar uchun ta’lim olish huquqi – insoniy (gender) tenglik va adolat ifodasidir.

Haq taolo ilmli insonlarni ulug‘lab, bunday marhamat qiladi: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur” (Mujodala surasi, 11-oyat).

“Ilm ato etilgan zotlar” deganda faqat erkaklar nazarda tutilmagan. Baland daraja-martabalar bandalarning hammasiga va’da qilinmoqda. Umuman olganda, Qur’oni karimda ayollarga ilmni man etuvchi biror oyat mavjud emas. Demak, ilm – har bir musulmon uchun ochiq yo‘l.

Islom dini ilm olishni erkak yo ayol ekanidan qat’i nazar har bir musulmon uchun farz qilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Ilm olish har bir musulmon uchun farzdir”, deganlar (Tabaroniy va Bayhaqiy rivoyat qilgan).

Bu hadisdagi “har bir musulmon” so‘zlari yuqoridagi oyatdagi kabi umumiy ma’noga ega. Sahobalar davrida ham ayollar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan alohida vaqt ajratishlarini so‘rab, ilm o‘rgangan. Rasuli akram bunga biror yo‘sinda qarshilik ko‘rsatganlarini bilmaymiz. Bu esa ilm ayol uchun ham farz ekanidan dalolatdir.

Ayolning ilmi – uning o‘ziga ham, oilasiga ham, jamiyatga ham foyda keltiradi. Bilimli ona farzandini to‘g‘ri tarbiyalaydi, ilmli ayol jamiyatni nur bilan yoritadi.

Shuning uchun musulmon jamiyatda qiz bolalarning o‘qishini, diniy va dunyoviy ilmlarni egallashini qo‘llab-quvvatlash kerak. Zero, ilm nuri bo‘lgan joyda zulmat bo‘lmaydi, jaholatga o‘rin qolmaydi.

Islom tarixida ilm bilan mashhur bo‘lgan ko‘plab ayollar bor. Masalan, Payg‘ambarimiz alayhissalomning rafiqalari orasida Oisha roziyallohu anho hadis va fiqh ilmlarida eng bilimdonlardan edi. U zotdan minglab hadislar rivoyat qilingan, sahobalar unga ilmiy masalalarda murojaat qilgan.

Islomning ilk asrlaridanoq ayollar ilm va madaniyat sohasida yetakchi bo‘lgan:

– Oisha binti Abu Bakr – fiqh, hadis va tib sohalarida mashhur olimalardan. 2000dan ziyod hadis rivoyat qilgan.

– Shifo binti Abdulloh – yozuv va savdo ishlarini o‘rgatgan muallima.

– Fotima Fixriyya – Marokashdagi Qaroviyyun universitetiga asos solgan. Bu muassasa YUNЕSKO tomonidan dunyodagi ilk universitet sifatida tan olingan.

Bu tarixiy misollar shariat ayollarni ilmdan tiymaganini, aksincha, ularni ilmga yetaklaganini isbotlaydi.

Islomda tib ilmlari – salomatlikni muhofaza qilish orqali hayotni saqlash vositasi!

Ba’zilarning fikriga ko‘ra esa, “muslima ayollarning tib sohasida ta’lim olishi, ishlashi mumkin emas” emish. Dinimiz bu borada nima deydi? Tib – inson salomatligini saqlash, hayotini asrash ilmi. Alloh taolo bunday deydi: “Unga (insonga) hayot baxsh etgan (o‘limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir” (Moida surasi, 32-oyat).

Demak, tibbiy ta’lim ham hayotni asrashga xizmat qilgani uchun ibodatga teng savobli amal bo‘ladi. Ayolning bu sohada bilim olishi – uning uchun faqat joiz emas, balki zarurat darajasidagi burchdir.

Yuqoridagi ters da’volarga duch kelganda, har qanday hurfikr kishi xayolida o‘z-o‘zidan “ayol bemorlarni kim davolaydi” degan savol tug‘iladi. Ayollar tibbiy ta’lim olmasa, tug‘ruqxonada, ginekologiya shifoxonalarida kimlar ishlaydi? Faqat erkaklarmi? U holda o‘zini hurmat qilgan qaysi bir erkak onasini, amma-xolasini, opa-singlisini, ayolini, qizini ularning qo‘liga topshirib qo‘ya oladi ekan?!

Bunday holatlarda ayollarning hayoti, nomusi, salomatligi aynan ayol tabiblar orqali himoya qilinadi. Shuning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrida ham sahobiya ayollardan Rufayda Aslamiya, Nusayba binti Ka’b tabiblik bilan shug‘ullangan.

Demak, ayolning tibbiy bilim olishi – ummat ehtiyoji va shariat buyrug‘iga mos amal.

Islomiy tadqiqotlar va fatvo doimiy qo‘mita fatvolaridan birida bunday deyilgan: “Tibbiyot ilmlarini o‘rganish barcha musulmonlar – erkaklar va ayollar uchun jamoaviy burchdir, chunki jamiyat o‘z a’zolarini davolashda, ayniqsa, ayollar va bolalar bilan bog‘liq masalalarda ularga o‘ta muhtoj bo‘ladi. Musulmon jamoasi ayol shifokorlarga juda muhtoj. Agar ayolning ta’lim olish va vazifalarini bajarish niyati samimiy bo‘lsa, u katta ajr-mukofot oladi. Shuning uchun u Allohdan faqat yaxshilik so‘rasin, niyati pok bo‘lsin va Allohning marhamati ila tibbiyotni o‘rganish bilan shug‘ullansin”.

Islomning birinchi buyrug‘i “O‘qing!” bo‘lgan. Ilk vahiy ilm talabidan boshlangan. Bu oyatdagi ilohiy xitob faqat erkaklarga emas, butun bashariyatga qaratilgan.

Shuning uchun ayolga ilmni man etish – islomning dastlabki asosiy buyrug‘ini inkor qilish bilan barobar. Bugun biz “ayol o‘qimasin” desak, “Qur’oni karimdagi ilk amrga amal qilmasin” degan bo‘lamiz – bu esa juda katta xato. Agar ayolning ilm olishida iffat saqlansa, uni man etish uchun hech qanday asos yo‘q.

Qaltis da’volarni aytayotganlar bunday deb o‘ylab ko‘rsin: “Ayol o‘qimasa, bolalarga kim ilm o‘rgatadi? Ilmli farzand tarbiyalay oladimi?” Haq taolo ayolga ham erkakka bergani kabi aql, qalb va salohiyat ato etgan. Unga “o‘qi, o‘rgan, amal qil” degan imkoniyat bergan. Shunday ekan, “o‘qimasin” degan gap Allohning ne’matini cheklashdir. Bu faqat dinga emas, insoniylikka ham zid.

Ilm olish ayolning o‘z haqqidir, bu xususda ayrimlarning “urfi” yo ta’qiqlari – chikora. Qur’on, sunnat va tarix bizning oldimizga aniq haqiqatni qo‘yadi: ilm talab qilish – har bir musulmonning burchi. Bunda jinsning ahamiyati yo‘q. Ayolni ilmdan tiyish – uning haqqini poymol qilish, jamiyatni ma’rifat tizginidan uzish, dinni noto‘g‘ri talqin qilishdir.

Bahodir MIRZAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

 

Boshqa maqolalar
Maqolalar

ULAR ASALARI MISOLIDIR

24.09.2026   2603   2 min.
ULAR ASALARI MISOLIDIR

Yurtimizda ustoz va murabbiylarga ehtirom ko‘rsatish, ularni e’zozlash, ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvatlash borasida xayrli ishlar qilinmoqda. Xususan, har yili 1 oktyabr kunini “Ustoz va murabbiylar kuni” sifatida nishonlanadi. Zero, jamiyatning ko‘p qismini tashkil qiluvchi yoshlarimizga ta’lim-tarbiya berib kelayotgan ustoz-murabbiylarni har doim hurmatlashimiz zimmamizdagi burchlardan.

Insoniyat uchun foydali bo‘lgan har qanday ilm Islomda ardoqlanadi. Imomi A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan shunday deganlari rivoyat qilinadi: “Ustozim Hammodning hurmatlari uchun u zotning uylari tomonga oyog‘imni uzatmaganman. Holbuki, u zotning uylari bilan mening uyim orasida yettita ko‘cha bor edi. Hammodning vafotlaridan so‘ng qachon namoz o‘qisam, har safar albatta ota-onamga qo‘shib, u zotga ham Allohdan mag‘firat so‘raganman. Nafaqat u zot, balki kimdan nimadir o‘rgangan bo‘lsam yoki kimdir menga nimadir o‘rgatgan bo‘lsa, albatta o‘sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag‘firat so‘rayman”.

Bir kishi Rumiyning oldiga ta’ma bilan kelib: "Shahrimizda Shams Tabriziyni ko‘rdim", dedi. Mavlono ustozi haqidagi xabardan suyunib, egnidagi xirqasini haligi kishining yelkasiga yopdi. Buni ko‘rganlar xabar beruvchining yolg‘onchi ekaniga shahodat berishdi. Mavlono ularga dedi: "Men xirqamni uning yolg‘oniga berdim. Agar xabari chin bo‘lsa, jonimni berardim".

Bir ustoz bunday hikoya qiladi: Magistratura talabalaridan biri ma’ruza oxirida menga: «Doktor, darsdagi ma’ruzangizni eshitgan paytimizda uni tushunamiz va keyingi darsingizni intizorlik bilan kutamiz. Lekin uyga qaytib, darsliklarni o‘qisak, siz ma’ruza qilgan paytdagidek ruhiyatni topmaymiz» dedi. Men unga: «Asalari asalni nimadan oladi?» dedim. U: «Gullar shirasidan», dedi. Men: «Agar sen o‘sha gullarning birortasidan yesang, ta’mi qanday bo‘ladi?» dedim. U: «Achchiq bo‘ladi», dedi. Shunda men dedim: «Ustozning vazifasi ham shunga o‘xshaydi. Ustozlar “achchiq gullar”dan shirin va foydali “asal” chiqarib, talabalari oldiga qo‘yishadi», dedim.

Darhaqiqat, ustoz va murabbiylarning maqomlari ana shunday ulug‘ sanaladi. Ular ummatga, millatga asalari misoli xizmat qiladi. Shunday ekan, ularni haqqi ila ehtirom qilishda Parvardigori olam barchamizni sobit qilsin.

Barcha ustozlarga yaqilashib kelayotgan kasb bayramlari muborak bo‘lsin!

 

Xo‘jaobod tumanidagi “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi Muhammad Quddus ABDULMANNON tayyorladi.

Maqolalar