So‘nggi yuz yilda emlash tufayli ko‘plab xastaliklarning ziyonini keskin kamaytirish imkoni tug‘ildi. 1969 yili qizamiqqa qarshi ilk vaksina yuzaga kelgunicha qizamiq dunyo bo‘ylab har yili 2 million b00 ming insonni yostig‘ini quritgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, 2000 yildan 2017 yilgacha dunyo bo‘ylab qizamiqdan o‘limlar soni 80 foizga kamaygan.
Atigi bir necha o‘n yil oldin millionlab insonlar poliomiyelit qurboniga aylangan. Uni yuqtirganlar yo halok bo‘lgan yoki bir umr falaj bo‘lib qolgan. Bugungi kunda bu xastalik deyarli yo‘q bo‘lgan. Agar jamiyatdagi aholining katta qismi kasallikka qarshi emlangan bo‘lsa, butun jamiyat, shu jumladan emlanmaganlar ham ushbu kasallikdan himoyalanadi.
Farg‘ona shahrida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Sanepidqo‘mita va UNISEF hamkorligida “Emlash: ilmiy va diniy asoslar” mavzusida din yetakchilari ishtirokida tashkil etilgan seminar-trening ayni shu mavzuga bag‘ishlandi.
Tadbirning asosiy maqsadi — aholi salomatligini muhofaza qilishda emlashning ahamiyatini ilmiy va diniy manbalardagi asoslar orqali tushuntirish, shuningdek imom-xatiblar va otinoyilar bilan birgalikda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ishlarini kuchaytirishdan iborat ekani qayd etildi.
Tadbirda emlashning mohiyati va organizmni himoya qilishdagi o‘rni, milliy emlash dasturining amaliy natijalari, aholi orasida uchraydigan savol va muammolar, ilmiy asoslangan diniy nuqtayi nazarlar bo‘yicha ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, imom-xatib va otinoyilar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, joylardagi emlash bo‘yicha vaziyat, aholidagi savollar, takliflar va mavjud muammolar muhokama qilindi.
Seminar yakunida ishtirokchilar hamkorlikni yanada mustahkamlash, aholiga emlash to‘g‘risida to‘g‘ri va ishonchli ma’lumot yetkazish hamda soha mutaxassislari bilan doimiy muloqotda ish yuritish bo‘yicha kelishib oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Joriy yilning 13–16 sentyabr kunlari Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi hamda uning doirasidagi bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Yig‘inlarda turkiy dunyoning yetakchi din peshvolari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov, Turkmaniston muftiyci Rahmon Qurbonmurodov kabilar boshchiligidagi turkiy davlatlar ulamolaridan iborat delegatsiyalar ishtirok etadi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi safidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi, Fatvo markazi, hududiy vakilliklar hamda oliy diniy ta’lim muassasalaridan vakillar joy olgan.
Tadbirlar doirasida ulamolar musulmon ummati uchun muhim bo‘lgan shar’iy masalalar, zamonaviy fatvolar va mushtarak tashabbuslarni muhokama qilib, yakuniy hujjatlarni imzolaydilar. Shuningdek, ilmiy-amaliy anjuman, ikki tomonlama muzokaralar hamda tabarruk qadamjolar ziyorati ham rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati