#yashil_makon #yangilik
Obodlik ko‘ngildan boshlanadi. Buni yaxshi anglagan mehnatsevar xalqimiz hamisha bu zaminni obod qilishga intiladi. Atrofning go‘zalligi, yashillikka burkanishi, kishilarda bahoriy kayfiyat uyg‘otadi. Bunday xayrli amallar, avvalo, insonlar salomatligi va ruhiyatiga ijobiy ta’sir qiladi.
Muhtaram Prezidentimiz 2025 yilning 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga qilgan Murojaatnomasida ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetikani rivojlantirish va suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratilib, Surxondaryo viloyatida chang-to‘zonlarning oldini olish maqsadida o‘n ming gektar maydonda yashil makon barpo etish borasidagi topshiriqlari ham shu yo‘nalishdagi ezgu tashabbuslarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Surxondaryo viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Surxondaryo viloyati vakilligi yurtboshimizning xayrli tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda viloyatda muntazam esadigan changli shamollarning salbiy ta’sirini kamaytirish, yashil belbog‘lar barpo etishga kirishdi. Viloyatning Angor va Termiz tumanlarini bog‘lovchi M-39 xalqaro avtomagistral yo‘li bo‘yida joylashgan uch gektar yer maydonda ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. Ushbu tadbir oldi jonliq so‘yilib, xayrli duolar qilindi. So‘ng hududda yapon tuti, jiyda, katalpa va sosna kabi mevali va manzarali ko‘chatlar ekilib, “yashil belbog‘” barpo etilmoqda.
Ana shunday xayrli ishlarga barchamiz o‘z hissamizni qo‘shib, yurtimiz obodligiga hissa qo‘shaylik, azizlar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan turli sohalar vakillari faxriy unvonlar, ordenlar va medallar bilan mukofotlandilar.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Kamilov Muzaffar Muratovich "Do‘stlik" ordeni bilan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Abduxalikov Firdavs Fridunovich «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan, mazkur akademiyaning "Arab tili va adabiyoti al-Azhar" kafedrasi professori Islomov Zohidjon Mahmudovich «Imom Buxoriy» ordeni bilan va akademiya huzuridagi "Ziyo" media markazi direktori Muxtarov Abduxamid Abduaxatovich "Shuhrat" medali bilan taqdirlandilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi doimiy hamkor tashkilotlarimiz rahbarlari va ustozlarni mazkur yuksak mukofotlar bilan muborakbod etib, Alloh taolodan mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va muborak dinimiz rivoji yo‘lidagi faoliyatlarida yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati