Cavol: Ayol kishiman, uzrli kunlarimda Qur'oni karimni o'qiy olmasligimni bilaman. Lekin uni ushlashim, o'pib ko'zimga surishim mumkinmi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym.
Yo'q unday qilib bo'lmaydi. Chunki tahoratsiz kishilar, hayz ko'rgan ayollar, junub bo'lganlar Qur'oni karim kitobini, Qur'on oyatlari yozilgan qog'oz, tanga yoki suvinerlarni ushlashlari joiz emas. Zero, Qur'oni karim Alloh taoloning kalomidir. Uni pokiza holda ushlash bilan ham unga hurmat va ta'zim ifoda qilinadi.
Hakim ibn Hizom roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni Yamanga yuborayotganlarida “Qur'oni karimni faqatgina pok holingda ushlagin” – degan edilar” (ImomHokimMustadrakkitoblaridarivoyatqilganvabuhadisnisahihdeganlar).
Vatandoshimiz alloma Alouddin Kosoniy rahimahulloh ham ayni shu ma'noda aytadilar: “Qur'oni karimni tahoratsiz ushlash mumkin emasligiga bizning dalilimiz Alloh taoloning mana bu oyati, ya'ni “Uni (Qur'onni) tahoratlikishilardano'zgalarushlamaslar”(Voqeasurasi 79-oyat) va Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “Qur'onnifaqatpokinsonginaushlaydi”, degan hadislaridir.
Qolaversa, Qur'oni ulug'lash vojibdir, mushafni (Qur'oni karim kitobini) nopok qo'l bilan ushlash esa uni ulug'lash emas” (“Bado'iussanoi'” kitobi).
Yana bir mo''tabar manba, Imom Marg'inoniy rahimahullohning “Hidoya” asarida ham shunday deyiladi:
“Hayz yoki nifos ko'rayotgan, junub bo'lganlar mushafni faqat g'ilofi bilan, Qur'oni karimdan sura yoki oyatlar yozilgan tangalarni hamyon bilan ushlashlari mumkin. Tahoratsiz kishi ham mushafni g'ilof bilan ushlaydi”(“Hidoya” kitobi).
Shu o'rinda yana bir narsani ta'kidlash kerakki, nafaqat Qur'oni karim, balki Qur'onni boshqa tillarga qilingan tarjimalari, tafsirlarini ham nopok holda ushlash joiz emas. Fiqhiy manbaalardan Bahrur roiq kitobida:
“Agar Qur'oni karim fors tilida (shuningdek boshqa tillarda) yozilgan bo'lsa, junub kishi va hayz ko'rgan ayol uni ushlashi harom bo'ladi. Shu hukmga barcha ulamolar ijmo' qilganlar va shu gap sahihdir” – deyiladi.
Demak, tahoratsiz kishilar, hayz yoki nifos ko'rayotgan ayollar, junub bo'lganlar Qur'oni karimni g'ilofsiz ushlashlari yoki savolda so'ralganidek o'pib ko'zga surishlari joiz emas. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.
Savol: Qur’oni karim oyatlari yozilgan qog‘ozlarni yerga tashlash yoki ulardan meva-cheva, pista-bodom va shunga o‘xshash narsalarni o‘rashda foydalanish holatlari uchramoqda. Bunga dinimizning munosabati qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qur’oni karim oyatlari, hatto uning boshqa tilga o‘girilgan tarjimasi yozilgan varaqlardan siz aytgan holatlarda foydalanish noto‘g‘ri, balki og‘ir gunoh hisoblanadi. Chunki bu Qur’oni karimni tahqirlash va xorlash demakdir. Bunday ishlarni qasddan qilgan kishi iymonidan ayriladi. Qur’oni karimni ulug‘lab ehtirom qilish, tahoratsiz holda ushlamaslik, nojo‘ya joylarga qo‘ymaslik dinimizning qat’iy talabidir. Imom an-Navaviy rahimahulloh bu haqda shunday deganlar:
“Barcha musulmonlar Qur’on mus'hafini asrash va uni hurmat qilish farz ekaniga ijmo (ittifoq) qilishgan. Bizning mazhab ulamolari va boshqalar ham bunday deyishgan: "Agar bir musulmon Mus'hafni axlatxonaga tashlasa, u bu amali bilan kofir bo‘ladi (Alloh saqlasin)!” (“At-Tibyon” kitobi).
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytganda, Qur’oni karimni hurmat qilish har bir musulmonning e’tiqodiy burchidir. Qur’on sahifalarini har qanday nojo‘ya maqsadda ishlatish, uni kamsitish — Allohning Kalomiga nisbatan ochiq behurmatlik bo‘lib, bu ish katta gunoh bo‘lishi bilan birga iymondan ayiruvchi razil amaldir. Tavfiq Allohdan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.