O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Ulamolar kengashi a’zosi, Andijon viloyati bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimovning katta buvici (momosi) Marhaboxon hoji onaning vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, Ulamolar kengashi a’zolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhuma onaxonning yaqinlariga xususan, Mirzamaqsud domla Alimovga hamdardlik bildiradi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ota jannatning o‘rta eshigidir. Xohla, bu eshikni saqla, xohla zoye qil”, degan ekanlar. Shuni izohlab bersangiz. O‘rta eshik deganda nima tushuniladi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Ha, haqiqatan ham shunday hadis bor, uni imom Termiziy rahimahulloh Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilgan.
Abu Dardo roziyallohu anhu aytadilar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Ota jannat eshiklarining o‘rtasidir. Xohlasang, o‘sha eshikni muhofaza qil yoki zoye qil”, deganlarini eshitganman”.
Muhaddis ulamolar mazkur hadisni sharhlab, mazmunini tushuntirib berganlar. “O‘rta” deb tarjima qilingan so‘z hadisda “avsat” deb kelgan. Avsat so‘zining bir emas, bir necha ma’nolari bor. O‘rta degan ma’nodan tashqari eng yaxshi, eng to‘g‘ri, mo‘tadil degan ma’nolarda ham keladi.
Boshqa ulamolar bunday deyishgan: “Albatta, jannatning bir necha eshiklari bor va ularning ichida kirish uchun eng go‘zali o‘rtadagisidir. O‘sha o‘rta eshikdan kirishga sabab bo‘ladigan amal esa ota-onaning haqlarini ado etishdir”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi