«Ey iymon keltirganlar! Sizlarni tiriltiruvchi narsa uchun chorlaganlarida, Allohga va Rasuliga (labbay deb) javob qilingiz! Yana bilib qo‘yingizki, Alloh inson bilan uning qalbi (o‘rtasi)da “parda” bo‘lib turadi va Uning (huzuriga) jamuljam bo‘lursiz» (Anfol surasi, 24-oyat).
Allohning inson bilan qalbi orasiga kirishi U Zotning ojiz bo‘lgan kishini kuchli, kuchli bo‘lganni esa ojiz, sharmandali holda bo‘lgan kishini aziz, jasur kishini qo‘rqoq, qo‘rqoq kishini esa dovyurak, mard kishini qo‘rqoq qila olishi deganidir. Oyati karima kuchga to‘lgan holida Haq taoloni inkor etuvchi kimsalarga teskari ravishda ojizligini o‘ylagan va andishali bo‘lgan mo‘minlarga hazrat Muhammad sollallohu alayhi va sallam bilan birga g‘azot safarida qatnashishlari borasida dalda bo‘ladi. Unga ko‘ra, oyat Allohning elchisi bilan birga g‘azotga borishga qaror qilganlarning qalbiga kirib, ularni dushmanga qarshi kuchli qiladigan ilohiy dalda bera olishi ta’kidlanmoqda.
Shu ma’noda oyatni ikki shaklda izohlash mumkin:
Birinchisi, o‘lim vaqti kelmasidan avval tavba qilishga shoshilish haqida so‘z borib, oyat kishini shunday ogohlantiradi: “Insonning qalbi bilan tavbasi orasiga o‘lim kirmasidan avval Alloh va elchisining chaqirig‘iga ijobat qilingan”.
Ikkinchisi, qilgan gunohlari sababli insonni qalbi muhrlangan amallariga aloqador. Shundayki, inson qilgan gunohlari natijasi sifatida qalbi bilan asl maqsadi (oxirati) o‘rtasida zulmat, ya’ni qorong‘ulik yuzaga keladi (“Ta’vilot”, 6/194-195).
Muzaffar KOMILOV, Abdumurod TILAVOV tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2025 yil 23-sonidan
Muvaffaqiyatga erishganlardan biri shunday hikoya qiladi: “Men faqir bo‘lib tug‘ildim, beshikdaligimdan yo‘qchilik men bilan birga bo‘ldi. Onamning qo‘lida hatto qotgan non ham yo‘q bo‘lgan paytlarda bir burda non so‘rash achchiqligini tuydim. O‘n yoshga yetganimda ko‘chaga ishlash uchun chiqa boshladim, yilda bir oygina o‘qirdim. O‘n bir yillik og‘ir mehnatdan so‘ng yigirma bir yoshga yetgan vaqtimda sakson dollar evaziga birgina ho‘kiz va oltita qo‘zichoqqa ega bo‘ldim. Shu yoshga yetgunimga qadar rohatlanish uchun bir so‘m ham sarflamadim, topgan barcha pullarimni jamlar edim. Haqiqiy mashaqqatni boshdan kechirdim, yashash uchun uzoq ish izladim, oxiri aravaga ho‘kizni qo‘shib o‘tin terishga o‘tdim. Bir oyda olti dollarga ega bo‘lish uchun ertadan kechgacha bor kuchim bilan ishlar edim. Ushbu olti dollarning har biri menga qorong‘u zulmatdagi to‘lin oydek go‘zal ko‘rinar edi”.
Shu’la: Agar o‘tmishda xatolarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsangiz endi ulardan ta’lim oling. Ulardan ibrat olganingizdan so‘ng barchasini unuting.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan