Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Sentabr, 2026   |   9 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:49
Quyosh
06:08
Peshin
12:17
Asr
16:35
Shom
18:28
Xufton
19:43
Bismillah
20 Sentabr, 2026, 9 Rabi`us soni, 1448
Maqolalar

“Inson qadri” asarini o‘qib...

17.12.2025   18494   1 min.
“Inson qadri” asarini o‘qib...

Inson yer yuzidagi eng go‘zal yaratiq hisoblanadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan: “Batahqiq, Biz insonni eng yaxshi suratda yaratdik” (Tiyn surasi, 4-oyat).

Shunday ekan, nega zamon taraqqiy etgani sayin insonlar bir-birini yetarlicha qadrlamay qo‘ymoqda. Bari inson uchun xizmat qilishga yaratilgan boylik, tilla-temir va boshqa matohlar ba’zan insondan ko‘ra ko‘proq avaylab-asralmoqda. Bir chinni idishni avaylaganchalik bir ko‘ngilni avaylamaydigan nasllar paydo bo‘lyapti...

Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari qalamiga mansub “Inson qadri” asarini o‘qir ekanman, shular haqida o‘yladim. Ushbu asar aziz va mukarram qilingan insonning qadr-qimmati bilan bog‘liq muammolar muolajasiga xizmat qiladi. Unda odamiylik fazilatlariga rioya qilish, inson sha’nini yuksaltirish, unga munosib ehtirom ko‘rsatish, yomon xulq va fitnalardan uzoq yurish yo‘l-yo‘riqlari ko‘rsatiladi.

Zero, bugun axborot to‘qnashuvi avj olgan, yer yuzining turli nuqtalari bir zumda aloqa bog‘lay oladigan bir paytda insoniyat nizo va mojarolar girdobida qolmoqda. Shunday ekan, hozirgi taraqqiyot davrida odamiylik mezonlariga rioya etish, o‘zaro ahillik muhiti yaratib, saodatli hayot kechirish yo‘lida ushbu asar ham bir mayoq vazifasini o‘taydi, inshoalloh.

“Inson qadri” kitobi har bir vatandoshimizga muborak va manfaatli bo‘lsin!

 

Akbarshoh Rasulov

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“ABU NAHV” YOXUD 57 YOSHIDA QUR’ONNI YOD OLGAN ALLOMA

20.09.2026   8384   4 min.
“ABU NAHV” YOXUD  57 YOSHIDA QUR’ONNI YOD OLGAN ALLOMA

Yaxshilar yodi


Muhammadlatif domla dastlabki ta’limni otasi Shayx mulla Olim rahmatullohi alayhdan o‘rganish barobarida u zotning duolarini ham olishga muvaffaq bo‘lgan. Ana shu duoning sharofati bilan u kishi katta olim bo‘lib yetishdi.


Maktabni oltin medal bilan tamomlagan ustoz harbiy xizmatdan qaytgach, Buxorodagi Mir Arab madrasasida, so‘ngra Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida tahsil oldi. O‘sha kezlarda ma’hadga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari mudir edi.


Muhammadlatif domla institutni tugatgach, Buxorodagi Mir Arab madrasasiga talabalarga saboq berish uchun yuboriladi. Keyinchalik yana Toshkentga qaytib, ma’hadda mudarris bo‘lib ishlaydi. O‘sha paytda Toshkent islom institutida eronlik, tojikistonlik va afg‘onistonlik talabalar ham ta’lim olishgan. Muhammadlatif domla fors tilini yaxshi bilgani uchun chet ellik talabalarga shu tildan dars bergan. Qattiqqo‘lligi bois ayrim dangasa talabalar domlaning ustidan shikoyat qilishgan.


Shikoyat chet ellik talabalar nomidan bo‘lgani uchun Tashqi ishlar vazirligi darajasigacha chiqqan. Tabiiyki, bu shikoyat qanoatlantirish uchun O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi rahbariyatiga topshirilgan. Idora rahbariyati rektor Muhammad Sodiq Muhammad Yusufga murojaat qilib, shikoyat yozilgan qog‘ozni ko‘rsatgan.


Shunda Shayx hazratlari muftiyga: “Talabalarning bilmasdan yozgan shikoyatlari sababli tajribali o‘qituvchini ishdan olish adolatdan emas. Agar shunday qilinsa, shikoyatlar yana ko‘payishi mumkin. Buning o‘rniga Muhammadlatif domlaning darsini kuzatish uchun maxsus vakil tayinlayman. Agar vaziyat rostdan ham talabalar shikoyat qilganidek bo‘lsa, u domla bir kun ham ishlamaydi”, degan. Vakil darsni kuzatib, hech qanday e’tiroz yo‘qligini va domlaning talabi o‘rinli ekanini aytadi.


Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasi muftiysi bo‘lganida, Muhammadlatif domla Toshkent islom intitutiga rektor etib tayinlandi. Ikki ulamo O‘zbekistonda diniy ta’limni tubdan isloh qilishga, talabalar sonini ko‘paytirishga va xalqimiz o‘rtasida diniy ta’limni keng yoyishga harakat qiladi.


Shayx hazratlariga o‘sha paytlarda tuhmatlar bo‘ldi va bu tuhmatlardan Muhammadlatif domla ham benasib qolmadi. Ikkala ulamo ishdan bo‘shashga majbur bo‘lishdi.


Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari chet elga chiqib ketdi. Muhammadlatif domla esa “Ko‘kaldosh” madrasasida o‘qituvchi va “To‘xtaboyvachcha” jome masjidiga imom bo‘lib ishga kirdi. Lekin tuhmatlar tinmadi. Oqibatda domla Rossiyaning Qozon shahriga ketib, u yerdagi islom universitetiga o‘qituvchi bo‘lib ishga kirdi. Keyinchalik Chechenistonning prezidenti Ahmad Qodirovning taklifiga binoan Grozniy shahridagi islom universitetiga mudarris bo‘ldi.


Muhammadlatif domla sarf va nahv ilmini yaxshi bilish barobarida fiqh, tafsir va boshqa ilmlarni puxta o‘zlashtirdi. “Kofiya”ni yod oldi. Talabalarga shu fanlardan yoddan dars o‘tar edi. Shu bois u kishi ilm ahli orasida “Abu nahv”, ya’ni nahv ilmining otasi, deya tanildi.


Muhammadlatif domla Chechenistonda dars berib yurgan paytlarida 57 yoshida Qur’oni karimni to‘liq yod oldi. Domladan shogirdlari: “Kalomullohni keksaygan chog‘ingizda yodlashingizning boisi nima?” deb so‘rashganida, u kishi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Qur’on sohibi jannatga kirganida unga: “O‘qi va ko‘taril!” deyiladi. Bas, u o‘qiydi va har bir oyatni o‘qiganida bir daraja yuqorilaydi. (Qur’ondan) oxirgi narsani o‘qigunicha shunday bo‘ladi” (Ibn Moja rivoyati), degan hadislari menga qattiq ta’sir qildi. Ko‘plab talabalarga saboq berdim. Ularning ko‘pi Qur’oni karimni to‘liq yod olishdi. Men, inshoalloh, Allohning inoyati bilan jannatga kirsam, Qur’oni karimni yodlamaganim uchun behishtning quyida qolib ketishni xohlamayman», degan.


Alloh taolo marhum ustozimizning oxiratlarini obod qilsin. Niyatlariga yarasha jannatning eng oliy darajalaridan nasib qilsin.

 

Tolibjon NIZOM

 

“ABU NAHV” YOXUD  57 YOSHIDA QUR’ONNI YOD OLGAN ALLOMA “ABU NAHV” YOXUD  57 YOSHIDA QUR’ONNI YOD OLGAN ALLOMA “ABU NAHV” YOXUD  57 YOSHIDA QUR’ONNI YOD OLGAN ALLOMA
Ibratli hikoyalar