Otaning ovozi onaning ovozidan kuchli. Lekin gap uning balandligida emas... Oilada onaning ovozi baland chiqsa, u bilan farzandning muomilasi tez orada tiklanadi. Chunki onaning hissiyotlarini bola onaning qornidayoq his qila boshlagan, onaning kechinmalari qamrovini biladi. Ammo otaning ovozi baland chiqsa, endi bu boshqa hissiyot bo‘ladi...
Bolalar uchun ota hayotdagi tirgak, himoya vositasi dunyodagi barqaror hayot timsolidir. Ana shu maqom egasining ovozi baland ko‘tarilsa, g‘azabi kelsa, bu farzand uchun juda jiddiy masaladir.
Ayni paytda, masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Bunda otalarga ham katta mas’uliyat tushadiki, ular oilada ovozlarini imkon qadar baland ko‘tarmasliklari lozim. Chunki bu bilan farzand nafaqat g‘amgin bo‘ladi, balki bunda qo‘rquv paydo bo‘lishi, u o‘z fikr va hissiyotlarini aytishga cho‘chib qolishi mumkin.
Otalar farzandlarining tushkunlikka tushib, siqilib qolishlariga sababchi bo‘lib qolmasligi lozim. Qolaversa, ota oiladagi muammoni ovozni baland ko‘tarish bilan hal qilaman, deb o‘ylasa, bu hol farzand uchun bora-bora oddiy holga aylanib qoladi. Kelajakda u ham shu yo‘lni tutadi. Hatto, kun kelib, ota-onasi bilan ham baland ovozda gaplashishi ehtimoli bor. Demak, haqiqiy otalik ovozning balandligida emas, balki mehribonlik ila haybat hosil qilishda.
Ba’zida ishdan uyga charchab kelganimizda farzandlarimizning sho‘xligi malol kelib qolsa, sabrli bo‘laylik. Ularga biz otalarning mehri va e’tibori juda kerakligini unutmaylik.
Akbarshoh RASULOV
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi bayrami munosabati bilan “Dunyo” AA orqali O‘zbekiston xalqiga samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi:
– Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Qardosh O‘zbekiston xalqini istiqlol ayyomi bilan samimiy muborakbod etib, tinchlik, taraqqiyot va yangi yutuqlar uchun Alloh taolodan xayrli duolar so‘rayman.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston ulug‘vor tarixiy yo‘lni bosib o‘tib, mard va olijanob o‘zbek xalqining mustahkam irodasi tufayli yuksak yutuqlarga erishdi. Bugun mustaqil O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy sohalarda katta taraqqiyotga erishayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz.
O‘zbekistonni ikkinchi Vatanim deb bilib, uni hamisha qalbimda asrab kelayotgan inson sifatida qardosh o‘zbek xalqining yutuqlaridan chin dildan quvonaman. O‘zbekiston rivoji va farovonligi yo‘lida bor kuch-quvvatini ayamay kelayotgan fidokor rahbar – Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining beqiyos mehnatlarini alohida e’tirof etaman.
O‘zbekiston Prezidenti boshchiligida mamlakat so‘nggi o‘n yil davomida Uchinchi Renessans davrini boshdan kechirmoqda. O‘zbekiston bugun davlat rahbarining yuksak siyosiy tafakkuri va sa’y-harakatlari tufayli islom olamida yorqin nur sochayotgan madaniy-ma’naviy markazga aylandi.
Ushbu zahmatlarning yorqin namunasi bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazini butun dunyo musulmonlariga taqdim etilgan bebaho tuhfa desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbek mutafakkirlarining qimmatli ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish O‘zbekiston zaminining asrlar davomida shakllanib kelgan ma’rifat va irfon markazi maqomini yana bir bor ifodalaydi.
O‘zbekiston yetakchisi bilan har bir uchrashuv va muloqot men uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ko‘rsatayotgan yuksak e’tibori uchun cheksiz minnatdorlik bildiraman. Yaqinda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan “El-yurt hurmati” ordenining topshirilishi menda faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi va bundan benihoya faxrlanaman.
Mustaqil O‘zbekiston bilan barcha sohalarda aloqalarimizni yanada kengaytirish xalqlarimiz uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratadi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev hamda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida qaror topgan mustahkam qardoshlik munosabatlari, o‘zaro tashkil etilayotgan uchrashuvlar alohida qadr-qimmatga ega bo‘lib, bizga ma’naviy kuch bag‘ishlaydi.
Davlat rahbarlarimizning sa’y-harakatlari va oqilona siyosati tufayli Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar barcha sohalarda kengayib, qardoshligimiz ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi.
O‘zbekiston qalbimda alohida o‘rin tutadi. Bu mamlakatning har bir yutug‘idan behad quvonaman va uning doimo yuksak cho‘qqilarni zabt etishi uchun duolar qilaman.
O‘zbekistonda oliy diniy ta’lim olib, Ozarbayjon va Kavkazda Shayxulislomlik maqomiga ko‘tarilgan inson sifatida Ozarbayjon va O‘zbekistonning milliy-ma’naviy qadriyatlari hamda tarixiy merosimizga berilayotgan e’tiborni yuksak qadrlayman.
Dunyoda kechayotgan murakkab davrda qardosh xalqlarimiz o‘zlarining tarixiy-ma’naviy meroslariga suyangan holda munosib kelajak qurish yo‘lida ishonch bilan odimlamoqda. Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida munosabatlarimizning yanada kengayishi Alloh taoloning bizga ko‘rsatayotgan lutfu karamidir.
Ozarbayjonning ishg‘oldan ozod etilgan hududlarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va qayta tiklash ishlari, diniy-ma’naviy merosni qayta tiklash jarayoniga turkiy davlatlar orasida birinchi bo‘lib o‘z ezgu tuhfalarini taqdim etgan O‘zbekiston xalqi va davlat rahbariga chin qalbimizdan minnatdorlik bildiramiz.
Yana bir bor O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan qardosh o‘zbek xalqini samimiy muborakbod etib, eng ezgu tilaklarimni yo‘llayman.
Alloh taolo O‘zining ulug‘ rahmati va karamidan barchamizni bahramand etsin. Ezgu orzu-niyatlar va xayrli maqsadlarimizning ro‘yobga chiqishida Alloh madadkor bo‘lsin. Omin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati