Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning masjidlarida e’tikofda o‘tirardilar. Ko‘zlari bir g‘amga botgan kishiga tushdi.
Uning oldiga borib: "Nega mahzun ko‘rinasiz?" deb so‘radilar.
U: "Qarzlarim ko‘payib ketdi, qaytarishga mablag‘im yo‘q, shuni o‘ylab g‘amga botdim", dedi.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: "Men qarz bergan odam bilan senga muhlat berishini so‘rab gaplashib ko‘raymi?" dedilar.
Haligi kishi boshini qimirlatib, rozilik bildirdi. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu darhol o‘rinlaridan turib, tashqariga chiqdilar.
Odamlar: "Ey, ibn Abbos e’tikof o‘tirganingiz yodingizdan chiqdimi?" dedilar.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: "Yo‘q aslo unutmadim. Lekin Allohga qasamki bir birodarimning hojatini oson qilish, uning qalbiga xursandchilik kiritish yo‘lida sa’y-harakat qilishim men uchun bir oylik nafl ro‘za va masjidda e’tikof o‘tirishdan afzaldir", dedidar.
Agar siz kimningdir yuzidagi mahzunlikni tabassumga aylantira olsangiz…
Agar siz kimningdir og‘ir kunida yelkadosh bo‘lib, og‘rig‘ini yarmini o‘zingizga olsangiz…
Bilingki, bu amallar sizni Allohning roziligiga olib boradi.
Zero, Allohning roziligi - siz quvonch bag‘ishlagan qalblardadir.
Unutmangki, qalb Allohning nazargohidir. Uni sindirishdan yoki unga jarohat yetkazishdan ehtiyot bo‘ling!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Odamlarning eng yaxshisi insonlarga foydasi tegadigan kishidir", deganlar.
Davron NURMUHAMMAD