“Abu Ali G‘assoniy aytadi: Abu Fath Nasr ibn Hasan Sakatiy Samarqandiy hijriy 464 (milodiy 1072) yili bizning huzurimizga keldi. Bir necha yillardan beri Samarqandda qurg‘oqchilik hukm surardi. Odamlar qayta-qayta istisqo qilib, Allohga duo-iltijo etsalar ham, yomg‘ir yog‘mayotgandi. Shunda taqvodorligi bilan tanilgan bir solih kishi Samarqand qozisining oldiga borib:
– Menda bir taklif bor, – dedi.
– Qanday fikr ekan? – so‘radi qozi.
– Siz boshchiligingizda Imom Muhammad Ismoil Buxoriyning qabri yoniga jamoat bilan borib, u zotni vasila qilgan holda Allohga iltijo qilsak. Shoyad, Alloh bizga yomg‘ir yog‘dirsa", dedi.
Qoziga bu taklif ma’qul bo‘lib, odamlar to‘planib, qabr sohibi Imom Buxoriyni o‘rtaga qo‘yib Allohga yig‘lab iltijo qilishdi. Va nihoyat, Alloh taolo ularga yomg‘irni yubordi. Bir hafta davomida tinimsiz yomg‘ir yog‘di. Odamlar yomg‘ir tinishini kutib bir hafta Xartangda qolib ketishdi”.
Imom Zahabiyning
“Siyari a’lom an-nubala” asaridan
Savol: Azon duosini har kim o‘zi qiladimi yoki imom yo muazzin o‘qisa, boshqalar omin deb turadimi? Chunki bu holat turli joylarda turlicha ekan.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Azonga javob berish, duolarini qilish shariatimizda joriy etilgan va har bir shaxs aytishi kerak bo‘lgan zikr hisoblanadi. Hojatxonaga kirish va chiqishdagi, tonggi va kechki duolar ham shu turkumdagi zikrga kiradi. Ya’ni har bir shaxs alohida qilishi afzal sanaladi. Shu bois ham ayrim fuqaholar azon tugagach, uning duosini muazzin ham, eshituvchi ham o‘qiydi, deganlar. Shuni unutmaslik lozimki, bu ishning asosi farz yoki sunnat amalga emas, balki afzallikka borib taqaladi.
Agar qavmdan ko‘pchilik azon duosini bilmasa, imom yoki muazzin bir muddat ta’lim uchun baland ovozda o‘qib turishida gunoh yo‘q, lekin doimiy ravishda baland ovozda bir kishi o‘qib berishni odat qilib olmaslik tavsiya qilinadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Azon duosi: Allohumma, Robba hazihid da’vatit taammati vas-solatil qoimati ati Muhammadanil vasilata val fazilata vab’as'hu maqomam mahmudan allaziy va’adtah