Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2026   |   27 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:30
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
21:02
Bismillah
10 Avgust, 2026, 27 Safar, 1448
Yangiliklar

Farzandni urib tarbiyalash to‘g‘rimi?

22.01.2026   10066   1 min.
Farzandni urib tarbiyalash to‘g‘rimi?

Savol: Allohga shukr, bir emas ikki kelinim bor. Ularga qo‘limdan kelgancha, bilganlarimni o‘rgatyapman. Xuddi ona-boladek bo‘lishga harakat qilyapman. Lekin shu kichik kelinimning bir ishidan ko‘nglim ranjidi. Nabiralarimni ko‘p uradi. Qancha nasihat qildim, hatto qattiq gapirib ham ko‘rdim, hech foydasi bo‘lmadi. Baribir o‘z bilganidan qolmaydi. Sababini so‘rasam, tushuntirib berolmaydi. Kelinimning qilayotgan ishi to‘g‘rimi? 
 

Javob:


Bismillahir Rohmanir Rohim.

Bolani urish bu, tarbiya berishda mahoratsizlik belgisi hisoblanadi. Chunki haqiqiy solih insonlar bolalarini shirin so‘zlar bilan tarbiyalaydi. Farzand  noto‘g‘ri ish qilganida tanbeh berish,  urish-so‘kish tarbiyadagi noto‘g‘ri uslubdir.

Inson zoti doimo mehr-muhabbatga ehtiyojli bo‘ladi. Ayniqsa, bolalar bu narsaga juda ham muhtojlar. Aslida, mehr-muhabbat dini bo‘lmish Islom, shuning uchun ham bolalarga mehr-muhabbat ko‘rsatishni ota onalarga vazifa etib yuklagan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z huzurlarida Aqra’ ibn Hobis Taymiy o‘tirganda Hasan ibn Alini o‘pdilar. Shunda Aqra’: «Mening o‘nta bolam bor. Ulardan birortasini o‘pganim yo‘q», – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga nazar soldilar-da, so‘ng: «Rahm qilmaganga rahm qilinmas», – dedilar» (Buxoriy, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar).

Shunday ekan biz ham Alloh taolo bizga ato qilgan farzand deb atalmish ne’matning qadriga yetishimiz, farzandimizning odobini go‘zal qilishimiz, kelajakda uni o‘zi uchun hamda yashab turgan jamiyatiga foyda keltiruvchi qilib tarbiyalashimiz lozim. Vallohu a’lam. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ota-onani hurmatlash odoblari

08.08.2026   7994   1 min.
Ota-onani hurmatlash odoblari

Ota-onaning roziligini olishga intilish fazilati barcha fazilatlarning negizi, borliqdagi har qanday haq-huquqlarning kelib chiqadigan asosidir.

Ota-onalar, bola tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan tarbiyachilar farzandlarga quyidagi odatlarni singdirishlari maqsadga muvofiq: 
 

Gunohga sabab bo‘lmasa, otaonaning buyurganlarini albatta bajarish; ota-onaga muloyim so‘zlash; uyga kirganlarida, hurmatlari uchun o‘rnidan turish; har tong salom berish, uyqudan oldin xayrli tun tilash; mol-mulklarini saqlash; so‘ragan narsalarini berish; ulardan maslahat so‘rash; ota-ona haqiga duo va istig‘for aytish; ular mehmon kutishsa, yonlarida muntazir bo‘lib turish; ularning aytishlarini kutmay, ularni xursand qiladigan ishlarni bajarish; ularning huzurlarida ovozni baland ko‘tarmaslik; gaplarini bo‘lmaslik; izn berishmagan joyga bormaslik; uxlayotganlarida bezovta qilmaslik; ahli ayoli, farzandlarini ulardan ustun qo‘ymaslik; ota-ona xatoga yo‘l qo‘ysalar, bilmaslikka olish, darhol kechirib, unutish; kulgili gap bo‘lsa ham, ularning huzurlarida o‘zini tutish; ular yaxshi ko‘radigan taomni ilinish; ulardan oldin taomga qo‘l cho‘zmaslik; ularning oldilarida cho‘zilib yotmaslik, oyoq uzatmaslik; uyga ulardan oldin kirmaslik, oldilariga tushib yurmaslik; chaqirganlarida tezlik bilan javob berish; ularning hayotliklarida ham, vafot etganlaridan keyin ham do‘stlarini hurmat qilish; ota-onasining hurmatini qilmaydiganlar bilan do‘stlashmaslik; ularning haqlariga duo qilish; vafotlaridan keyin Allohning quyidagi kalomini ko‘p aytish: «Ey, Rabbim! Meni ular go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!» (Isro surasi, 24-oyat).

Ibrohimjon INOMOV tayyorladi.

“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 10-sonidan

http://hidoyatuz.taplink.ws