Shu yilning 20 yanvar kuni Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, tuman hokimi Sh.Rahmonov, shahar va tuman imom-xatiblari, "Haj – 2025" ziyoratchilari hamda mahalla faollari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar olinib, bemorlar ziyorat qilindi, ma’naviy qo‘llab-quvvatlash va duolar yetkazildi. Shuningdek, ayrim fuqarolar bilan tarbiyaviy suhbatlar o‘tkazildi.
Yig‘ilish yakunida masjidlarda ma’naviy-ma’rifiy ma’ruzalar qilindi, yurt tinchligi va xalq farovonligi yo‘lida duolar qilindi. Tuman hokimi amalga oshirilayotgan ezgu ishlarga yuksak baho berdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyat vakilligi
Matbuot xizmati
Mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan Turizm qo‘mitasi hamda MARA Texnologiya universiteti (UiTM) bilan hamkorlikda O‘zbekistonning turistik salohiyati va boy madaniy merosiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston-Malayziya: kreativ va ziyorat turizmi” nomli tadbirda Malayziya Turizm, san’at va madaniyat vaziri Tiong King Sing, Islom turizm markazi bosh direktori Mohammad Faisal, mahalliy siyosiy va ishbilarmon doiralar, vazirlik va idoralar, madaniyat hamda turizm sohasi vakillari, diplomatik korpus hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Anjuman so‘nggi yillarda O‘zbekiston hududlarida barpo etilgan yangi ziyorat turizmi maskanlari hamda UiTMning San’at, dizayn va media fakulteti suratkash va dizaynerlaridan iborat ijodiy jamoasining shu yil 17–31 avgust kunlari Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlariga amalga oshirgan tashrifi yakunlariga bag‘ishlandi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev so‘zga chiqib, mamlakatimizda turizm va madaniyat sohalarida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, yangi sayyohlik yo‘nalishlari hamda investitsiyaviy imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berdi. U malayziyalik turoperator va investorlarni O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga chaqirdi.
O‘z navbatida, Malayziya Islom turizm markazi bosh direktori Mohammad Faisal ikki mamlakat o‘rtasida ziyorat turizmi, madaniyat, oliy ta’lim va kreativ iqtisodiyot sohalaridagi aloqalarning kengayishi o‘zaro sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. U O‘zbekistonning madaniy, ziyorat va qishki turizm yo‘nalishlari Malayziyada tobora ommalashib borayotganini alohida qayd etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati