Musulmonlar ommasiga Imomi A'zam nomi ila mashhur bo'lgan bu zot haqida ko'plab maqolalar va kitoblar yozil-gan. Biz esa, u kishining ulug' hayotlari bilan qisqacha tani-shib chiqamiz. Abu Haniyfa No''mon ibn Sobit Kufa shahrida hijriy saksoninchi sanada tavallud topdilar.
U kishi ahli sunna va jamoa fiqh mazhab boshliqlari ichida eng avval tug'ilganlaridir.
Yoshliklaridan tahsili ilm qildilar, bir vaqtning o'zida kasb ham qilar edilar. Ipak sotar edilar. Talabi ilmni tugatishlari bilan dars va fatvo berishni boshladilar. U kishida ilm bilan birga taqvo, ibodat, zohidlik va Allohga yolborish kabi sifatlar ham mujassamlashgan edi.
U kishining shaxsiy faziylatlari haqida alohida ki-toblar yozilgan. Diyniy faoliyatda faqat ilmning o'zi ki-foya qilmaydi. Balki ilm bilan birga taqvo va Alloh tao-loga doimiy bog'liqlik bo'lishi zarur. Bu narsalar imom Abu Haniyfada oliy darajada edi. U kishini ko'mishdan avval yuvgan g'assol Hasan ibn Amora yuvishni tamomlab bo'lib, ka-fanlab qo'yilgan jasadlariga qarab:
«Alloh sizni rahmat qilsin, mag'firat aylasin. O'ttiz yildan beri ro'zasiz yurmadiyngiz. Qirq yil kecha-si yonboshingiz ko'rpa ko'rmadi. Sizdan keyin kelganlar-ni charchatdiyngiz. Qorilarni sharmanda qildiyngiz», degan ekan.
Ma'lumki, o'sha vaqtda hokimlar doimo taqvodor va o'ziga ishonchi bor ulamolardan hadiksirab yurishardi. Ula-molarni nima qilib bo'lsa ham tuzoqlariga ilintirish yoki yo'q qilish payidan bo'lardilar. Shunday holat imom Abu Haniyfa hayotlarida ham bo'lgan. U kishining xalq o'rtasidagi obro'laridan qo'rqqan Yazid ibn Umar ibn Hu-bayra Kufaga qozi qilmoqchi bo'ldi. Abu Haniyfa bosh tor-tdilar. Shunda u kishini qamab qo'yib, har kuni o'n qamchidan urishga amr bo'ldi. Ammo azob ham imom Abu Haniyfani o'z fikrlaridan qaytara olmadi.
Haliyfa Ja'far Mansur Bag'dodni qurayotib, Abu Ha-niyfani Kufadan oldirib keldi. Imom Abu Haniyfa shaharni rejalash va qurishda qatnashdilar. Ammo xaliyfa qozilikni taklif qilganda, bosh tortdilar. Orada yana do'q-po'pisa, tortishishlar bo'ldi.
Imom Abu Haniyfa hayotini o'rgangan tarixchilarning aytishlaricha, u kishi xaliyfa Mansurning: «Agar qozi bo'lmasang, Furot daryosiga oqizib yuboraman», degan do'qlariga: «Daryoda oqishni afzal ko'raman. Bilib qo'y, men bu ishni eplay olmayman», deganlar.
Shunda xaliyfa Imomga: yolg'on aytayapsan, degan. Imom Abu Haniyfa, darhol: sen yolg'onchini qozi qilishga qandoq rozi bo'layapsan, deganlar.
Hokimiyat saroyi bilan Imomi A'zam o'rtalaridagi ke-lishmovchiliklar keyin ham davom etdi. Hokimiyatning yol-lab olgan olimlari xatoga yo'l qo'ysalar ayovsiz fosh qilar, u kishi shu bilan birga, oddiy kishilar, bechoralarni doimo himoya qilar edilar. Imomi A'zam hijriy 150-sanada va-fot etdilar.
Bu buyuk imomning asl ismlarini ko'pchilik bilmaydi ham. Ammo hamma Imomi A'zam, ya'ni «ulug' imom», «katta imom» deb nomlaydi. Haqiyqatda ham u kishi bunga sazovor zotdirlar. «Zar qadrini zargar biladi» deganlaridek, u kishining qadrlarini ham ulamolar, imomlar biladilar.
Imomi A'zam haqida boshqa mazhab sohibi imom Sho-fe'iy: «Odamlar fiqhda Abu Haniyfaning boqimandala-ridir», deganlar.
Boshqa bir mazhab sohib imom Molikdan odamlar «Abu Haniyfani ko'rganmisiz?» deb so'rashganda, «Ha, agar ushbu ustunni tillo demoqchi bo'lsa, hujjat topa oladigan odamligini ko'rdim», deb javob bergan ekan-lar.
Mashhur imom Abdulloh ibn Muborak:
«Fiqhda eng kuchli odam Abu Haniyfadir. Unga o'xsha-shini ko'rmadim», deganlar.
Ulkan ilm sohibi bo'lmish imom Abu Haniyfa o'z mazhablarini bino qilishda Qur'oni Karim, sunnati naba-viya, ijmo', qiyos, sahobalarning qavllariga suyanadilar. Hukmlarni chiqarishda qiyos va istehsonga boshqalardan ko'ra ko'proq murojaat qildilar.
Ulamolar bu haqda u kishining o'z so'zlarini iqtibos qilib keltiradilar: «Men, avvalo, hukmni Allohning kito-bidan olaman, undan topmasam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan olaman. Agar ham Al-lohning kitobida, ham Rasululloh sollallohu alayhi va-sallamning sunnatlarida topa olmasam, sahobalarning ga-pidan boshqanikini olmayman. Gap Ibrohim, Sha'biy, Ibn Siyriyn va Ibn Musayyabga etganda, o'zim ularga o'xshab ij-tihod qilaman», deganlar.
«Mevali daraxtga tosh otadilar» deganlaridek, islo-miy fiqhning dushmanlari, uning eng ko'zga ko'ringan arbobi imom Abu Haniyfani nishonga olganlar. U kishini ayblash orqali fiqh ilmiga futur etkazishga harakat qilganlar. Ba'zi vaqtlarda, bilmasdan, hatto tarafdorlar ham shunga o'xshash nomaqbul narsalarni aytib yurganlar.
Imomi A'zamga qilingan ta'nalardan kattasi u kishini «hadis ilmida qoloq» deb ayblashdir. Dushmanlar: Abu Haniyfa o'n ettita hadis rivoyat qilgan, xolos, deyishadi. Bu botil gap bo'lib, u kishi yolg'iz o'zlari rivoyat qilgan hadislarning soni ikki yuz o'n beshta, boshqalar bilan she-riklikda rivoyat qilgan hadislari esa, juda ham ko'p. U ki-shining «Musnad» nomli kitobidagi namoz bobining o'zida bir yuz sakkizta hadis keltirilgan.
Abul Muayyad Muhammad ibn Mahmud Horazmiy Abu Ha-niyfaning musnadlarini jam' qilib, bir kitob shakliga keltirgan. Bu kitob hijriy 1326-sanada Misrda chop etil-di. Hajmi katta bo'lib, 800 sahifacha keladi.
Ba'zilar: Abu Haniyfa qiyosni zaif hadisdan ustun qo'yadi, deyishgan. Lekin, aslini olganda, unday emas ekan. Ulamolar bu masalani ham o'rganib chiqishgan va Imomi A'zam zaif hadisni qiyosdan ustun qo'yadi, degan xulosaga kelganlar. Bunga misollar ham keltirganlar: «Namozda qahqaha bilan kulsa toharat ketishi haqidagi hadis zaif bo'lsa ham, Abu Haniyfa uni qiyosdan ustun qo'yib qabul qilganlar».
Imom Abu Haniyfaning o'zlari bu haqda: «Allohga qa-samki kim bizni qiyosni nassdan (ya'ni: hadisdan) ustun qo'yadi desa, yolg'on aytibdi va bizga tuhmat qilibdi. Nass bo'lgandan keyin qiyosga hojat qolar edimi?!» deydilar.
Imom A'zam o'z mazhablarida doimo musulmonlarga engillik bo'lishining tarafdori sifatida ijtihod qilganlar.
Kezi kelganda yana bir mulohazani aytib o'tmoqchiman. Hamma, hatto Abu Haniyfa rahmatullohi alayhining mux-lislari ham u kishini ra'y, ya'ni fikriy fiqhning asoschi-si deyishadi va hadisni ko'p ishlatgan imomlarga muqobil qo'yishadi. Huddi boshqa imomlar hadisdan hukm chiqarishgan-u, Imomi A'zam esa fikrlaridan chiqarganga o'xshab qoladi. Menimcha bu xato fikr. Bunga Imomi A'zam yashagan sharoit va boshqa omillar sabab bo'lgan bo'lsa kerak.
Misol uchun, imom Molik umuman boshqa sharoitda yashab, ijod qilganlar. U kishi Madiynai Munavvarada, hadis il-mining markazida yashaganlar. Shuning uchunmi, har bir fiqhiy masala aytganlarida, unga qo'shib hadisdan uning dalilini ham aytganlar.
Imom Molikning «Muvatto''» kitoblarida hadis va rivoyatlar fiqhiy boblar asosida jamlangan.
Imomi A'zam o'zlari ajam bo'lganlar, asosan arabmas xalqlar bilan yashaganlar, ehtimol yana boshqa omillar bo'lgandirki, u kishi fiqhiy hukmni aytib, o'z so'zlari bi-lan ifoda qilganlar-u, ortidan unga dalil bo'lgan hadisni zikr qilmaganlar.
Hanafiy mazhabiga oid fiqhiy kitoblarni mutolaa qilgan har bir kishi buni darhol tushunib etadi. Ammo Ali Qorining «Muxtasari Viqoya» kitobiga yozgan sharhini o'qigan odam Hanafiy mazhabida aytilgan har bir gapning oyat va hadisdan dalili bor ekaniga ishonch hosil qiladi.
Hozirgi kunimizda pokistonlik ulamolardan alloma Zafar Ahmad Usmoniy o'zlarining ustozlari ulug' olim sa-mohatli shayh Ashraf Ali Tahonaviyning ko'rsatmalari ila «E'lous-Sunan» nomli yigirma bir jildli kitobni yigir-ma yil davomida yozib tugatdilar. Bu kitob ulkan mehnat samarasi o'laroq hanafiy mazhabidagi fiqhiy masalalar hadislar asosida echilganini isbot qilibgina qolmay, hadisdan foydalanishda boshqa mazhablardan ustun ekani-ni ham isbot qildi. Abu Haniyfa rahmatullohi alayhiga til tekkizayotganlar avvalo mazkur ikki kitobni o'qib, so'ngra gap boshlasalar, yaxshi bo'ladi.
Alloh taolo o'tgan ulamolarimizning barchasini, jum-ladan, Imomi A'zamni rahmat aylasin. Qolganlarni to'g'ri yo'lga boshlab, o'zi adashtirmasin.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati