Bismillahir Rohmanir Rohiym
Kishi tongda o‘zining Qur’on virdini – u yod olish yoki tilovat qilish bo‘lsin hamda tongi zikrlarni aytishdan forig‘ bo‘lmagunicha aloqa vositalari, internet tarmoqlarini ochmaslikka o‘zini o‘rgatishi fiqhul avlaviyotdan hisoblanadi.
Chunki ushbu tonggi oraliq, fursat eng qadrli, ahamiyatli vaqtlardan bo‘lib, uni chalg‘itadigan, zehnini parishon qiladigan va vaqtini o‘g‘irlaydigan barcha narsadan chetlangan kishi uchun juda katta foydalar bo‘ladi.
Izoh: “Fiqhul avlaviyot” – ustun turadigan narsalar fiqhi yoki birlamchi masalalar fiqhi deganidir. Ya’ni, shariatda ustun turadigan narsalar fiqhiga nisbatan qo‘llaniladigan atama.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Men fitr ro‘zamni hayit namozidan oldin bera olmagan edim. Uni shu kunlarda bersam ham bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Ramazon hayiti kuni hayit namozini o‘qishdan oldin fitr sadaqasini ado etib qo‘yish mustahab amal sanaladi. Undan avval berib qo‘yish ham mumkin. Lekin kimdir hayit namozigacha ham ado eta olmagan bo‘lsa, namozdan keyin yoki boshqa kunlarda berib qo‘yadi. Chunki u ado etilmaguncha zimmadan soqit bo‘lmay turaveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.