Siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Ushbu qutlug‘ ayyomda barcha huquq va erkinliklarimiz, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlik, birlik va hamjihatlik, ortga qaytmas demokratik islohotlarimiz kafolati bo‘lgan Asosiy qonunimizning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini yanada chuqur his etmoqdamiz.
Hech shubhasiz, xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkuri hamda yuksak xohish-irodasining ifodasi bo‘lgan Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan qoida va tamoyillar Yangi O‘zbekistonni barpo etishda barchamiz uchun beqiyos kuch-g‘ayrat, ishonch va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bu haqda so‘z yuritganda, avvalo, yanada keng vakolat va mas’uliyatga ega bo‘lgan milliy parlamentimiz hamda ilk marta mahalliy Kengashlar deputatlari orasidan saylangan raislar boshchilik qilayotgan viloyat Kengashlari, jamiyat boshqaruvida o‘rni va nufuzi tobora ortib borayotgan mahalla instituti faoliyati misolida xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ekani haqidagi konstitutsiyaviy qoidaning amaliy tasdig‘ini ko‘ramiz.
Ayniqsa, yangi parlamentimiz tomonidan joriy yilda sudlar faoliyati hamda fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirishga oid qonunlar hamda yurtimizda do‘stlik, hamjihatlik muhitini mustahkamlash, inklyuziv jamiyat, yoshlar, xotin-qizlar masalalari, kam ta’minlangan insonlar manfaatlarini himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash bo‘yicha ko‘plab muhim qarorlar qabul qilinganini ta’kidlash lozim.
Mahalliy kengashlar ham o‘z hududlaridagi dolzarb ijtimoiy muammolarni hal etish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Ular tomonidan o‘tgan davrda 25 mingdan ziyod masala muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilingani, mansabdor shaxslarga 14 mingga yaqin deputatlik so‘rovlari yuborilgani ham shundan dalolat beradi.
Vakillik organlarini chinakam xalq minbari, xalq ovoziga aylantirishga qaratilgan islohotlarimizning davomi sifatida 2026 yilning 1 yanvaridan tuman va shaharlarda ham hokim va Kengash raislari vazifalarini alohida ajratish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiramiz.
Bir so‘z bilan aytganda, xalq hokimiyatchiligi, vakillik demokratiyasi, Konstitutsiya va qonun ustuvorligi kabi konstitutsiyaviy prinsiplarga bundan buyon ham sodiq qolib, ushbu yo‘nalishdagi islohotlarimizni yanada qat’iy davom ettiramiz.
Hurmatli do‘stlar!
Ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson qadri, aholining huquq va manfaatlarini ta’minlash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan ezgu g‘oya asosida o‘tkazilayotgan bu yilgi bayram tadbirlari orqali shu yo‘lda erishgan yutuqlarimiz chuqur tahlil qilinib, yangi va dolzarb vazifalar belgilab olinmoqda.
Keyingi vaqtda barcha soha va tarmoqlarda qo‘lga kiritayotgan natijalarimizga shu nuqtayi nazardan baho berar ekanmiz, ularning zamirida, eng avvalo, insonparvarlik va xalqparvarlik tamoyillari mujassam ekanini va ular o‘z samarasini berayotganini alohida qayd etish o‘rinlidir. Misollarga murojaat qiladigan bo‘lsak, joriy yilda aholi jon boshiga daromad 3 ming 500 dollarni tashkil etgani, maktabgacha ta’limda qamrov 78 foiz, oliy ta’limda esa 42 foizga yetgani, odamlarimizning o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 73,8 yoshdan75,1 yoshga uzaygani va boshqa raqamlarni keltirish mumkin.
Konstitutsiyamizga asosan davlat zimmasiga yuklatilgan ijtimoiy majburiyatlarni bajarish hamda yurtimizda ijtimoiy davlat barpo etish borasida ham ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 1 million nafardan ziyod fuqaro kambag‘allikdan chiqarildi, kambag‘allik darajasi 6,6 foizga tushirildi.
Iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, xalqimiz uchun munosib turmush darajasini ta’minlash, mustahkam huquqiy tizim va ochiq jamiyat barpo etish yo‘lidagi keng ko‘lamli islohotlarimiz dunyo jamoatchiligi tomonidan e’tirof etilmoqda.
Masalan, 2025 yilda Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida O‘zbekiston 19 pog‘ona yuqori ko‘tarilib, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida eng jadal rivojlanayotgan mamlakat sifatida qayd etildi. Global innovatsiya indeksida yurtimiz Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha kuchli uchlikdan joy oldi. “S&P”, “Fitch” va “Moody's” kabi nufuzli xalqaro agentliklar tomonidan O‘zbekistonning suveren kredit reytingi oshirildi.
Nufuzli xalqaro anjuman – YUNЕSKO Bosh konferensiyasi so‘nggi 40 yil davomida birinchi marta Parijdan tashqarida, ya’ni, Samarqandda muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ham jahon hamjamiyati tomonidan muhim voqea sifatida e’tirof etilmoqda.
Aziz va muhtaram yurtdoshlar!
Islohotlarimiz hal qiluvchi bosqichga kirayotgan bugungi kunda biz Konstitutsiyamizning har bir normasini davlat va jamiyat hayotida amaliy faoliyat mezoniga aylantirishimiz zarur. Ayniqsa, yoshlarimizga Asosiy qonunimizning mazmun-mohiyatini chuqur o‘rgatish, ularni konstitutsiyaviy qadriyatlar asosida yuksak ongli va vatanparvar fuqarolar, siyosiy tafakkur va huquqiy madaniyat egalari etib tarbiyalash oldimizda turgan g‘oyat muhim vazifadir.
Faqat Konstitutsiya va qonunlarimizga chuqur hurmat, puxta huquqiy bilim va amaliy tajriba asosidagina biz davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etib, Vatan va xalq oldidagi farzandlik burchimizni sharaf bilan ado eta olamiz. Shundagina Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuchi, bunyodkorlik salohiyati amalda yanada yorqin namoyon bo‘ladi.
Barchamiz uchun milliy mustaqilligimiz, g‘urur va iftixorimiz timsoli bo‘lgan Konstitutsiyamiz sharaflanadigan ushbu quvonchli ayyom munosabati bilan sizlarni yana bir bor chin dildan tabriklayman.
Siz, aziz yurtdoshlarimga sihat-salomatlik, baxt va omad, oilalaringizga tinchlik-totuvlik va farovonlik tilayman.
Konstitutsiyamiz va barcha yutuqlarimizning ijodkori bo‘lgan mard va olijanob xalqimiz doimo omon bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Xalqaro media maydonida yo‘lga qo‘yilayotgan yangi hamkorliklar va ilmiy-madaniy loyihalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro faoliyatini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Yaqinda o‘tkazilgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi doirasida boshlangan hamkorliklarning keyingi bosqichi sifatida Parij shahridagi YUNЕSKO Bosh qarorgohida maxsus taqdimot, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya va ko‘rgazma o‘tkazish rejalashtirilgan. Mazkur loyihalarning natijalari va ularga tayyorgarlik jarayoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Ilmiy kengash a’zolari, olim va tadqiqotchilar hamda tegishli yo‘nalishlar uchun mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Unda dastlab xalqaro mediaforumning natijalari tahlil qilindi. Qayd etilganidek, mazkur forum Markazning xalqaro axborot va ilmiy maydondagi faoliyatini kengroq namoyish etish, xorijiy jurnalistlar, media ekspertlar, olim va tadqiqotchilar bilan yangi professional aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Forum davomida Markazning ilmiy-tadqiqot salohiyati, O‘zbekiston hududida shakllangan islomiy ilm-fan va madaniyat merosi, shuningdek, ushbu merosni zamonaviy media vositalari orqali xalqaro auditoriyaga yetkazish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi. Xorijiy OAV vakillarining Markaz faoliyatiga bildirgan qiziqishi hamda o‘zaro muloqotlar kelgusidagi hamkorliklar uchun yangi imkoniyatlarni shakllantirgani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan forum doirasida yo‘lga qo‘yilgan aloqalarni izchil davom ettirish, xalqaro va mahalliy ommaviy axborot vositalari bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Markazning ilmiy loyihalari va tadqiqotlarini xalqaro auditoriyaga kengroq yetkazish bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Ilmiy kengash yig‘ilishida Markazning xalqaro ilmiy-madaniy hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan istiqbolli loyihalardan biri — Parij shahridagi YUNЕSKO Bosh qarorgohida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan maxsus taqdimot, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya va ko‘rgazma loyihasiga tayyorgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur tadbirlar orqali Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-tadqiqot faoliyati, mamlakat hududida shakllangan ilm-fan, ma’rifat, madaniyat va tarixiy merosning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rnini xalqaro ilmiy jamoatchilikka kengroq tanitish maqsad qilingan.
Ayni paytda loyiha doirasida xalqaro olim va tadqiqotchilarni tadbirlarga jalb etish, ilmiy muassasalar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, taqdimot va konferensiya dasturini shakllantirish, shuningdek, ko‘rgazma ekspozitsiyalarini ilmiy va mazmun jihatdan tayyorlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhammedov Parijdagi tadbirlarga tayyorgarlik jarayoni haqida ma’lumot berdi:
“Fransiyadan 50 ga yaqin olim va tadqiqotchiga taklifnomalar yuborilgan. Shuningdek, boshqa xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalar vakillarini jalb etish bo‘yicha ham tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Tadbirning yana bir muhim qismi — YUNЕSKO Bosh qarorgohida tashkil etiladigan ko‘rgazma loyihasi. Besh ekspozitsiyadan iborat ko‘rgazma orqali O‘zbekiston hududida shakllangan ilm-fan, madaniyat va tarixiy merosning muhim jihatlarini xalqaro jamoatchilikka namoyish etish rejalashtirilgan. Ko‘rgazma uchun 35 ta muhim artefakt va 200 ga yaqin qadimiy kitob, shuningdek, tarixiy obidalar maketlarini taqdim etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”.
Ilmiy kengash a’zolari tomonidan mazkur loyihalarning mazmun-mohiyati, ilmiy asoslanganligi va ularni xalqaro auditoriyaga taqdim etish usullari yuzasidan ham fikr almashildi.
Xususan, ko‘rgazma ekspozitsiyalarini shakllantirishda tarixiy manbalarning ilmiy qiymati, artefaktlarning tarixiy ahamiyati va ularning O‘zbekiston hududidagi islom sivilizatsiyasi taraqqiyoti bilan bog‘liq jihatlarini aniq va ishonchli ma’lumotlar asosida yoritish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, xalqaro auditoriyaga taqdim etiladigan materiallarda O‘zbekiston zaminida yuzaga kelgan ilmiy maktablar, buyuk allomalarning jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi hamda bugungi kunda ushbu ilmiy-ma’rifiy merosni o‘rganish va ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar keng qamrab olinishi zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida xalqaro mediaforumda erishilgan natijalarni amaliy loyihalar bilan davom ettirish, xorijiy OAV va ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, Parij shahridagi YUNЕSKO Bosh qarorgohida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlarga tayyorgarlik ishlarini yuqori saviyada tashkil etish hamda Markazning ilmiy-tadqiqot faoliyati va O‘zbekistonning boy islomiy ilmiy-madaniy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.
iccu.uz