Johilliklari va din dushmanlariga ergashganlari ilmoniylarni shu botqoqqa botirgandi. Ularni tushunsa bo‘ladi, ammo biz ahli sunnani malomat qilishga siz salafiylarni kim majbur qildi?
Ilmoniylarga o‘xshab islomni teran tushunmaslikmi? Yo din dushmanlarining nayrangiga o‘ynashmi?
Bu gaplarim bir toliba qiz so‘ragan savolga javob edi. Qiz: Ahli sunna val jamoa kimlardan iborat?” deb so‘raganida, ichimdan bir oh tortib, barcha toliba qizlarga aytdim:
“Buyog‘iga berkitib o‘tirish yo‘q. Endi haqiqatni yashirib o‘tirish ketmaydi. Endi ularga xushmuomalada bo‘lish ham yo‘q. Murosalashib ham o‘tirmaymiz.
Ahli sunnaga quyidagilardan boshqa hech kim kirmaydi:
• Fiqh va usulda to‘rt mazhabga ergashganlar, har asrda yangitdan chiqib turadigan masalalarda ularning fiqhi va usuliga suyanadiganlar.
• Aqida va usuli dinda Imom Ash’ariy va Imom Moturidiyga ergashadiganlar.
• Tasavvufda sunniy tariqatlarni tan oladiganlar.
Tarixda bu yo‘lda bo‘lmaganlar juda oz bo‘lishgani uchun, yo kamolga yetishmagani uchun ularni qo‘shib o‘tirmadim. Binobarin, to‘laqonli haq uzra bo‘lishga savodul a’zam (ya’ni, ummatning aksari) yurgan yo‘l munosibdir. Buni Nabiy sollallohu alayhi va sallam ta’kidlaganlar.
Qolganlar esa o‘rindiqlarida turib olib musulmolarni o‘ldirishyapti, masjidlarni undagi namozxonlarga qo‘shib portlatib yuborishayotganlardir. Olimlarni o‘ldirayotganlar ham ahli sunnadan tashqaridagilar.
Hoy ulamolar! Hoy da’vatchilar! Ey ixlosli, oqil kishilar! Endi berkitish yo‘q. Odamlarga haqiqatni baralla yetkazing. Butun olamga jar soling. Din dushmanlariga ham uqtirib qo‘ying. Ahli sunna val jamoa shular (moturidiy, ash’ariy, to‘rt mazhabga ergashuvchilar)dir. Tarix ham shularniki, islom ham.
Doktor Ahmad Muhammad Fozil,
Istanbuldagi Sulton Muhammad Fotih jome’asi,
islomiy ilmlar kulliyasi doktori
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi
Abdulbosit Abdulvohid o‘g‘li tarjimasi
Manba: http://t.me/muhaddisuz
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV