Bugun, chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida fuqarolarning navbatdagi qabuli bo‘lib o‘tdi. Unda rais o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov yurtimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan yurtdoshlarimizning murojaatlari, fikr va mulohazalarini tingladi.
Qabul davomida shar’iy hukmlar, oilaviy masalalar, moddiy yordam so‘rovlari kabi mavzular tegishli tartibda ko‘rib chiqilishi belgilandi. Shuningdek, fuqarolar tomonidan masjidlarni obodonlashtirish, yoshlar o‘rtasida ilmiy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish yuzasidan bildirilgan takliflar ham qayd etildi.
Vakolat doirasidagi masalalar bo‘yicha mas’ul xodimlarga topshiriqlar berildi va fuqarolar murojaatlarini hal etish bo‘yicha choralar ko‘rildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Praga shahrida O‘zbekistonning Chexiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan qator ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar va iftorlik tadbirlari tashkil etilmoqda. Minglab vatandoshlarimizni qamrab olayotgan xayrli tadbirlar “Ramazon – mehr-muruvvat va hamjihatlik oyi” g‘oyasi asosida o‘tkazilib, xorijdagi yurtdoshlarimizni birlashtirmoqda.
Pragadagi O‘zbekiston talabalari assotsiatsiyasida o‘tkazilgan uchrashuvda yuzdan ortiq vatandoshimiz ishtirok etdi. Suhbat davomida O‘zbekistondan borgan imomlar yoshlarning ta’limga mas’uliyat bilan yondashishi, qonunlarga rioya qilishi, shuningdek, o‘qish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omillardan ehtiyot bo‘lishi lozimligi haqida ma’ruzalar qilishdi. Shu bilan birga, Chexiya migratsiya qonunchiligi talablariga amal qilish masalalariga alohida urg‘u berildi.
“Turkiston” madaniy markazida ham vatandoshlar bilan muloqot tashkil etildi. Unda yuzlab ishtirokchilar qatnashib, Ramazon oyining mazmun-mohiyati, shaxsiy intizom va mas’uliyat, jamiyatda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash kabi masalalar xususida ma’ruza tinglandi.
Yurtimiz ulamolari, shuningdek, Tesla kompaniyasining Pragadagi qurilish obyektida mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan ham uchrashdi.
“Sulaymon” turk madaniy markazida iftorlik dasturxoni yozildi. Iftorlikdan keyin taroveh namozi ado etildi. Dinning mo‘tadil va an’anaviy qadriyatlarini asrash, turli radikal g‘oyalardan ogoh bo‘lish mavzusida suhbat qilindi.
Har kuni davom etayotgan mazkur xayrli tashabbuslar chet elda tahsil olayotgan yoshlar va mehnat qilayotgan yurtdoshlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamkorlik muhitini mustahkamlash, milliy va ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylashga targ‘ib etishi bilan ahamiyatlidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati