Imom G‘azzoliy shunday dedi:
«Bola ota-onasining qo‘lida omonatdir. Uning qalbi har qanday naqsh va bezakdan xoli, nafis va beg‘ubor gavharga o‘xshaydi. U har qanday naqshni qabul qila oladi va barcha ko‘ngil intiladigan narsaga moyil bo‘ladi. Agarda u yaxshilikka odatlantirilsa va o‘rgatilsa shunga qarab voyaga yetadi. Ota-onasini ham o‘z savobiga sherik qiladi. Bordiyu yomonlikka odatlantirilsa va qarovsiz tashlab qo‘yilsa badbaxtga aylanadi va halok bo‘ladi. Uning gunohi esa unga mas’ul bo‘lganlar va valiylari bo‘yniga tushadi».
Muhammad Ali Muhammad Yusuf
tarjimasi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni uy va hovlilarni ozoda tutishga, chiqindi va axlatlarni to‘plab qo‘ymaslikka chaqirganlar. U zot alayhissalom bunday deganlar: “Albatta, Alloh xushholdir, xushhollikni suyadir. Ozodadir, ozodalikni suyadir. Karamlidir, karamni suyadir. Saxiydir, saxiylikni suyadir. Shunday ekan, hovlilaringizni ozoda tuting! Yahudiylarga o‘xshamang!” (Imom Termiziy rivoyati).
Uyda axlat to‘plab qo‘yish nafaqat diniy, balki tibbiy va psixologik jihatdan ham katta zararlarga ega. Chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib tashlamaslik uy muhiti va inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi.
To‘plangan axlat suvaraklar, pashshalar, sichqon va kalamushlarni o‘ziga tortadi. Ular vabo, tif va dizenteriya kabi xavfli infeksiyalarni tashiydi.
Oziq-ovqat qoldiqlari tez chiriydi. Natijada havoda ko‘zga ko‘rinmas zamburug‘ sporalari ko‘payib, allergiya va astmani qo‘zg‘atadi.
Chirish jarayonida ammiak va vodorod sulfid kabi gazlar ajraladi. Bu gazlar bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va nafas qisishiga sabab bo‘ladi.
Betartib va axlat to‘la uyda yashash inson miyasini toliqtiradi. Bu doimiy stress, asabiylik va surunkali charchoqni keltirib chiqaradi.
Ifloslangan havo va tartibsizlik odamning ish qobiliyatini pasaytiradi. Diqqatni bir joyga jamlash qiyinlashadi.
Davron NURMUHAMMAD