Munosabat
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Yoshlarga nasihatim” kitobida (24579 ta so‘z qo‘llanilgan) ilk nozil bo‘lgan Alaq surasida “Iqro (o‘qing)” so‘zi ikki marta takrorlanishi keltirilgan.
Birinchi “o‘qing” so‘zidan keyin insonni juda haqir va arzimas laxta qon holati zikr qilindi. Ikkinchisidan keyin esa insonning qadrli va sharafli, ilm-ma’rifatli holati bayon qilindi. Shunga ko‘ra, kim dunyoda o‘qib-o‘rgansa, qadr-qiymatga ega bo‘ladi. Aks holda, o‘sha holicha – qadr-qiymatsiz qolib ketadi.
Mazkur kitob bizni mutolaa to‘g‘risida yozishga undadi.
Angliyada birinchi sinfdan to universitetning so‘nggi bosqichigacha bo‘lgan davrda o‘quvchi va talabalarning darsliklarida 71 mingdan ortiq so‘z qo‘llanilar ekan. Bu ko‘rsatkich Yaponiyada 42 ming, Italiyada 30 mingdan, Turkiyada esa 7–10 ming orasida ekan. Xo‘sh, o‘zimizda-chi? Bu borada mutaxassislarga murojaat qilganimizda har xil raqamlar aytildi: 5–10 ming atrofida...
Odatda, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari “navbatchi so‘zlar”ni ko‘p ishlatadilar: “Yaxshimisiz?”, “keldim-ketdim”, “ko‘rdim”, “o‘qidim”, “javob qaytarolmadim”, “yozdim-chizdim”, “rahmat”, “sog‘ bo‘ling”, “xayr” va hokazo. Xuddi shu so‘zlarni universitetning talabalari ham qo‘llaydilar.
Bu nimadan darak? Bu so‘z boyligimiz kamligidan, kitob o‘qimasligimizdan darak. Hatto ko‘rgan-kechirganlarimiz voqea-hodisalarni ham eplab aytib bera olmaymiz. Nega? Chunki mutolaadan yiroqlashib ketdik.
9-sinfda o‘qiydigan o‘g‘limning telegramida “Sinfdoshlar guruhi” bor. Yaqinda o‘g‘limga: «Guruhingga: “Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romanini kim to‘liq o‘qib chiqqan?” deb yoz-chi», dedim. Oradan ikki kun o‘tgach, o‘g‘lim telefonini ko‘rsatdi. Mazkur romanni 20 nafar o‘quvchidan bor-yo‘g‘i 3 kishi to‘liq o‘qigan, yana 3 nafari esa “O‘tgan kunlar”ni qo‘liga olgan-u, biroq tili og‘irlik qilgani bois tashlab qo‘yganini yozibdi. Ayrimlar esa Abdulla Qodiriy kimu uning romani nima haqidaligini ham bilmas ekan.
Xo‘sh, nega biz ajdodlarimizning kitoblarini o‘qimay qo‘ydik?
Nima uchun oila boshliqlari – ota-onalar, bobo-buvilar oila davrasida farzandi, nabiralariga ajdodlarimizning durdona asarlaridan parchalar aytib berishmayapti?
Nega bolalarimizga: “Falon kitobni to‘liq o‘qib chiqib, mazmun-mohiyatini aytib bersang, seni mukofotlaymiz”, deb ularni mutolaaga qiziqtirmaymiz?
Nega jadidchi-ma’rifatparvar bobolarimiz yozgan kitoblarni bugun faqat mutaxassislargina o‘qib tushunyapti?
Nima uchun bugun Alisher Navoiyning asarlarini o‘qisak, uyqumiz keladi?
Shu savollarni ziyoli tengqurlarimga berib ko‘rdim. Ular: “Ajdodlarimiz asarlarining tili og‘ir. Shu bois ko‘pchilik ularni tushunishga qiynaladi”; “Bugun axborot asri. Turli gadjetlar ommalashib ketdi. Yoshlar shular bilan andarmon bo‘lib qoldi”; “Oila davrasida kitob o‘qilmay qo‘ydi. Qush uyasida ko‘rganini qiladi-da”; “Ota-onaning qo‘lidan telefon tushmagandan keyin farzanddan nimani ham kutish mumkin?” kabi javoblar bo‘ldi.
Tijorat yoki boshqa ish bilan shug‘ullanadigan tanishlarimning javoblarini eshitib, ochig‘i afsuslandim. Ularning ayrimlari: “Kitob nima ham berardi?” degan xunuk javobni aytishdi.
Shu o‘rinda O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripovning kunchiqar yurt – Yaponiyadan qaytgach, safar taassurotlari haqida aytgan gapi esimga tushdi: “Yaponiyada hatto tilanchilarning ham qo‘llaridan kitob, gazeta tushmas ekan”.
Bir tanishim aytgan edi, u 2016 yil Angliyada dengiz bo‘ylab sayohat qilish asnosida kema boshqaruvchisi bilan tanishib qolibdi. Undan:
– Shekspirni o‘qiysizlarmi? – deb so‘rabdi (bilasiz, Uilyam Shekspir 1616 yili vafot etgan, ya’ni 400 yil oldin). Kema boshqaruvchisi tanishimga jiddiy qarab:
– Bizda Shekspir asarlarini o‘qimagan kishi ziyoli hisoblanmaydi, – deb javob beribdi. Shunda tanishim unga:
– Siz suhbat asnosida oilangiz haqida ham gapira turib, qizingiz universitetga tayyorlanayotganini aytdingiz. U ham Shekspir asarlarini o‘qiydimi? – deb so‘rabdi.
Kema boshqaruvchisi:
– Qizim Shekspirni tushunishi uchun maxsus o‘qituvchi ham yollaganman, – debdi...
E’tibor bering-a, angliyalik bir kishi 4 asr oldin vafot etgan bir adib asarlarini farzandlariga o‘rgatyapti. Bizda-chi: qaysi birimiz bolalarimizga har kuni Alisher Navoiy asarlaridan, oz-oz bo‘lsa-da, o‘qityapmiz. Qay bir o‘zbek xonadonida serial ko‘rilmay, uning o‘rniga Ahmad Yassaviy, Boborahim Mashrab, Zahiriddin Muhammad Bobur, So‘fi Olloyor asarlari mutolaa qilinyapti? Telefon, gadjetlarni bir chetga surib, Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy, Abdulhamid Cho‘lpon, Mahmudxo‘ja Behbudiy kabi ma’rifatparvar bobolarimizning kitoblarini qo‘ldan qo‘ymay o‘qiyotgan mutolaa shaydolari bormi?
Bir ingliz o‘z farzandiga 20 ming so‘z ishlatgan Uilyam Shekspir kitoblarini alohida o‘qituvchi yollab o‘rgatar ekan, takrorsiz 75 ming so‘z qo‘llagan Navoiyning, 22 ming kalima ishlatgan Oybekning, 22 ming so‘zdan istifoda qilgan Abdulla Qahhor kitoblarini o‘rganishga, o‘rgatishga e’tiborsizligimizni qanday baholash mumkin?!
Besh yuz yil oldin yashagan Navoiy hazratni qo‘ya turaylik, 20 yil oldin omonatini topshirgan Shukur Xolmirzayevni bugun o‘qiyotganlar bormi? 10 yil oldin boqiy dunyoga rihlat qilgan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning kitoblarini-chi?!
Xo‘sh, biz-chi? Kecha necha bet kitob o‘qidik, bugun qancha o‘qiymiz?
Kitob o‘qimagan odam ma’naviy jihatdan qashshoqlashib boraveradi. Oxiri u yuqorida keltirilganidek (Alloh asrasin!): “Kitob nima ham berardi?” degan gapni aytishdan ham tap tortmaydi.
Farzandlarimizni kitobga qanday oshno qilishimiz mumkin? Bu jarayonda, avvalo, oilaviy muhit muhim ahamiyatga ega. Ya’ni ota-onaning, do‘stlarning, ustozu murabbiylarning yoshlarni kitobga mehrli qilishda turli targ‘ibot usullarini qo‘llashlari kerak. Ba’zan bir og‘iz shirin so‘z ham insonning kelajagiga poydevor bo‘lishi mumkin.
Bugun farzandlarimizga Imom Qatoda rahimahullohning bir tuya kitobni yod olganini, Imom Sha’biyning: “Oq narsaga yozilgan har bir narsani yod oldim”, degan so‘zini, Ashraf Ali Tahonaviyning qisqa umri davomida bir yarim mingta kitob yozganini, Ibn Rushd umri davomida ikki kecha: uylangan va otasi vafot etgan kecha kitob o‘qiy olmagani uchun afsuslanganini bot-bot eslatib turishimiz zarur. Shunda ular kitobga oshno bo‘ladilar.
Hasan Basriy rahmatullohi alayh tushida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni ko‘radi va u zotdan: “Yo Rasululloh, menga nasihat qiling”, deydi. Nabiy alayhissalom: “Kimning ikki kuni bir xil o‘tsa, u zarardadir. Kimning ertasi bugunidan yomon bo‘lsa, u la’natlangandir. Kim o‘z kamchiliklarini tuzatib bormasa, u tanazzulga uchraydi. Kim tanazzulga uchrasa, uning uchun o‘lim yaxshiroqdir”, dedilar (“Hilyatul avliyo”).
Xulosa qilib aytsak, ildizidan uzilgan daraxtning qurishi muqarrar bo‘lgani singari kitob mutolaasidan uzoqlashgan, Qodiriy, Avloniy, Behbudiylarni, So‘fi Olloyor, Alisher Navoiy, Ahmad Yassaviy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy asarlarini o‘qimagan, hadislarni bilmagan, Qur’oni karim suralarini yod olmagan kishining ham tanazzulga yuz tutishi turgan gap. Shunday ekan, ko‘p kitob o‘qishga o‘rganaylik, farzandlarimizga ham o‘rgataylik.
Tolibjon NIZOM
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi