Otalarni bekorga “davlatim” demaymiz. Ular bor ekan, hayotda o‘z o‘rnimizni topamiz. Otalar biz yaxshi o‘qishimiz uchun qo‘llaridan nima kelsa, qiladi. O‘z oyoq kiyimlari yirtilib qolsa yamab kiyar, lekin bizga yangisini olib beradi. Ishlari yurishmay sal pul topishlari kamayib qolsa, siqiladi, lekin buni bizga bildirmaydi.
Bolaligimizda-chi! Biz yosh bola bo‘lib, “uni olib bering, buni olib bering”, desak, ko‘nglimizga qarashadi. Tirnoqlarimiz, sochlarimizni olib qo‘yadilar.
Halqimizda “Ota rozi – Xudo rozi”, degan maqol bor. Hayot bo‘lgan otalarimizni qadrlaylik, o‘tib ketgan bo‘lsalar, Alloh rahmat qilsin. Bir gap – ular hatto o‘tgan bo‘lsalar ham bizning davlatlarimiz ekan.
Ey umrim javhari, davlatim otam,
Dillari quyoshdir, mehribon otam,
Sizga izdoshdirman to umrim qadar,
Boshimda doimiy soyabon otam.
Bu dunyo sinovli yolg‘onchi go‘yo,
O‘tgaydur umrlar misoli daryo,
Do‘st degan ulfatim bo‘lsa-da ammo,
Bo‘lolmas siz kabi qadrdon, otam.
Akbarshoh RASULOV
Turkiyadagi “The Voice of Travel” jurnalida O‘zbekistondagi turizm va sayyohlik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Turkiya Sayyohlik agentliklari uyushmasi (TÜRSAB) nashrida yoritilgan maqolada yurtimizning boy tarixiy-madaniy merosi, YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan qadimiy shaharlari, milliy urf-odat va an’analari hamda betakror gastronomik imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berilgan.
Ushbu jurnal Turkiya turizm industriyasi ishtirokchilari, mehmonxonalar va aviakompaniyalar uchun eng muhim axborot manbalaridan biri hisoblanadi.
Nashr bugungi kunda O‘zbekistonda zamonaviy turistik infratuzilma jadal rivojlanayotganiga alohida urg‘u bergan. Xususan, xalqaro aviaqatnovlar tarmog‘ining kengayib borayotgani, mehmonxona va servis xizmatlari sifatining tubdan oshirilayotgani xorijlik, ayniqsa, turk sayyohlari uchun juda katta qulayliklar yaratmoqda.
Mamlakatimizda madaniy va ekoturizm bilan bir qatorda ziyorat turizmi yo‘nalishi alohida o‘rin tutishi qayd etilgan.
Ushbu maqolaning Turkiyaning yetakchi ixtisoslashgan nashrida e’lon qilinishi O‘zbekistonning xalqaro turistik imijini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa vatanimizning boy turizm salohiyatini yirik turistik agentliklar o‘rtasida keng targ‘ib qilinishiga zamin yaratib, o‘zaro sayyohlar oqimini sezilarli darajada kengaytiradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati