Buxoro shahridagi Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida taniqli ulamo, shayx Yusufxon to‘ra Shokirov tavalludining 100 yilligi munosabati bilan “Yusufxon to‘ra Shokirov – umrini islom ma’rifatiga bag‘ishlagan alloma” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Davra suhbatida ta’lim muassasasi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari A.Najmiddinov, Buxoro davlat universiteti Filologiya fakulteti o‘qituvchisi A.Hamidov, madrasa ustozlari va talabalar ishtirok etdilar.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar allomaning ibratli hayot yo‘li va ilmiy merosi haqida to‘xtalib o‘tdilar. Ta’kidlanganidek, Yusufxon to‘ra Shokirov 1926 yili Qirg‘izistonning To‘qmoq shahrida tavallud topgan bo‘lib, ilm yo‘lidagi dastlabki qadamlarini mashhur “Mir Arab” madrasasida (1948–1954 yillar) boshlagan. Keyinchalik Misrning dunyoga mashhur “Al-Azhar” universitetida (1955–1961 yillar) tahsil olib, yuksak ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan.
Yusufxon to‘ra Shokirov o‘z faoliyati davomida nafaqat ma’muriy mas’ul lavozimlarda ishlagan, balki Mir Arab madrasasi va Toshkent islom institutida ko‘plab shogirdlar tarbiyalagan. Uning qalamiga mansub:
· “Qissasi Rabg‘uziy kitobidagi oyat va hadislar”,
· “Islom – iymon, e’tiqod va hayot ramzi” kabi monografiyasi,
· “Alisher Navoiy asarlarining izohli lug‘ati” kabi ilmiy ishlari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — talaba-yoshlarni buyuk ulamolarning hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishtirish, ularda ilmga muhabbat va ajdodlar merosiga hurmat tuyg‘usini shakllantirishdan iborat.
Davra suhbati qizg‘in savol-javoblar bilan yakunlandi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldilar.
A.Najmiddinov
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.
Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.
Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.
Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.
Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati