Otaning ovozi onaning ovozidan kuchli. Lekin gap uning balandligida emas... Oilada onaning ovozi baland chiqsa, u bilan farzandning muomilasi tez orada tiklanadi. Chunki onaning hissiyotlarini bola onaning qornidayoq his qila boshlagan, onaning kechinmalari qamrovini biladi. Ammo otaning ovozi baland chiqsa, endi bu boshqa hissiyot bo‘ladi...
Bolalar uchun ota hayotdagi tirgak, himoya vositasi dunyodagi barqaror hayot timsolidir. Ana shu maqom egasining ovozi baland ko‘tarilsa, g‘azabi kelsa, bu farzand uchun juda jiddiy masaladir.
Ayni paytda, masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Bunda otalarga ham katta mas’uliyat tushadiki, ular oilada ovozlarini imkon qadar baland ko‘tarmasliklari lozim. Chunki bu bilan farzand nafaqat g‘amgin bo‘ladi, balki bunda qo‘rquv paydo bo‘lishi, u o‘z fikr va hissiyotlarini aytishga cho‘chib qolishi mumkin.
Otalar farzandlarining tushkunlikka tushib, siqilib qolishlariga sababchi bo‘lib qolmasligi lozim. Qolaversa, ota oiladagi muammoni ovozni baland ko‘tarish bilan hal qilaman, deb o‘ylasa, bu hol farzand uchun bora-bora oddiy holga aylanib qoladi. Kelajakda u ham shu yo‘lni tutadi. Hatto, kun kelib, ota-onasi bilan ham baland ovozda gaplashishi ehtimoli bor. Demak, haqiqiy otalik ovozning balandligida emas, balki mehribonlik ila haybat hosil qilishda.
Ba’zida ishdan uyga charchab kelganimizda farzandlarimizning sho‘xligi malol kelib qolsa, sabrli bo‘laylik. Ularga biz otalarning mehri va e’tibori juda kerakligini unutmaylik.
Akbarshoh RASULOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Yaratganning borligini inkor qiladiganlar asosiy sabab qilib ko‘rmaganliklarini ko‘rsatadilar. Ular bu gapni aytishdan avval ushbu oyatni yaxshilab o‘ylab ko‘rsinlar: “O‘zingizda ham (mo‘jizalar bor), ko‘rmaysizlarmi”.
Jismimiz ruhimiz tufayligina harakat qiladi. Agar ruh chiqib ketsa harakatdan to‘xtaymiz. Ruh degan so‘zni ko‘pchilik eshitgan. Lekin uni kim ko‘rgan? Uning qayerda bo‘lishini kim biladi? U yurakda bo‘ladimi yoki miyamizdami?
Olimlarning birortasi bunga aniq javob bera olmaydilar. Ruhning vazni bor deya jar solgan olim ham buni bilmaydi. Ruhning vazni bo‘lmaydi. Vazni bor degan olimni jasaddan chiqib ketgan havo yoki yurak urishi tufayli yuzaga keladigan bosim chalg‘itgan bo‘lishi mumkin.
Demak, ruhni hech kim ko‘rmagan. Uning qayerda joylashishi, jismni qanday harkatga keltirishini birota olim bilmaydi. Insonning bir qo‘li falokat tufayli uzilib tushsa, uni harakatga keltirgan ruh qayerga ketadi? Buni ham hech kim bilmaydi. Lekin dunyo olimlari ruhning borligini inkor etmaganlar.
Ruhning borligiga ko‘pchilik ishonadi. Tanamiz harakatga kelishi, tirikligimiz belgisi ham aynan ruh bilan bog‘liqdir. Bu narsa ham Alloh taoloning mo‘jizalaridan biridir. O‘zimizdagi mo‘jizalarni inkor etmagan holda koinotdagi ilohiy mo‘jizalarni qanday inkor eta olamiz?! Bu aqli bor kishining ishi emas-ku, axir.
Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan