Bismillahir Rohmanir Rohiym
Kishi tongda o‘zining Qur’on virdini – u yod olish yoki tilovat qilish bo‘lsin hamda tongi zikrlarni aytishdan forig‘ bo‘lmagunicha aloqa vositalari, internet tarmoqlarini ochmaslikka o‘zini o‘rgatishi fiqhul avlaviyotdan hisoblanadi.
Chunki ushbu tonggi oraliq, fursat eng qadrli, ahamiyatli vaqtlardan bo‘lib, uni chalg‘itadigan, zehnini parishon qiladigan va vaqtini o‘g‘irlaydigan barcha narsadan chetlangan kishi uchun juda katta foydalar bo‘ladi.
Izoh: “Fiqhul avlaviyot” – ustun turadigan narsalar fiqhi yoki birlamchi masalalar fiqhi deganidir. Ya’ni, shariatda ustun turadigan narsalar fiqhiga nisbatan qo‘llaniladigan atama.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
“Ota – jannat eshiklarining o‘rtasidir”.
Ya’ni: otaning itoatida bo‘lish va unga oq bo‘lmaslik insonni jannatning eng afzal, o‘rta eshiklaridan kirishiga sabab bo‘ladi. Buni Imom Iroqiy zikr qilgan.
Imom Bayzoviy rahimahulloh aytadi: "Bu yerda “o‘rta eshik” degani - eng yaxshi va eng yuksak eshik demak. Ma’nosi shuki, jannatga kirish uchun eng yaxshi vasila - otaga itoat qilish va uning haqqini ado etish".
Bu yerda “ota” degani jins ma’nosida, ya’ni ota-onani o‘z ichiga oladi. Agar ota haqida hukm shu bo‘lsa, ona haqidagi hukm bundan ham kuchliroq va ustunroqdir.
“U eshikni zoye qilish”.
Bu buyruq fe’li bo‘lib, ma’nosi: uni asrashni tark etish, ya’ni otaga itoatni yo‘qotish.
“Yoki uni saqlash”.
Ya’ni: doimiy ravishda uni qo‘lga kiritishga, ya’ni otaga yaxshilik qilish va itoatda bo‘lishga harakat qilish, sening ixtiyoringda.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV