Barchamizni Alloh taolo yaratgan. Taqdirlarimizni ihota qiluvchi yagona Zot ham faqatgina Robbimizning O‘zidir.
Qur’oni karimda: “…Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz…” deyilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Andijon viloyati Paxtaobod tumani "Nurmuhammad hoji" jome masjidi imom noibi Omadbek domla Ergashevning vafoti munosabati bilan oila a’zolari, yaqinlari va qadrdonlariga ta’ziya bildiradi.
Alloh taolo marhum domlani O‘z mag‘firatiga olsin, imonlarini salomat qilsin, qilgan solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhumning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati hokimi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida boshlangan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostidagi ezgulik chellenji davom etmoqda.
Mazkur ezgu tashabbus doirasida Qumqo‘rg‘on tumanida ham ijtimoiy himoyaga muhtoj, e’tibor va ko‘makka ehtiyojmand oilalarning 51 nafar farzandlariga maktab o‘quv qurollari va so‘mkalar topshirildi.
Xususan, ushbu ezgu tadbir Qumqo‘rg‘on tumani "Shah Mashrab" jome' masjidida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Surxondaryo viloyati vakili R.Abdullayev, Surxondaryo viloyati hokimligi kotibiyat mudiri D.O’roqov, tuman Bosh imom-xatibi H.Zayniyev hamda tumandagi barcha masjid imom-xatiblari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Bunday ezgu tashabbuslar orqali yurtdoshlarimizga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularning og‘irini yengil qilish, muammolariga yechim topish hamda xonadonlarga bayramona kayfiyat ulashishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Zero, inson qadri, mehr-oqibat va saxovat bor joyda ezgulik bardavom bo‘ladi.
Qumqo‘rg‘on tuman hokimligi Axborot xizmati