Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida Namangan viloyatidan kelib tahsil olayotgan talabalar uchun “Masofalarni yaqin qiluvchi muloqot” shiori ostida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbir O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyati vakilligi tashabbusi bilan tashkil etildi.Namangan viloyati bosh imom-xatibining birinchi o‘rinbosari Obidxon domla Ikromov 30 nafar talaba bilan yuzma-yuz suhbatlashib, odob-axloq, ustozga hurmat va ilm yo‘lida oliy himmatli bo‘lish haqida ma’naviy-hayotiy nasihatlar berdi.
Tadbir yakunida 30 nafar talabaga esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, eng faol 4 nafar talabaga to‘lov-shartnomalarini qoplash uchun 10 million so‘mdan maxsus sertifikatlar taqdim etildi.
***
22-yanvar kuni «Ko‘kaldosh» o‘rta maxsus islom bilim yurtida Namangan viloyatidan kelib tahsil olayotgan talabalar uchun «Masofalarni yaqin qiluvchi muloqot» shiori ostida davra suhbati o‘tkazildi.
O‘MI Namangan viloyati bosh imom-xatibining o‘rinbosari Akmalxon domla Ahmedov 12 nafar talaba bilan ochiq muloqot o‘tkazib, ilm olishda to‘g‘ri niyat, islomiy odob-axloq va ustozlarga hurmat masalalariga e’tibor qaratdi.
Tadbir yakunida talabalarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bu kabi uchrashuvlar yoshlar uchun moddiy-ma’naviy madad va yurt ravnaqi yo‘lida xizmat qilishga katta rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati