Bismillahir Rohmanir Rohiym
Allohning barcha xohish-irodasiga rozilik va Unga butunlay taslim bo‘lish Parvardigor nazdidagi bandalik va ibodatning eng oliy darajasi hisoblanadi. Aynan shu ikki sifat – taslimiyat va tavakkulda Islomning kamoloti mujassamdir. Taslimiyat sifatiga ega bo‘lgan kishi, deylik, Iblis kabi Allohning la’natiga uchragan taqdirida ham, Parvardigori unga munosib ko‘rgan bunday qazoi qadarga xuddi o‘zining iymonu islomiga rozi bo‘lgani kabi rozi bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham haqiqiy banda Allohning qazoi-qadaridan rozi bo‘ladi, o‘zining fe’lidan emas. Agar inson biror noxush vaziyatga tushib qolib, bundan bezovtalanadigan bo‘lsa, demak, bu holda u o‘z nafsining qulidir. Agar yaxshimi-yomonmi, qanday holga tushmasin, uning unga hech qanday farqi bo‘lmasa, demak, u Yaratganning haqiqiy bandasidir. Xuddi mana shu narsa har bir ishning asosi va ildizidir. Shuning uchun ham, ey tolib, Alloh haq subhonau va taolo sizning mudom parvardigoringiz bo‘lib qolganidek, siz ham mudom uning bandasi bo‘lishlikka intiling. Bu haqda quyidagi bayt qanday yaxshi bitilgan:
“Olqish, e’tirozni gar bilmasang teng,
Qasamki, olihang but ekan sening!”
Bu masalada Islomdagi barcha tariqatlarning ulug‘lari ittifoq qilgan ekanlar.
Bir kun imom Sha’roniy quddisa sirruhu o‘zlarining shayxlari Ali Xavvos quddisa sirruhudan so‘radilar:
– Kambag‘al kimsalarga nisbatan qanday munosabatda bo‘lmog‘imni maslahat berasiz, ularga in’omu ikrom qo‘rsatib, ahvollarini o‘zgartirganim yaxshiroqmi yoxud azbaroyi Yaratganning ular uchun munosib ko‘rgan qismatiga odobu ehtirom yuzasidan o‘z hollaricha qoldirganim durustroqmi?
Shayx Ali Xavvos quddisa sirruhu shunday javob berdilar:
– Mening fikrimcha, adabni saqlaganing ma’qulroqdir. Alloh taoloning bir boyni faqirga aylantirib qo‘yishi, avvalo, unga O‘zining hikmati va irodasi izhori uchun bo‘ladi. Zero, borliqdagi biror bir mavjudot Uning nazari va e’tiboridan chetda qolgan emas. Uni o‘ziga do‘st tutgan har bir kishi, odob yuzasidan, bu borliqdagi U kuzatib turgan barcha narsani o‘z holicha qo‘ygani ma’qulroq. Ya’ni mavjud holatni Parvardigordan tayinli bir ko‘rsatma bo‘lmagani holda o‘zingcha o‘zgartirishga shoshilma! Shunday ham bo‘lishi mumkinki, o‘zingcha bir faqirni boyga aylantirishni xohlab qolsang Alloh taolo uning holini sening boshinga solib qo‘yadi. O‘zi asrasin-u, mabodo shunday bo‘lib qolguday bo‘lsa, sen o‘sha o‘zing uchun yaxshi va rozi bo‘lgan holingdan ayrilib, sen uchun yaxshi bo‘lmagan va sen undan rozi bo‘lmagan bir holga tushib qolishing mumkin. Bu ham xuddi sening bir bandani Alloh taolo yaxshi ko‘rgan va undan rozi bo‘lgan holidan ayirib qo‘yganingga o‘xshashdir. Bordiyu Alloh taolo seni shu jazo bilan jazolamay, afv etgan taqdirda ham bu narsa Uning makridan xoli emas. U seni sen kutmagan tomondan g‘aflatda qoldirib, boshqa halok bo‘lganlar qatori halok etishni iroda etgan bo‘lishi mumkin.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi doirasida ulug‘ mutafakkir, tasavvuf olimi Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Ushbu nufuzli tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti, Butunjahon musulmon donishmandlar kengashi, IRCICA, ICESCO, Al-Azhar ulamolar kengashi vakillari hamda yetuk sharqshunos va islomshunos olimlar ishtirok etmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar.
Muftiy hazratlari Sayyid Yahyo Bokuviyning tasavvuf tarixidagi maqomi va uning ta’limoti haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, nutqda alloma nafaqat tasavvuf, balki diniy ilmlar, tabiiy va aniq fanlarni egallagan qomusiy olim bo‘lgani, o‘ttizga yaqin asarlari inson nafsini tarbiyalashda muhim qo‘llanma ekani ta’kidlandi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karim va hadisi shariflarga tayangan holda qalb salomatligi va pokligi inson hayotining bosh mezoni ekanini bayon etib, turkiy xalqlarni bog‘lab turgan umumma’naviy ildizlarga alohida urg‘u berdilar:
«Hazrat Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi buyuk zotlar ilgari surgan nafs tarbiyasi, insonparvarlik va yuksak axloq g‘oyalari bugun ham qardosh xalqlarimizni birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir. Bunday ulug‘ siymolar merosini hamkorlikda o‘rganish xalqlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash va yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi».
Uch kunlik anjuman davomida O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi ham ma’ruzalar bilan ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati