“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurtida taniqli diniy ulamo Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov tavalludining 100 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir boshida bilim yurti talabalari tomonidan tayyorlangan Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan “Ilm va ma’rifat yo‘lida kechgan umr” mavzusidagi video rolik namoyish etildi.

Mazkur tadbirga allomaning o‘g‘li, O‘zbekiston musulmonlari idorasida uzoq yillar samarali xizmat qilgan Muhammad Akmalxon Shokirov faxriy mehmon sifatida taklif etildi.
Tadbirni bilim yurti ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari A.G‘aniyev kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida Shayx Yusufxon to‘ra Shokirovning ilm-ma’rifat rivojidagi o‘rni va diniy sohadagi fidokorona xizmatlarini alohida ta’kidladi.
Muhammad Akmalxon Shokirov o‘z nutqida otalari — Shayx Yusufxon to‘ra Shokirovning hayot yo‘llari, ilmga bo‘lgan muhabbati va ibratli faoliyatlari haqida qimmatli xotiralar bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, tolibi ilmlar uchun ilm olishning fazilati, odob-axloq va mas’uliyat masalalarida muhim maslahatlar berdilar.




Muhammad Akmalxon domlaning nutqidan so‘ng bilim yurti katta o‘qituvchisi J.Xolmo‘minov so‘zga chiqib, Shayx Yusufxon to‘ra Shokirovning ilm yo‘lidagi mashaqqatli faoliyati, shuningdek, u zotning shogirdlari tomonidan bildirilgan e’tiroflar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

Tadbir yakunida Qur’oni karim tilovat qilinib, yurtimizda ilm yo‘lida umrlarini bag‘ishlab o‘tgan allomalar haqqiga, shuningdek, Vatanimizda tinchlik va osoyishtalik bardavom bo‘lishini so‘rab duo-xayrlar qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan 852 nafar jazo o‘tayotgan shaxsni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Afv etilganlar orasida 7 nafar xorij fuqarosi, 375 nafar yoshlar, 49 nafar ayol va 60 yoshdan oshgan 37 nafar erkak bor, xabar bermoqda Batafsil.uz.
Afv etilgan 852 nafar shaxsdan 604 nafari jazoni to‘liq o‘tashdan ozod qilinadi. Yana 115 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etiladi.
52 nafar mahkumga tayinlangan jazo yengilroq jazo turiga almashtiriladi. 81 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddati esa qisqartiriladi.
Afv etilganlar orasida taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan 63 nafar shaxs ham bor.
Prezident farmonida afv etishga asos sifatida mahkumlarning qilmishiga pushaymonligi va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgani ko‘rsatilgan.
"O‘zbekiston 24" telekanali ma’lumotiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev 2017 yildan buyon 31 ta afv etish to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan. Ushbu hujjatlar jami 10 567 nafar jazo o‘tayotgan shaxsni qamrab olgan.
Xususan, Prezident Navro‘z va Ramazon hayiti arafasida ham 392 nafar mahkumni afv etgandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati