O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan olib borayotgan ochiq va samimiy muloqotlari fuqarolarni qiziqtirgan ko‘plab masalalarni hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qabullar davomida har bir murojaat diqqat bilan tinglanib, o‘z vaqtida yechim topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 21 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida diniy savollar, imom-xatiblar faoliyati, masjidlar holati hamda moddiy yordam masalalari ko‘rib chiqildi.
Murojaat qilganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yuzasidan tavsiyalar hamda belgilangan tartibda moddiy ko‘mak ko‘rsatildi.
Ma’lumki, bunday qabullar O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududiy vakilliklari va barcha jome masjidlarida haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yurtimizning turli hududlarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari keng ko‘lamda davom etmoqda. Mazkur bosh g‘oya asosida masjidlar va qabristonlarda ham hasharlar tashkil etilib, hududlar tartibga keltirilmoqda.
Xususan, masjidlar atrofi, qabristonlar va ularga tutash hududlarda tozalash, obodonlashtirish, daraxtlarni parvarishlash hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bunday xayrli ishlar yurtimiz obodligiga hissa qo‘shish, muqaddas maskanlar va ajdodlar xotirasini e’zozlash, jamiyatda o‘zaro hamjihatlik va birdamlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yagona Vatan — yagona xalq!
Yangi hayot va yangi kelajak sari birgalikda!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyati vakilligi Matbuot xizmati