Bugun, 8 dekabr kuni Makka shahridagi “Marmara” mehmonxonasida Bosh qomusimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligi munosabati bilan ayni kunlarda Makkai mukarramada toatu ibodatlar bilan bo‘lib turgan 240 nafardan ziyod ziyoratchilarimiz uchun bayram tadbiri tashkil etildi.
Unda Jidda shahridagi bosh konsul Sirojiddin Shamsuddinov, “Haj” va “Umra” bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi Ishchi guruh vakillari ishtirok etdi.
Mutasaddi vakillarimiz umra safarida bo‘lib turgan hamyurtlarimizni qomusimiz qabul qilingan kun bilan muborakbod etib, yurtimizda so‘nggi yillarda bo‘y ko‘rsatayotgan keng ko‘lamli islohotlar, erkinlik ne’mati, uni asrab-avaylash va qadrlash barcha yurt farzandlarining burchi ekanini alohida ta’kidlab o‘tishdi.
Ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvda keyingi yillarda barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy sohada ham ulkan o‘zgarishlar ro‘y bergani, jumladan, umra ziyorati bir necha yuz ming nafarga, Haj kvotasi esa 15 ming nafargacha oshirilgani, ularga xizmat ko‘rsatish, mavjud sharoitlar havas qiladigan darajaga ko‘tarilgani, bunga hozirda umra amalini ado etayotgan hamyurtlarimiz bevosita guvoh bo‘layotgani qayd etildi.
Tadbirda ishtirokchilarni yaxshi tilak va duolar bilan qutlash barobarida bayram shirinliklari ham ulashildi. Ko‘taringki va samimiy ruhda o‘tgan tadbir ziyoratchilarda katta taassurot qoldirdi.
Alloh taolo yurtimizni tinch va farovon, xalqimizni xotirjam va baxtiyor aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Joriy yil 21 sentyabr kuni "Mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida" Prezident qarori qabul qilindi. Hujjat bilan ish joyida tazyiq, zo‘ravonlik, shahvoniy shilqimlik, ruhiy bosim, ta’qib va kamsitishning oldini olish, murojaatlarni xolis ko‘rib chiqish va bunday holatlarni yashirishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha yaxlit tizim joriy etilmoqda.
Raqamli tizim qachondan ishlaydi?
2026 yil 1 dekabrgacha "Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhiti" axborot portali ishga tushiriladi. U orqali tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha murojaatlar onlayn qabul qilinadi, murojaatlarni ko‘rib chiqish, dalillarni yig‘ish, xulosa tayyorlash va tekshiruv natijalarini nazorat qilish jarayonlari raqamlashtiriladi.
Eng muhim kafolatlar
Murojaat qilgan xodimning shaxsiy ma’lumotlari himoya qilinadi.
Bunday ma’lumotlarning qonunchilikda nazarda tutilmagan hollarda oshkor qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Rahbar ustidan murojaat tushsa, masala yuqori turuvchi instansiyaga avtomatik yo‘naltiriladi.
Bu manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga xizmat qiladi.
Murojaat uchun bosim o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qaror materiallarida xodim o‘z huquqlarini himoya qilgani uchun uning ish sharoitlarini yomonlashtirish yoki jazolashga yo‘l qo‘yilmasligi alohida ta’kidlangan.
Zarur holatlarda "112" orqali vakolatli organlarga yuborish mexanizmi ham tizimga integratsiya qilinadi.
Bu faqat shikoyat tizimi emas
Davlat organlari va tashkilotlari xodimlari har yili qisqa trening kurslarida o‘qitiladi. Har bir tashkilotda portalni yuritish va profilaktik treninglarni tashkil etish uchun kamida bir nafar mas’ul xodim belgilanadi.
Nodavlat tashkilotlar uchun ham dmi.mehnat.uz tizimida mazkur imkoniyatlardan ixtiyoriy foydalanish sharoiti yaratiladi.
Qarorning asosiy mazmuni bitta: ish joyidagi tazyiq yoki zo‘ravonlikni yashirish emas, uni xavfsiz bildirish, xolis ko‘rib chiqish va natijasini nazorat qilishning aniq mexanizmi yaratilmoqda.
Hurmat — imtiyoz emas. Xavfsiz ish muhiti esa endi alohida talab emas, tizimli vazifaga aylanmoqda.