Otaning ovozi onaning ovozidan kuchli. Lekin gap uning balandligida emas... Oilada onaning ovozi baland chiqsa, u bilan farzandning muomilasi tez orada tiklanadi. Chunki onaning hissiyotlarini bola onaning qornidayoq his qila boshlagan, onaning kechinmalari qamrovini biladi. Ammo otaning ovozi baland chiqsa, endi bu boshqa hissiyot bo‘ladi...
Bolalar uchun ota hayotdagi tirgak, himoya vositasi dunyodagi barqaror hayot timsolidir. Ana shu maqom egasining ovozi baland ko‘tarilsa, g‘azabi kelsa, bu farzand uchun juda jiddiy masaladir.
Ayni paytda, masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Bunda otalarga ham katta mas’uliyat tushadiki, ular oilada ovozlarini imkon qadar baland ko‘tarmasliklari lozim. Chunki bu bilan farzand nafaqat g‘amgin bo‘ladi, balki bunda qo‘rquv paydo bo‘lishi, u o‘z fikr va hissiyotlarini aytishga cho‘chib qolishi mumkin.
Otalar farzandlarining tushkunlikka tushib, siqilib qolishlariga sababchi bo‘lib qolmasligi lozim. Qolaversa, ota oiladagi muammoni ovozni baland ko‘tarish bilan hal qilaman, deb o‘ylasa, bu hol farzand uchun bora-bora oddiy holga aylanib qoladi. Kelajakda u ham shu yo‘lni tutadi. Hatto, kun kelib, ota-onasi bilan ham baland ovozda gaplashishi ehtimoli bor. Demak, haqiqiy otalik ovozning balandligida emas, balki mehribonlik ila haybat hosil qilishda.
Ba’zida ishdan uyga charchab kelganimizda farzandlarimizning sho‘xligi malol kelib qolsa, sabrli bo‘laylik. Ularga biz otalarning mehri va e’tibori juda kerakligini unutmaylik.
Akbarshoh RASULOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Uyimizdagi uch oylik qo‘zichoqning oyog‘i sinib, yurolmay qoldi. Shuni so‘yib, go‘shtini yesak bo‘ladimi? Yoki yeyishga yaroqsiz hisoblanadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Shariatimizda halol bo‘lgan hayvonlarni, jonzotlarni yeyish uchun ma’lum yosh belgilanmagan. Hatto yangi tug‘ilgan hayvonning go‘shtini ham yeyish mumkin.
Vatandoshimiz, buyuk muhaddis imom Buxoriy rahimahulloh “Sahihi Buxoriy” asarlarida Xandaq g‘azoti bobida quyidagi hadisni keltirganlar: Jobir roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ochlikdan sillasi qurigan holatda ko‘rib, uyiga kelib, ayoliga biror narsa pishirishni tayinlaydi. Ayoli bir uloqchani so‘yib, pishiradi. Payg‘ambarimiz alayhissalom va sahobalar undan tanovul qiladilar.
Hadisi sharifda arabcha “Anoq” so‘zi bilan keltirilgan uloqchani muhaddis ulamolar to‘rt oyga to‘lgan, onasidan ajratilgan va o‘tlashga qodir bo‘lgan echki bolasi, deganlar.
Demak, halol hayvon go‘shtini yeyishning muayyan yoshi belgilanmagan. Asosiysi, so‘yishni shariat talabiga muvofiq tarzda bajarilishidir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi