Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Sentabr, 2026   |   6 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:45
Quyosh
06:05
Peshin
12:18
Asr
16:40
Shom
18:33
Xufton
19:49
Bismillah
17 Sentabr, 2026, 6 Rabi`us soni, 1448

Mehribon Yusuf

14.01.2026   7299   1 min.
Mehribon Yusuf

Bir qishloqda Yusuf ismli mehribon yigit yashardi. U har kuni qishloq chetidagi chashmaga borib, chanqagan hayvonlarga suv berar, mahalladoshlariga ko‘maklashishni kanda qilmasdi.

Kunlarning birida qishloqqa bir begona odam keldi. Uning kiyimlari yirtilib, o‘zi bir ahvolda, gapirishga ham holi yo‘q edi. Qishloqdagilar uning kimligi va nima maqsadda kelganini bilmasdan unga qaramadi ham. Ammo Yusuf unga befarq bo‘lmay yegulik va suv berdi. O‘ziga kelib olishi uchun hech kim yashamaydigan pasqam uyidan joy tayyorladi. U Yusufning mehribonligidan ta’sirlanib, ko‘z yoshlari bilan minnatdorlik bildirdi.

Bir necha kun o‘tib, u o‘ziga kelganidan so‘ng gap boshladi:

– Men sizlardan bir necha chaqirim naridagi qishloqda yashayman. Yoz kunlari qishlog‘imizga suv yetib bormayapti. Sizlar esa suvning boshida yashaysizlar, shu bois suvdan teng foydalanish haqida kelishmoqchi bo‘lib kelayotgan edim. Ammo yarim yo‘lga yetganimda yomg‘ir yog‘ib, adir yo‘lidagi soy suvga to‘ldi va yo‘lakniyam yuvib meni ham oqizib ketdi. Shukrki, bir katta daraxtga ilinib, jonim omon qoldi. Yomg‘ir tinib, suv qaytgach, uyga qaytishni ham, sizlar tomonga kelishni ham bilmay qoldim. Chunki hammayog‘im bir ahvolda edi. Nima bo‘lsa, bo‘lar deya qishlog‘ingizga kelaverdim.

Yusuf uning niyatini qishloq oqsoqollariga yetkazdi. Ular: “Yaxshilik qilishimiz albatta, yaxshilik bilan qaytadi”, deya bu kelishuvga rozi bo‘ldi.

Shu tariqa ikki qishloq orasida suv manbasini adolatli bo‘lishish haqida kelishuv tuzildi. Yusufning mehribonligi ikki qishloqni bir­-biriga yaqinlashtirdi.

Nafisa PARDAYEVA

“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 11-sonidan

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari — ilmiy kengash yig‘ilishida muhokama qilindi

16.09.2026   16035   4 min.
Xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari — ilmiy kengash yig‘ilishida muhokama qilindi

Xalqaro media maydonida yo‘lga qo‘yilayotgan yangi hamkorliklar va ilmiy-madaniy loyihalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro faoliyatini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Yaqinda o‘tkazilgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi doirasida boshlangan hamkorliklarning keyingi bosqichi sifatida Parij shahridagi YUNЕSKO Bosh qarorgohida maxsus taqdimot, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya va ko‘rgazma o‘tkazish rejalashtirilgan. Mazkur loyihalarning natijalari va ularga tayyorgarlik jarayoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilindi.


Yig‘ilishda Ilmiy kengash a’zolari, olim va tadqiqotchilar hamda tegishli yo‘nalishlar uchun mas’ul xodimlar ishtirok etdi.


Unda dastlab xalqaro mediaforumning natijalari tahlil qilindi. Qayd etilganidek, mazkur forum Markazning xalqaro axborot va ilmiy maydondagi faoliyatini kengroq namoyish etish, xorijiy jurnalistlar, media ekspertlar, olim va tadqiqotchilar bilan yangi professional aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.


Forum davomida Markazning ilmiy-tadqiqot salohiyati, O‘zbekiston hududida shakllangan islomiy ilm-fan va madaniyat merosi, shuningdek, ushbu merosni zamonaviy media vositalari orqali xalqaro auditoriyaga yetkazish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi. Xorijiy OAV vakillarining Markaz faoliyatiga bildirgan qiziqishi hamda o‘zaro muloqotlar kelgusidagi hamkorliklar uchun yangi imkoniyatlarni shakllantirgani ta’kidlandi.


Shu munosabat bilan forum doirasida yo‘lga qo‘yilgan aloqalarni izchil davom ettirish, xalqaro va mahalliy ommaviy axborot vositalari bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Markazning ilmiy loyihalari va tadqiqotlarini xalqaro auditoriyaga kengroq yetkazish bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.


Ilmiy kengash yig‘ilishida Markazning xalqaro ilmiy-madaniy hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan istiqbolli loyihalardan biri — Parij shahridagi YUNЕSKO Bosh qarorgohida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan maxsus taqdimot, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya va ko‘rgazma loyihasiga tayyorgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.


Mazkur tadbirlar orqali Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-tadqiqot faoliyati, mamlakat hududida shakllangan ilm-fan, ma’rifat, madaniyat va tarixiy merosning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rnini xalqaro ilmiy jamoatchilikka kengroq tanitish maqsad qilingan.


Ayni paytda loyiha doirasida xalqaro olim va tadqiqotchilarni tadbirlarga jalb etish, ilmiy muassasalar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, taqdimot va konferensiya dasturini shakllantirish, shuningdek, ko‘rgazma ekspozitsiyalarini ilmiy va mazmun jihatdan tayyorlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.


Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhammedov Parijdagi tadbirlarga tayyorgarlik jarayoni haqida ma’lumot berdi:

“Fransiyadan 50 ga yaqin olim va tadqiqotchiga taklifnomalar yuborilgan. Shuningdek, boshqa xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalar vakillarini jalb etish bo‘yicha ham tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Tadbirning yana bir muhim qismi — YUNЕSKO Bosh qarorgohida tashkil etiladigan ko‘rgazma loyihasi. Besh ekspozitsiyadan iborat ko‘rgazma orqali O‘zbekiston hududida shakllangan ilm-fan, madaniyat va tarixiy merosning muhim jihatlarini xalqaro jamoatchilikka namoyish etish rejalashtirilgan. Ko‘rgazma uchun 35 ta muhim artefakt va 200 ga yaqin qadimiy kitob, shuningdek, tarixiy obidalar maketlarini taqdim etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”.


Ilmiy kengash a’zolari tomonidan mazkur loyihalarning mazmun-mohiyati, ilmiy asoslanganligi va ularni xalqaro auditoriyaga taqdim etish usullari yuzasidan ham fikr almashildi.


Xususan, ko‘rgazma ekspozitsiyalarini shakllantirishda tarixiy manbalarning ilmiy qiymati, artefaktlarning tarixiy ahamiyati va ularning O‘zbekiston hududidagi islom sivilizatsiyasi taraqqiyoti bilan bog‘liq jihatlarini aniq va ishonchli ma’lumotlar asosida yoritish muhimligi qayd etildi.


Shuningdek, xalqaro auditoriyaga taqdim etiladigan materiallarda O‘zbekiston zaminida yuzaga kelgan ilmiy maktablar, buyuk allomalarning jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi hamda bugungi kunda ushbu ilmiy-ma’rifiy merosni o‘rganish va ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar keng qamrab olinishi zarurligi ta’kidlandi.


Yig‘ilish yakunida xalqaro mediaforumda erishilgan natijalarni amaliy loyihalar bilan davom ettirish, xorijiy OAV va ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, Parij shahridagi YUNЕSKO Bosh qarorgohida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlarga tayyorgarlik ishlarini yuqori saviyada tashkil etish hamda Markazning ilmiy-tadqiqot faoliyati va O‘zbekistonning boy islomiy ilmiy-madaniy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi. 

 

iccu.uz

Xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari — ilmiy kengash yig‘ilishida muhokama qilindi
O'zbekiston yangiliklari