Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hayotdan olgan darslarim:
Hayotda men bilan faqat Allohning O‘zi bor;
Qoqilsam — Alloh meni suyaydi;
Bemor bo‘lsam — Alloh shifo beradi;
Muhtoj bo‘lsam — Alloh hojatimni chiqaradi;
Gunoh qilsam — Alloh mag‘firat qiladi.
Shuning uchun qo‘rqmayman, xavotirga tushmayman, g‘am chekmayman — chunki Robbim Alloh bor.
Meni larzaga solgan ibora:
Bomdod namozi xuddi urushdek — unda faqat mardlargina bo‘ladi.
Agar siz bomdod namozini vaqtida o‘qimaydiganlardan bo‘lsangiz, to‘xtang, hayotingizni qayta ko‘rib chiqing va tezda isloh qiling.
Chunki Alloh bomdodga faqat O‘ziga yaqin va xos bo‘lgan bandalarini uyg‘otadi.
Agar sizning birinchi qaroringiz — bomdod namoziga vaqtida turish bo‘lmasa, kunning qolgan rejalarining qiymati yo‘q.
Chunki siz muvaffaqiyatning boshlanishini yo‘qotdingiz.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Ey Abdulloh, falonchi kabi bo‘lma, u tunlari ibodat qilar edi, keyin tark qildi”.
Solih zotlardan biri aytadi: “Agar tungi ibodat bo‘lmaganida, bu dunyoda qolishni istamagan bo‘lar edim”.
Bomdod_namozi — muammolar yechimining kaliti, mo‘jizalar darvozasi, imkonsizlikning davosidir.
Allohdan so‘raydigan ehtiyojingiz bormi?
Tunning oxirgi uchdan birida turing, tungi namozni o‘qing, sajda qilib, ehtiyojingizni so‘rang, so‘ng qarang — qanday qilib ato etilishini.
Yo Robbim…
Bandalaring orasida xavotiri uyqusini qochirgan, g‘am-qayg‘ulari charchatgan, tashvishlari yelkalarini ezganlari bor.
Ular Sening yordamingni kutmoqda, karamingdan umid qilmoqda, mehringa mushtoq bo‘lmoqda. Robbim, ularni keng rahmatingdan, ulkan fazlingdan va mag‘firatingdan mahrum etma.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
Joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida «Vaqf» xayriya jamoat fondi hamda Turkiya Diyonat vaqfi mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya formatida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki muassasa o‘rtasida imzolangan memorandum va uning asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasidagi vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda uning amaliy mexanizmlarini belgilab olish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Muloqot davomida vazifalarning joriy holati tahlil qilinib, istiqbolda amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslar va ijtimoiy loyihalar borasida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Xususan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar, yoshlar bilan ishlash va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish, xorijiy xayriya xizmatlarini tashkil etish hamda zakot va xayriya munosabatlarini yanada rivojlantirish kabi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur muloqot ikki qardosh davlat vaqf fondlari o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy va saxovat yo‘nalishidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati