O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan xatmi Qur’on tadbirlarining saviyasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, Ramazon arafasida qorilarni saralash, ularning xatmi Qur’on tadbirlariga tayyorgarlik darajasini aniqlash maqsadida suhbatlar tashkil qilish an’anaga aylandi.
Bugun 19 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi "Qur’on va tajvidni o‘rgatish" bo‘limida Ramazon oyida Respublika hududidagi masjidlarda xatm qiladigan qorilarni suhbatdan o‘tkazish Hay’ati yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Bo‘lim boshlig‘i Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum va Masjidlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Muzaffar domla Kamolov raisligida o‘tgan ushbu yig‘ilishda ustoz qorilardan iborat Hay’at a’zolari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda Ramazon oyiga munosib tayyorgarlik ko‘rish, xususan, masjidlardagi xatmi Qur’on tadbirlarida qatnashadigan qorilarni suhbatdan o‘tkazish masalalari batafsil muhokama qilindi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgan Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vaziri Fahd Al-Jalajel Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur majmua tarix, ilm-fan va ma’rifatni zamonaviy formatda uyg‘unlashtirgan holda kelajak avlod uchun yangi bilim muhitini yaratayotganini ta’kidladi, xabar bermoqda iccu.uz.
Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vaziri Fahd Al-Jalajel O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, islom sivilizatsiyasi tarixi, buyuk allomalarning boy ilmiy merosi hamda raqamli va interaktiv texnologiyalar asosida tashkil etilgan ko‘rgazmalar bilan tanishdi.
Tashrif davomida mehmon Markazning ekspozitsiyalari orqali islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik taraqqiyoti, ilm-fan va ma’rifat an’analari, Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston hududida yetishib chiqqan allomalarning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, Yangi O‘zbekistonda madaniy merosni asrash va targ‘ib etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan yaqindan tanishdi.
Suadiyalik martabali mehmon Markaz faoliyati haqida fikr bildirib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu majmua islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va ma’naviy merosini zamonaviy muzeyshunoslik yechimlari orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
«Islom sivilizatsiyasi markazida asrlar davomida shakllangan ilm-fan va ma’rifat tarixini ko‘rib, katta g‘urur va iftixor tuyg‘ularini his qildim. Bu yerda sivilizatsiyaning zamon bilan hamnafas rivojlanganini ko‘rish mumkin. Prezident Shavkat Mirziyoyevga ushbu muzey va boy tarixni butun dunyoga tushunarli tilda taqdim etish imkoniyatini yaratgani uchun minnatdorchilik bildiraman.
Bu markaz yosh avlodga o‘tmish sivilizatsiyalari haqida chuqur tasavvur beradi, ularni o‘z tarixi bilan bog‘laydi va har bir davrning bugungi taraqqiyot bilan uzviy bog‘liqligini ko‘rsatadi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan bunday islohotlar va taraqqiyot yutuqlarini ko‘rishdan biz, Saudiya Arabistonidagi birodarlaringiz, chin dildan mamnunmiz», – dedi u.
Fahd Al-Jalajelning fikricha, bunday tashabbuslar turli mamlakatlar o‘rtasida madaniy muloqotni mustahkamlash, umumiy sivilizatsion merosni anglash va ilm-fan hamda ma’rifat sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun muhim poydevor vazifasini bajaradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati