Hech kim shubha qilmaydigan bir haqiqat bor. U ham bo‘lsa shuki, Imom Abu Hanifa rahimahulloh tobeinlardandir. Chunki u sahobalardan ba’zilarini ko‘rgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eng yaxshi deb sifatlagan dastlabki uch asrning ilk davrida yashab o‘tgan. Aksar ulamolar ta’kidlaganidek, Imom Abu Hanifa rahimahulloh hadis roviylari, peshvolari va hofizlaridan biridir. Lekin u mashhur muhaddislar singari ko‘p hadis rivoyat qilmagan. Chunki hadislarni fiqhiy jihatdan o‘rganish, ulardan hukm chiqarish va fatvo berish bilan mashg‘ul bo‘lgan.
Yana bir haqiqat shuki, Imom Abu Hanifa rahimahulloh Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislari va ularni rivoyat qilish borasida keng va chuqur bilimga ega bo‘lgan. Aks holda, Alloh taoloning dini masalasida odamlarga qanday qilib fatvo berishi, fiqh bobida imomlik – peshvolik bilan sifatlanishi mumkin edi?!
Ammo bir nohaqlik borki, soxta salafiylar dunyo musulmonlarining aksariyati o‘ziga imom deb biladigan, uning aqidaviy va fiqhiy mazhabi asosida toat-ibodat qiladigan ana shu buyuk Imomni obro‘sizlantirish kampaniyasini to‘xtatmayapti. U yashab o‘tgan davrdan bugungi kunga qadar uning sha’niga aytilgan e’tiroflar va berilgan yuksak baholarni ko‘rib, ko‘rmaganga, eshitib, eshitmaganga olayapti. Bunday kimsalar hanafiylar Imom Abu Hanifaning aqidaviy va fiqhiy mazhabidan voz kechib, ularning buzuq aqidasini qabul qilmaguncha va sanadi kesik mazhabiga o‘tmaguncha ularni hech qachon to‘g‘ri yo‘ldagi musulmon sifatida ko‘rishni istamaydi.
Imom Abu Hanifa hadis bilmagan, shuning uchun undan kam sonli hadis rivoyat qilingan, deb tanqid qilayotgan kimsalar o‘qib, insofga kelsa, ajab emas, degan umidda quyida bir qancha olimlarning Imom Abu Hanifa rahimahulloh haqidagi fikrlarini taqdim qilamiz. Bu kimsalar shundan keyin ham uni obro‘sizlantirishga urinishdan to‘xtamaydigan bo‘lsa, demak, ular ko‘zida kamchiligi borligi tufayli musaffo kunda ham quyoshni xira ko‘radigan, ta’m bilishida nuqsoni bo‘lgani uchun asalni ham taxir his qiladigan odamlar bo‘lib chiqadi.
1. Abu Hanifa rahimahullohning shayxlaridan biri bo‘lmish Mis’ar ibn Kidom (vaf. 152/769): “Abu Hanifa bilan birga hadis o‘rgandim. U (hadis ilmida) bizdan o‘zib ketdi” [1], degan.
2. Imom Buxoriyning shayxlaridan biri bo‘lgan Yahyo ibn Main (vaf. 203/818) bunday degan: “Albatta, Qur’on (oyatlari)da bo‘lgani kabi hadisning ham nosixi va mansuxi bordir. No‘mon (ya’ni, Abu Hanifa) o‘z yurtidagi hadislarning barchasini to‘plab chiqqan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafot etishlariga yaqin yillarda aytgan hadislarini teran o‘rganib, o‘shalarga amal qilgan” [2].
3. Abdulloh ibn Dovud Xuraybiy (vaf. 213/828): “Islom ahli namozlarda Abu Hanifaning haqqiga duo qilishi vojibdir...”, degan. So‘ngra uning musulmonlar uchun sunnat va fiqhni muhofaza qilib berganini ta’kidlagan[3].
4. Imom Termiziy (vaf. 279/892) “Sunan” asarining “Kitabul ilal” qismida: “Hadis ahlini tushunmaydigan ba’zi kimsalar ularning roviylar haqidagi fikrlarini tanqid qiladi. Vaholanki, tobeinlarning bir qator peshvolari roviylar haqida o‘z fikrini bayon qilganini ko‘rganmiz”, deb yozgan. So‘ng Abu Hanifaning Jobir Jo‘fiy haqidagi fikrlarini keltirgan[4].
5. Imom Hokim (vaf. 405/1014): “Qirq to‘qqizinchi tur. Hadislari tushunib yod olish uchun to‘plab boriladigan tobeinlarning siqa – o‘ta ishonchli va mashhur bilimdonlarini tanib olish haqida. Abu Hanifa ham o‘shalar jumlasidan” [5], degan.
6. Imom Bayhaqiy (vaf. 458/1066): “Jarh va ta’dil borasida roviylarning, jumladan, Abu Hanifaning holati haqida sukut saqlashgan” [6], degan. Ya’ni, ulamolar roviylarni tavsiflar ekan, Imom A’zam haqida biror nojo‘ya fikr bildirmagan.
7. Imom Saraxsiy (vaf. 483/1090): “Imom Abu Hanifa rahimahulloh hadis bobida o‘z davrining eng bilimdoni edi. Ammo asosan uni zabt qilish, ya’ni eshitish, tushunish va puxta shaklda yodlab olish qoidasiga mukammal rioya qilgani uchun kam rivoyat qilgan” [7], degan.
8. Imom Kosoniy (vaf. 587/1191): “U – Abu Hanifa rahimahulloh – hadis ilmining sarroflaridan (o‘z ishining ustalaridan) edi” [8], degan.
9. Ibn Taymiya (vaf. 728/1328) Quyoshning Ali roziyallohu anhu uchun ortga qaytgani haqidagi hadis va Tahoviy uni sahihga chiqargani mavzusida so‘z yurita turib bunday deydi: “Bu – shundan dalolat beradiki, ulamolarning peshvolari, hatto mashhur imomlarning biri bo‘lmish Abu Hanifa ham bu hadisni tasdiqlamagan. Balki inkor etgan. Abu Hanifa Tahoviy va unga o‘xshaganlarga qaraganda ilmliroq va faqihroqdir” [9].
10. Imom Zahabiy (vaf. 748/1347): “Albatta, Imom Abu Hanifa hadisni talab qildi (o‘rgandi) va aksariyatini yod oldi... Asar (sahobalarning so‘zlari)ni talab qilishga ahamiyat qaratib, bu borada ko‘plab safarlar qildi”[10], degan.
11. Ibn Qayyim Javziya (vaf. 751/1350): “Sahobalar, tobeinlar, shuningdek, Shofeiy, Abu Hanifa, Buxoriy singari hadis imomlariga kelsak...” [11], deb, uni muhaddislar qatorida tilga olgan.
12. Ibn Kasir (vaf. 774/1372) hadisga doir bir masala yuzasidan so‘z yuritayotib: “Mana bu kishi – Abu Hanifa, e’tiborli imomlardan biri, u ham bu hadisning roviysini qoralagan” [12], degan. Bu bilan Imom A’zamning fikri ahamiyatli ekanini ta’kidlagan.
13. Ibn Xaldun (vaf. 808/1405) bunday degan: “Uning – Abu Hanifaning – hadis ilmi borasida mujtahidlarning ulug‘laridan bo‘lganiga boshqa imomlar orasida aynan uning mazhabi hadisga suyanishi, tayanishi, (biror fikrni) qabul qilish-qilmaslikda hadisni e’tiborga olishi dalil bo‘la oladi” [13].
14. Ibn Yusuf Solihiy (vaf. 942/1535) yana ham nazokatli qilib bunday degan: “Shuni bilginki – Alloh senga marhamat ko‘rsatsin! – Imom Abu Hanifa hadis hofizlarining buyuklaridandir. Hadislarga ko‘p e’tibor qaratmaganida, ulardan fiqhni (hukm va fatvolarni) chiqarib olishga muyassar bo‘la olmas edi. Fiqhni uning o‘z manbalaridan chiqarib olgan dastlabki ilm odami aynan udir” [14].
15. Mullo Ali Qori (vaf. 1014/1605): “Abu Hanifa haqidagi yaxshi gumon shuki, u hadisi shariflarning sahihini ham, zaifini ham o‘zlashtirgan edi”[15], degan.
16. Ajluniy (vaf. 1162/1749): “...va u – Abu Hanifa – Kitob va sunnat borasida odamlarning eng bilimdoni edi. Chunki shariat faqatgina Kitob va sunnatdan olinadi. To‘g‘ri, u boshqa imomlar singari ko‘p hadis rivoyat qilmagan. Imomlik va mujtahidlikning sharti ko‘p hadis rivoyat qilish emasdir. Chunki ijtihod sunnatlarni yod bilishga bog‘liq, ularni boshqalarga yetkazish va rivoyat qilishga emas” [16], degan.
17. Muhammad Abdurashid No‘moniy (vaf. 1419/1998) bunday degan: “Avvalgi va bugungi imomlar Abu Hanifaning hadis bobida peshvolardan bo‘lganiga shohidlik bergan. Tabaqot (roviylar tabaqasini o‘rganuvchi fan) asarlari yozgan muhaddislar, hofizlar va hadis namoyandalari o‘z asarlarida Imom Abu Hanifaning ismini hadis hofizlari tilga olib o‘tgan” [17].
Ha, Abu Hanifa chinakam hofiz bo‘lgan. “Hofiz” deganda, hadis va hadis ilmi borasida ko‘p ilmni egallagan, hadis va uning illatlari bobida bilganlari bilmaganlaridan ko‘proq bo‘lgan kishi tushuniladi. Binobarin, hofiz muhaddisdan yuqoriroq turadi[18]. Bu fikrning sunnatdan dalili Zayd ibn Sobit roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadisdir: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bizdan bir hadisni eshitib, yodlab olib, boshqasiga yetkazgan odamni Alloh yorlaqasin. Fiqhni olib yuruvchi ba’zi (kishi)lar uni o‘zidan ko‘ra faqihroqqa (yetkazadi) va fiqhni olib yuruvchi ba’zi (kishi)lar faqih emasdir”, dedilar”[19].
Imom Abu Hanifa rahimahullohni o‘z asarlarida hofizlar qatorida sanab o‘tgan olimlar:
1. Imom Zahabiy – “Tazkiratul huffoz”,
2. Ibn Abdulhodiy Maqdisiy (vaf. 744/1343) – “Tabaqot ulamoil hadis”,
3. Ibn Nosir Damashqiy (vaf. 842/1438) – “At-Tibyon li badiy’atil bayon”,
4. Ibn Mibrad (vaf. 909/1503) – “Tabaqotul huffoz”,
5. Suyutiy (vaf. 911/1505) – “Tabaqotul huffoz”,
6. Badaxshiy (vaf. 912/1506) – “Tarojimul huffoz”.
Hofiz Abdulqodir Qurashiy bunday yozadi: “Bilginki, Imom Abu Hanifaning jarh va ta’dil borasida aytgan so‘zlari maqbuldir. Bu fanning ulamolari Imom Ahmad, Buxoriy, Ibn Main va boshqa shayxlarning so‘zlarini qabul qilganidek, uning so‘zlarini ham maqbul sanagan va amalda qo‘llagan. Bu – uning sha’ni buyukligi, ilmi bepoyonligi va o‘zi ulug‘ligidan dalolat” [20].
Imom Abu Hanifa rahimahulloh haqida aytilgan bu tavsiflardan ayon bo‘ladiki, u haqiqatan ham Imom A’zam – musulmonlarning eng buyuk imomi degan maqomga munosib bo‘lgan. Qur’on va hadis ilmining peshvolaridan bo‘lib, asosan ijtihod va fatvo bilan shug‘ullangani uchun hadis rivoyatiga alohida vaqt ajratmagani, bu esa uni buyuk hofiz sanalishiga monelik qilmasligi juda ko‘p ulamolar tomonidan ta’kidlangan.
Alouddin NЕ’MATOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
[1] Imom Zahabiy. Manoqibu Abi Hanifa, 27-bet.
[2] Alo Buxoriy. Kashful asror, 1-jild, 16-bet.
[3] Abu Bakr Xatib. Tarixu Bag‘dod, 13-jild, 344-bet.
[4] Imom Termiziy. Al-Ilal, 388-bet.
[5] Imom Hokim Naysoburiy. Ma’rifatu ulumil hadis, 240-bet.
[6] Bayhaqiy. Daloilun nubuvvat, 1-jild, 43-bet.
[7] Imom Saraxsiy. Usulul fiqh, 1-jild, 350-bet.
[8] Alouddin Kosoniy. Badoius sanoye’, 5-jild, 188-bet.
[9] Ibn Taymiya Harroniy. Minhojus sunna, 4-jild, 194-bet.
[10] Imom Zahabiy. Siyaru a’lomin nubalo, 6-jild, 392-bet.
[11] Ibn Qayyim. I’lomul muvaqqain, 1-jild, 259-bet.
[12] Ibn Kasir. Al-Bidoya van nihoya, 6-jild, 85-bet.
[13] Muqaddimatu Ibn Xaldun, 1-jild, 455-bet.
[14] Ibn Yusuf Solihiy. Uqudul jumon, 319-bet.
[15] Mulla Ali Qori. Sharhu Musnadil Imom Abi Hanifa, 52-bet.
[16] Ajluniy. Ar-Risolatul ajluniya, 4-bet.
[17] Muhammad Abdurashid No‘moniy. Makonatul Imom Abi Hanifa fil hadis, 21-58-betlar.
[18] Nuriddin Itr. Manhajun naqd fi ulumil hadis, 76-bet.
[19] Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyat qilgan.
[20] Abdulqodir Qurashiy. Al-Javohirul muziya fi tabaqotil hanafiya, 1-jild, 30-bet.
#Mustaqillikning 35 yilligi
Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.
Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.
Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).
Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.
Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.
Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.
Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.
Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.
Isomiddin AHROROV