Fazilatli shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh aytadilar:
"Hindistonlik ulamo Shayx Abdulhay Laknaviy rohimahulloh haqida eshitgansizlar. Shayx Abdulhay Laknaviy rohimahulloh hind ulamolari orasida nihoyatda mashhur olim bo‘lgan. U zot rohimahulloh qirq yoshga yetmasdan, ya’ni o‘ttiz to‘qqiz yarim yoshda vafot etgan, qirqqa kirib ulgurmagan. Shunga qaramay, u juda ulkan ilmiy meros qoldirgan: uning yozgan asarlari 115 dan ortiq! Ularning ichida kichik risolalar ham, katta kitoblar ham bor. Ammo o‘sha kichik risolalarning o‘zi ham katta bir kitobning o‘rnini bosa oladigan darajada edi, chunki ularning har birida ma’lum bir ilmiy masala nihoyatda puxta va mukammal tarzda yoritib berilgan.
Buning sababi quyidagicha: Bir kuni o‘sha paytdagi Laknav amiri shayxning ilm bilan mashg‘ul bo‘lib, unga chuqur sho‘ng‘ib ketgani va aqlbovar qilmas iste’dodi haqida xabar topadi va uni o‘z huzuriga chaqirtiradi. Shayx amirning oldiga borgach, amir u zotga shunday deydi…
Uning shayxga nima deganini aytishdan avval ushbu voqeani hikoya qilib bergan hind ulamosi menga aytgan yana bir gapni zikr qilib o‘tay: "Biz olti kishidan iborat oila edik: ota-onam va to‘rt nafar farzand - jami olti kishi. Oyiga to‘rt rupiy bizga kifoya qilar edi". Mazkur ulamo Shayx Abdulhay Laknaviy vafotidan o‘ttiz yil o‘tib tug‘ilgan. Ya’ni, o‘sha davrda to‘rt rupiy hozirgidan ancha katta xarid quvvatiga ega bo‘lib, avvallari bu pulga bugungi kundan ko‘ra ko‘proq narsa sotib olish mumkin edi. Shunga qaramay, bu kishi: "Bizning oilamizga oyiga to‘rt rupiy yetardi", deyapti...
Endi avvalgi gapimizga qaytsak: Shunday qilib Laknav amiri Shayx Abdulhayni huzuriga chaqirtirib, u zotga: "Men sizga o‘z hisobimdan oyiga to‘rt yuz rupiy maosh tayinlayman. Siz ilm bilan mashg‘ul bo‘lib, o‘zingizni ilmga bag‘ishlang!" deydi.
Shayx bu voqeadan keyin ilmga butkul berildi va ana shunday buyuk natijaga erishdi! Ey yoshlar, e’tibor bering, aytilgan raqamlarni mulohaza qiling! To‘rt yuz rupiy shayx uchun naqadar katta mablag‘ bo‘lgan. Nega? Ayni mana shu narsa uchun - men sizlarga aytmoqchi bo‘lgan narsa shu: Tolibi ilmni o‘z kafilligiga olish, ya’ni ilm talab qiluvchini moddiy jihatdan ta’minlash!
Bu uning ilmga bo‘lgan ta’siridir. Tarix bizga buni real voqelik misolida ko‘rsatib bermoqda. Shu bois ushbu ishni barcha musulmonlar orasida, jumladan, boy-zodagonlar va ulamolar o‘rtasida yana qayta tiriltirishimiz kerakki, ular o‘zaro hamkorlik asosida shar’iy ilmlar uchun vaqf qo‘llab-quvvatlovini qayta tiklasinlar".
Muhaddis Muhammad Avvoma suhbatlaridan
HIM talabasi
Nazirxonov Hasanxo‘ja tarjimasi
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati