Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, axborot oqimi misli ko‘rilmagan darajada tezlashgan asrda inson ongi eng katta kurash maydoniga aylandi. Bu maydonda esa eng xavfli qurol mutaassiblik va radikallashuvdir. Ko‘pincha "haqiqatni izlash" niqobi ostida boshlangan yo‘l, afsuski, ko‘plab insonlarni jamiyatdan uzilishga, oilasidan kechishga va oxir-oqibat fojiaga olib kelmoqda.
Biroq eng muhim savol ochiq qolmoqda: Xato qilgan, adashgan va mutaassiblik ko‘chasiga kirib qolgan inson uchun ortga yo‘l bormi?
Hech kim bir kunda radikal bo‘lib qolmaydi. Bu jarayon odatda bilimsizlikdan boshlanadi. Diniy yoki dunyoviy bilimlarning yuzakiligi insonni manipulyatsiya quroliga aylantiradi. Vaholanki, islom dini birinchi navbatda insonni fikrlashga va ilm olishga chaqiradi. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
«Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!» (Zumar surasi, 9-oyat)
Bu oyat insonni ko‘r-ko‘rona kimgadir ergashishdan emas, balki aql va ilm bilan fikr yuritishga undaydi. Mutaassib inson esa izlanishdan to‘xtagan va faqat muayyan bir guruhning fikrini mutlaq haqiqat deb biladigan kishidir.
Mutaassiblikning eng katta xavfi dunyoni faqat "qora" va "oq"qa ajratishdir. Unda bag‘rikenglik yoki boshqacha fikrlashga joy yo‘q. Inson bu girdobga tushganda, atrofidagi hammani, hatto ota-onasini ham "osiy" sifatida ko‘ra boshlaydi.
Ammo tarix va bugungi kun tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ortga qaytish nafaqat imkon bor, balki zarur hamdir.
Adashgan insonning ortga qaytishiga ko‘pincha qo‘rquv va jamiyatning nafrati xalaqit beradi. Bu yerda eng katta mas’uliyat yaqinlari va jamiyat zimmasiga tushadi. Adashgan insonni jarlikka itarib yuborish emas, balki unga qo‘l uzatish lozim. Zero, Payg‘ambarimiz alayhissalom marhamat qilganlaridek:
«Alloh taolo muloyimdir va muloyimlikni yaxshi ko‘radi. U Zot muloyimlik uchun qattiqqo‘llikka bermagan ajr-mukofotni beradi». (Imom Muslim rivoyati)
Tavba va qaytish yo‘lidagi ilk qadamlar:
To‘g‘ri yo‘lga qaytish imkoni har doim bor. Inson xato qilishi mumkin, lekin xatoda oyoq tirab turish — haqiqiy mag‘lubiyatdir. Mutaassiblikdan qaytish — bu faqat fikrni o‘zgartirish emas, bu — hayotga, oilaga va kelajakka qaytishdir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
masjidi imom-xatibi
Xalqaro media maydonida yo‘lga qo‘yilayotgan yangi hamkorliklar va ilmiy-madaniy loyihalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro faoliyatini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Yaqinda o‘tkazilgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi doirasida boshlangan hamkorliklarning keyingi bosqichi sifatida Parij shahridagi YUNЕSKO Bosh qarorgohida maxsus taqdimot, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya va ko‘rgazma o‘tkazish rejalashtirilgan. Mazkur loyihalarning natijalari va ularga tayyorgarlik jarayoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Ilmiy kengash a’zolari, olim va tadqiqotchilar hamda tegishli yo‘nalishlar uchun mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Unda dastlab xalqaro mediaforumning natijalari tahlil qilindi. Qayd etilganidek, mazkur forum Markazning xalqaro axborot va ilmiy maydondagi faoliyatini kengroq namoyish etish, xorijiy jurnalistlar, media ekspertlar, olim va tadqiqotchilar bilan yangi professional aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Forum davomida Markazning ilmiy-tadqiqot salohiyati, O‘zbekiston hududida shakllangan islomiy ilm-fan va madaniyat merosi, shuningdek, ushbu merosni zamonaviy media vositalari orqali xalqaro auditoriyaga yetkazish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi. Xorijiy OAV vakillarining Markaz faoliyatiga bildirgan qiziqishi hamda o‘zaro muloqotlar kelgusidagi hamkorliklar uchun yangi imkoniyatlarni shakllantirgani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan forum doirasida yo‘lga qo‘yilgan aloqalarni izchil davom ettirish, xalqaro va mahalliy ommaviy axborot vositalari bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Markazning ilmiy loyihalari va tadqiqotlarini xalqaro auditoriyaga kengroq yetkazish bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Ilmiy kengash yig‘ilishida Markazning xalqaro ilmiy-madaniy hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan istiqbolli loyihalardan biri — Parij shahridagi YUNЕSKO Bosh qarorgohida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan maxsus taqdimot, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya va ko‘rgazma loyihasiga tayyorgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur tadbirlar orqali Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-tadqiqot faoliyati, mamlakat hududida shakllangan ilm-fan, ma’rifat, madaniyat va tarixiy merosning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rnini xalqaro ilmiy jamoatchilikka kengroq tanitish maqsad qilingan.
Ayni paytda loyiha doirasida xalqaro olim va tadqiqotchilarni tadbirlarga jalb etish, ilmiy muassasalar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, taqdimot va konferensiya dasturini shakllantirish, shuningdek, ko‘rgazma ekspozitsiyalarini ilmiy va mazmun jihatdan tayyorlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhammedov Parijdagi tadbirlarga tayyorgarlik jarayoni haqida ma’lumot berdi:
“Fransiyadan 50 ga yaqin olim va tadqiqotchiga taklifnomalar yuborilgan. Shuningdek, boshqa xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalar vakillarini jalb etish bo‘yicha ham tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Tadbirning yana bir muhim qismi — YUNЕSKO Bosh qarorgohida tashkil etiladigan ko‘rgazma loyihasi. Besh ekspozitsiyadan iborat ko‘rgazma orqali O‘zbekiston hududida shakllangan ilm-fan, madaniyat va tarixiy merosning muhim jihatlarini xalqaro jamoatchilikka namoyish etish rejalashtirilgan. Ko‘rgazma uchun 35 ta muhim artefakt va 200 ga yaqin qadimiy kitob, shuningdek, tarixiy obidalar maketlarini taqdim etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”.
Ilmiy kengash a’zolari tomonidan mazkur loyihalarning mazmun-mohiyati, ilmiy asoslanganligi va ularni xalqaro auditoriyaga taqdim etish usullari yuzasidan ham fikr almashildi.
Xususan, ko‘rgazma ekspozitsiyalarini shakllantirishda tarixiy manbalarning ilmiy qiymati, artefaktlarning tarixiy ahamiyati va ularning O‘zbekiston hududidagi islom sivilizatsiyasi taraqqiyoti bilan bog‘liq jihatlarini aniq va ishonchli ma’lumotlar asosida yoritish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, xalqaro auditoriyaga taqdim etiladigan materiallarda O‘zbekiston zaminida yuzaga kelgan ilmiy maktablar, buyuk allomalarning jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi hamda bugungi kunda ushbu ilmiy-ma’rifiy merosni o‘rganish va ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar keng qamrab olinishi zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida xalqaro mediaforumda erishilgan natijalarni amaliy loyihalar bilan davom ettirish, xorijiy OAV va ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, Parij shahridagi YUNЕSKO Bosh qarorgohida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlarga tayyorgarlik ishlarini yuqori saviyada tashkil etish hamda Markazning ilmiy-tadqiqot faoliyati va O‘zbekistonning boy islomiy ilmiy-madaniy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.
iccu.uz