Termiz shahridagi “Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida taniqli ulamo Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbuslari bilan diniy sohada ko‘p yillar xizmat qilgan ulamolar xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilmoqda. Shunday tadbirlardan biri — “Ilm va ma’rifatga bag‘ishlangan umr” mavzusida “Imom Termiziy” ta’lim muassasasida tashkil etildi.
Tadbirda ta’lim muassasasi rahbariyati, ustozlar va talabalar ishtirok etib, Shayx Yusufxon to‘ra Shokirovning hayot yo‘li va ilmiy merosi haqida so‘z yuritdilar. Ulamoning din ravnaqi va xalq ma’rifati yo‘lidagi fidokorona xizmatlari yodga olinib, ilmiy faoliyati va qoldirgan boy ma’naviy xazinasining bugungi kun yoshlari uchun ahamiyati ta’kidlandi.
Tadbir davomida notiqlar Shayx Yusufxon to‘raning olimlik va insoniylik fazilatlari talabalar uchun haqiqiy ibrat maktabi ekanini e’tirof etdilar.
Shuningdek, ta’lim muassasasining rasmiy ijtimoiy tarmoqlarida “Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov — ilm va ma’rifat fidoyisi” sarlavhali keng qamrovli ilmiy maqola chop etildi. Unda allomaning sermahsul ijodi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi ko‘p yillik faoliyati tahlil qilingan.
Bu kabi tadbirlar ajdodlar xotirasini e’zozlash va kelajak avlodni milliy-diniy qadriyatlarimizga sodiq ruhda tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha
direktor o‘rinbosari I.Boboqulov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ey farzand! Raqamli olam shunchaki ekranlardan iborat emas. U – erkaklarning g‘ururi va qizlarning hayosi sinovdan o‘tadigan haqiqiy imtihondir. Shuning uchun bu so‘zlarni qalbing bilan o‘qi.
Ey farzand! Google, Facebook, Twitter va WhatsApp – chuqur dengizga o‘xshaydi. Unda ko‘p insonlarning axloqi yo‘qoldi, ko‘p aqllar halokatga uchradi!
Ey farzand! Uning to‘lqinlari ko‘p qizlarning hayosini yutib yubordi va ko‘p insonlar halok bo‘ldi. Shuning uchun u yerda asalari (arilar) kabi bo‘l, faqat pok narsaga qo‘n, o‘zingga va boshqalarga foyda keltir.
Chivin (yoki pashsha) kabi bo‘lma, u qayerda kasallik bo‘lsa, o‘sha yerdan uni tarqatadi!
Ey farzand! Internet – katta bozor. Bu yerda hech kim o‘z “tovarini” bepul bermaydi. Har kim biror narsa evaziga harakat qiladi. Ogoh bo‘l!
Ba’zilar axloqni buzishni istaydi.
Ba’zilar shubhali g‘oyalarni tarqatadi.
Ba’zilar esa faqat mashhurlik izlaydi.
Shuning uchun har bir “tovarni” yaxshilab tekshirmasdan olma.
Ey farzand! Noma’lum havolalarni (linklarni) ochishdan saqlan. Chunki ularning ba’zisi tuzoq bo‘lishi mumkin: xakerlik, ma’lumot o‘g‘irlash, zarar va halokat.
Ey farzand! Latifalar va yolg‘on xabarlarni tarqatma. Harom ishlarga oid “copy-paste” qilishdan ham ehtiyot bo‘l.
Chunki sen internetda savob va gunoh bilan savdo qilayotganingni unutma.
Ey farzand! Izoh yozish yoki biror narsani ulashishdan oldin o‘zingdan so‘ra: “Bu ish Allohni rozi qiladimi yoki g‘azablantiradimi?”.
Ey farzand! Ko‘zing bilan ko‘rmagan odamingni do‘stligiga ishonma. Faqat yozganlariga qarab insonlarga hukm chiqarma. Chunki ko‘pchiligi niqoblangan! Haqiqat shuki: “Ularning suratlari soxta bo‘lishi mumkin, axloqi jozibali ko‘rinishi mumkin. Ular niqob taqadi va “rostdek ko‘rinib yolg‘on gapiradi”. Shuning uchun zohirga aldanma”.
Ey farzand! Soxta ismlardan ehtiyot bo‘l. Chunki ularning egalari ko‘pincha o‘zlariga ishonmaydi.
O‘ziga ishonmagan odamga sen ham ishonma.
Ey farzand! Seni ranjitganni sen ham ranjitma.
Chunki sen o‘z axloqingni namoyon qilasan, u esa o‘z tabiatini ko‘rsatadi.
Har bir idish ichidagi narsa bilan toshadi.
Go‘zallik javobda emas, tilingda!
Ey farzand! Yozadigan narsangni yaxshilab o‘yla. Chunki sen yozasan, farishtalar ham yozadi, Alloh esa hammasini ko‘rib, hisobini qiladi.
Shuning uchun sahifangni Qiyomat kuni senga qarshi emas, balki senga guvoh bo‘ladigan qilib yurit!
Homidjon qori ISHMATBЕKOV