Bir qishloqda Yusuf ismli mehribon yigit yashardi. U har kuni qishloq chetidagi chashmaga borib, chanqagan hayvonlarga suv berar, mahalladoshlariga ko‘maklashishni kanda qilmasdi.
Kunlarning birida qishloqqa bir begona odam keldi. Uning kiyimlari yirtilib, o‘zi bir ahvolda, gapirishga ham holi yo‘q edi. Qishloqdagilar uning kimligi va nima maqsadda kelganini bilmasdan unga qaramadi ham. Ammo Yusuf unga befarq bo‘lmay yegulik va suv berdi. O‘ziga kelib olishi uchun hech kim yashamaydigan pasqam uyidan joy tayyorladi. U Yusufning mehribonligidan ta’sirlanib, ko‘z yoshlari bilan minnatdorlik bildirdi.
Bir necha kun o‘tib, u o‘ziga kelganidan so‘ng gap boshladi:
– Men sizlardan bir necha chaqirim naridagi qishloqda yashayman. Yoz kunlari qishlog‘imizga suv yetib bormayapti. Sizlar esa suvning boshida yashaysizlar, shu bois suvdan teng foydalanish haqida kelishmoqchi bo‘lib kelayotgan edim. Ammo yarim yo‘lga yetganimda yomg‘ir yog‘ib, adir yo‘lidagi soy suvga to‘ldi va yo‘lakniyam yuvib meni ham oqizib ketdi. Shukrki, bir katta daraxtga ilinib, jonim omon qoldi. Yomg‘ir tinib, suv qaytgach, uyga qaytishni ham, sizlar tomonga kelishni ham bilmay qoldim. Chunki hammayog‘im bir ahvolda edi. Nima bo‘lsa, bo‘lar deya qishlog‘ingizga kelaverdim.
Yusuf uning niyatini qishloq oqsoqollariga yetkazdi. Ular: “Yaxshilik qilishimiz albatta, yaxshilik bilan qaytadi”, deya bu kelishuvga rozi bo‘ldi.
Shu tariqa ikki qishloq orasida suv manbasini adolatli bo‘lishish haqida kelishuv tuzildi. Yusufning mehribonligi ikki qishloqni bir-biriga yaqinlashtirdi.
Nafisa PARDAYEVA
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 11-sonidan
Sayyor yig‘ilish
2026 yil 7 aprel kuni Piskent tumanidagi «Piskent» jome masjidida navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov raislik qildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zMI Toshkent viloyati vakili, bosh imom Doniyor domla Ikromov, tumanlar-shaharlar bosh imom-xatiblari hamda otinoyilar, shuningdek, Piskent tumanidagi masjidlar imom-xatiblari, noiblar, otinoyilar, “Haj 2025” ziyoratchilari va mhallalar raislariishtirok etdi.
Yig‘ilish ishtirokchilari Piskent tumanidagi 7 ta masjid hamda 23 ta mahallaga biriktirildi.
Tadbir doirasida har bir mahallaning kamida 5 tagacha muammoli xonadoniga kirilib, u yerda yashayotgan kishilardan hol-ahvol so‘raldi.
Imom-xatiblar 7 toifaga mansub 115 ta oilaga kirilib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlari olib borildi.
2 ta xonadonda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lgan fuqaro bilan suhbatlashildi, uning tushunchalari to‘g‘rilandi.
Notinch oilalar o‘rganilib, ular yarashtirildi.
Shuningdek, 16 ta xonadonda ichkilikka ruju qo‘ygan kishilar bilan suhbatlar o‘tkazildi.
Ma’naviy ko‘makka muhtoj 18 ta oila ila muloqot qilindi.
Muxtasar aytganda, birgina shu tadbir doirasida mahallalardagi barcha jihat qamrab olindi.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati