Bismillahir rohmanir rohim
Alhamdulillahi robbil a'lamin. Allohumma solli ala sayyidina Muhammad va a'la a'lihi va as'habihi ajma'iyn.
Fatvo savolga javob berish ma'nosini anglatadi. Istilohda esa, kishi savoliga shar'iy dalil asosida javob berish ma'nosida ishlatiladi. Fatvo berishning o'ziga xos shartlari mavjud. Mo''tabar manbalarda qayd etilishicha, arab tili, Qur'on va hadis ilmlari, fiqh va Islom tarixini chuqur va mukammal biladigan va yana boshqa zarur sifatlarga ega bo'lgan shaxslargina fatvo berish huquqiga ega. Imom Shotibiy fatvo berish mas'uliyati haqida to'xtalib, quyidagilarni ta'kidlaydi:“Muftiy – hukmlarni etkazishda Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) o'rinbosar va U zotning merosxo'ri hisoblanadi. Shu bois u – Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) nomlaridan gapiradi”. Qolaversa Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Imom Dorimiy rivoyat qilgan hadisda bu borada ogoh va e'tiborli bo'lishga chaqirib: “Fatvoga jur'atli bo'lganlaringiz do'zaxga jur'atli bo'lganingizdir”,
deganlar. Ya'ni, voqe'likni to'liq o'rganmay, etarli bilim va tajriba orttirmay turib, qo'rqmasdan, jur'at bilan fatvo berishdan qaytarganlar. Buni chuqur anglab etgan musulmonlarning dastlabki avlodlari o'zlaridan ilmli shaxs bo'lgan joyda sukut saqlashgan. Imom Navaviy (rahmatullohi alayh) o'zlarining “al-Majmu'” nomli kitobida Abdurahmon ibn Abi Laylodan quyidagilarni rivoyat qiladi: “Rasululloh ning (sollallohu alayhi va sallam) 120 sahobalaridan savol so'ralganda, “anavidan so'rang”, deb boshqalariga ishora qilishar va oxiri aylanib birinchi kishiga savol qayta berilganini ko'rdim”. Shayx Ramazon Butiy aytadi: “Hukm chiqarish ilmi tibbiyot ilmi kabidir. Mabodo birovning farzandi og'ir kasalga chalinib qolsa, u tegishli tashxis qo'yish va farzandini davolash uchun tibbiyotga oid kitoblarni titadimi yoki malakali shifokorning oldiga boradimi? To'g'risini aytganda, uning esi joyida bo'lsa, keyingi yo'lni tutadi. Dinda ham xuddi shunday. Aslida u tibbiyotdan ham muhimroq, shuningdek, qamrovi jihatidan xavfliroqdir”.
Hulosa o'rnida aytish joizki, kishi o'zi bilmagan masala haqida so'ralganda unga ilmsiz holatda javob berishi halol bo'lmaydi. Agar o'sha holatda ham javob berishdan o'zini tiymay fatvo berishga jur'at qilsa, unday inson go'yo jahannamga oshiqayotgan kishi bo'ladi. Alloh taolo bizlarni johilona ilmsiz holatda fatvo berishdan asrasin.
JAMOLIDDINOV SALIMHON
Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati