O‘zbekiston Saudiya Arabistoni Podshohligi bilan ko‘plab sohalarda hamkorlik qilib keladi. So‘nggi yillarda bu davlat bilan xayriya yo‘nalishidagi aloqalar yanada rivojlanmoqda. Podshohlik har yili yurtimizga xurmo mevasi, oziq-ovqat mahsulotlari, Qur’on kitoblarini xayriya qilib keladi.
Bir muncha vaqt oldin Saudiya Arabistoni tomonidan “Vaqf” xayriya jamoat fondiga hadya qilingan Qur’on kitoblari kecha Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga yetkazildi. Ta’kidlash joizki, har yili mazkur institutning “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursida minglab yurtdoshlarimiz ta’lim olib, muqaddas kitobni bemalol o‘qiydigan bo‘lib yetishadi. Taqdim etilayotgan bu Mus'haflar esa tinglovchilar uchun haqiqiy sovg‘a bo‘ldi, deyish mumkin.
Jami olti ming dona Qur’on kitoblarini institut rahbariyati, talabalar xursandchilik bilan qabul qilib olishdi.
Alloh taolo yurtimiz diniy ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan mo‘min-musulmonlarning qilgan ehsonlarini O‘z dargohida qabul qilsin. Alloh barchalarimizni ilm ahliga yaxshilik qilishda peshqadamlardan bo‘lishimizni nasib aylasin.
Vaqf.uz
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi taraqqiyoti va Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda amalga oshirilgan o‘zgarishlarga yuqori baho berdi.
U Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston rahbarligiga kelgan davrdagi vaziyat bilan bugungi holat o‘rtasida katta farq borligini ta’kidladi.
"Shavkat Miromonovich O‘zbekistonga rahbarlik qilishni boshlaganida vaziyat butunlay boshqacha edi. Buni O‘zbekiston fuqarolari ham, biz ham juda yaxshi bilamiz. Shu sababli u mamlakatni rivojlanish yo‘liga qo‘yish hamda davlatning iqtisodiy jihatlarini noldan shakllantirish uchun katta kuch bilan ishlashiga to‘g‘ri keldi", — dedi Ilhom Aliyev.
Ozarbayjon rahbari sanoat va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasidagi ishlarga ham to‘xtaldi.
"Bugun biz butunlay boshqacha O‘zbekistonni ko‘rib turibmiz — jahon hamjamiyatining juda hurmatga sazovor a’zosiga aylangan O‘zbekistonni. Sanoatni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalar juda tezkor va samarali hal etilmoqda", — dedi u.
Ilhom Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda amalga oshirilgan ishlar va islohotlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik loyihalari uchun ham muhim zamin yaratgan.
"Shavkat Mirziyoyev va uning jamoasi tomonidan O‘zbekiston uchun qilingan ishlar va bu islohotlar bo‘lmaganida, birorta ham hamkorlik loyihasini amalga oshirishning imkoni bo‘lmasdi", — dedi Ozarbayjon Prezidenti.
Shuningdek, u Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston rahbarligiga kelguniga qadar ikki mamlakat o‘rtasida birorta ham qo‘shma loyiha bo‘lmaganini ta’kidladi.
Ayni paytda tomonlar o‘zaro tovar aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Ilhom Aliyev bu ko‘rsatkichni uzoq muddatli orzu emas, balki yaqin ikki yilda amalga oshadigan natija sifatida baholadi.
"Bugun biz 1 milliardlik tovar aylanmasi haqida gaplashyapmiz. Bu qandaydir uzoq muddatli orzu emas, yaqin ikki yilda amalga oshadigan ishdir", — dedi u.
Ozarbayjon rahbari ikki tomon iqtisodiyoti ehtiyoj sezayotgan sohalardagi investitsiya loyihalari va o‘zaro sarmoyalar ham muhokama qilinganini qayd etib, bunday hamkorlik ikki davlatning parallel ravishda rivojlanishi natijasida yuzaga kelganini qayd etdi.