Bismillahir Rohmanir Rohiym
Kishi tongda o‘zining Qur’on virdini – u yod olish yoki tilovat qilish bo‘lsin hamda tongi zikrlarni aytishdan forig‘ bo‘lmagunicha aloqa vositalari, internet tarmoqlarini ochmaslikka o‘zini o‘rgatishi fiqhul avlaviyotdan hisoblanadi.
Chunki ushbu tonggi oraliq, fursat eng qadrli, ahamiyatli vaqtlardan bo‘lib, uni chalg‘itadigan, zehnini parishon qiladigan va vaqtini o‘g‘irlaydigan barcha narsadan chetlangan kishi uchun juda katta foydalar bo‘ladi.
Izoh: “Fiqhul avlaviyot” – ustun turadigan narsalar fiqhi yoki birlamchi masalalar fiqhi deganidir. Ya’ni, shariatda ustun turadigan narsalar fiqhiga nisbatan qo‘llaniladigan atama.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deydilar:
"Jannat ahllarining barchalari xushmuomala, shirin, darhol odamga yopishib ketadigan bo‘ladilar. Do‘zax ahllari esa hammalari qahri qattiq, dag‘al va beshafqat kimsalardir".
Shunda sahobalar:
– Yo Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam, beshafqat kishi qanday bo‘ladi? – deb so‘radilar.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
– Ular uyidagilariga, do‘stu qarindoshlariga dag‘al muomala qiluvchilardir, deb javob berdilar (Ash’ariydan rivoyat qiligan, Tabaroniy, Daylami rivoyati).