O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan olib borayotgan ochiq va samimiy muloqotlari fuqarolarni qiziqtirgan ko‘plab masalalarni hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qabullar davomida har bir murojaat diqqat bilan tinglanib, o‘z vaqtida yechim topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 21 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida diniy savollar, imom-xatiblar faoliyati, masjidlar holati hamda moddiy yordam masalalari ko‘rib chiqildi.
Murojaat qilganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yuzasidan tavsiyalar hamda belgilangan tartibda moddiy ko‘mak ko‘rsatildi.
Ma’lumki, bunday qabullar O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududiy vakilliklari va barcha jome masjidlarida haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Kuvaytning “Al Jarida” gazetasida jurnalist Rabih Kallasning O‘zbekistonga sayohati davomida olgan taassurotlari asosida tayyorlangan maqolalari e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
“Toshkent – Markaziy Osiyoning durdonasi va kuvaytliklar uchun munosib sayyohlik manzili” hamda “Samarqand – asrlar osha dunyoni hayratga solayotgan shahar” sarlavhali materiallarda o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, shahardagi xavfsizlik va tozalik, zamonaviy infratuzilma hamda Ipak yo‘lining boy merosi haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Muallifning ta’kidlashicha, O‘zbekiston poytaxti xavfsizlik, mehmondo‘stlik va islomiy merosni uyg‘unlashtirgan shahar hisoblanadi. Toshkentning keng va toza ko‘chalari, tinch-totuv muhiti sayyohlarda katta taassurot qoldiradi. Toshkent metrosining betakror me’morchiligi, yangi barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqa madaniy yuksalishida muhim o‘ringa ega.
Maqolalarda 2700 yildan ortiq tarixga ega Samarqand shahrining Buyuk Ipak yo‘li chorrahasidagi strategik ahamiyati haqida so‘z yuritilgan. Amir Temur va Temuriylar davrida gullab-yashnagan ushbu shaharning Registon maydoni, Shohi Zinda majmuasi, Go‘ri Amir maqbarasi va Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi kabi me’moriy durdonalari Sharq sivilizatsiyasining yuksak namunasi sifatida tavsiflanadi.
Jurnalist O‘zbekistonga sayohat Fors ko‘rfazi davlatlaridan, xususan, Kuvaytdan keluvchi oilaviy turistlar uchun eng qulay va jozibador yo‘nalish ekanini ta’kidlagan. Mamlakatdagi betakror milliy oshxonalar, halol taomlar, zamonaviy “Afrosiyob” tezyurar poyezdlari qatnovi sayohatni yanada mazmunli qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati