Qiyin vaziyatlarga tushib qolganda yordam beradigan odam bo‘lsa, bu siz uchun bebaho in’omdir. Biz ko‘pincha eng qiyin damlarda yonimizda qoladigan odamlarning borligini yoki qadrini sezmaymiz. Ular qo‘limizdan tutib, bizni qo‘llab-quvvatlab, o‘zimizga ishonmay qolsak ham, hammasi yaxshi bo‘lishiga bizni ishontirib, dalda bergan bo‘lishadi.
O‘zaro munosabatlarning haqiqiy kuchi aynan shunday paytlarda qiyin bo‘lganda namoyon bo‘ladi. Demak, muhabbat nafaqat quvonchli damlarda birga quvonish, balki har qanday sinovdan o‘tishda yelkadosh bo‘lish, matonat va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishdir. Bu so‘z bilan o‘lchanmaydigan, balki harakatlarda namoyon bo‘ladigan haqiqiy hissiyotdir. Xo‘sh, sizning ana shunday bebaho yaqinlaringiz bormi? Bor bo‘lsa, hayotdagi mayda muammolar oldida hecham g‘am yemang. Bilsangiz, siz eng baxtiyor bandalardan ekansiz!..
Akbarshoh Rasulov
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida «May oyi – hadis ilmlari fan oyligi» doirasida «Hadislarni noto‘g‘ri talqin qilishning jamiyatga salbiy ta’siri» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
«Hadis va islom tarixi fanlari» kafedrasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda Modul ta’lim tizimi 2-kurs talabalari ishtirok etdi.
Tadbirni kafedra katta o‘qituvchisi Bahodir domla A’zamov ochib berdi. Ilmiy-ma’rifiy suhbatda «Mirza G‘olib» jome masjidi imom-xatibi Is'hoqjon domla Begmatov ma’ruza qilib, hadislarni noto‘g‘ri tushunish va noxolis talqin qilish jamiyat barqarorligiga zarar yetkazishi haqida muhim ma’lumotlarni taqdim etdi.
Muloqot davomida hadislarni sharhlashda doimo asl manbalarga va mo‘tabar ulamolarning asarlariga murojaat qilish bugungi kunning dolzarb zarurati ekani alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida talabalar mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
Oliymahad.uz